Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farg‘onada o‘qituvchilar ko‘cha tozalashga olib chiqildi

Farg‘onada o‘qituvchilar ko‘cha tozalashga olib chiqildi

Foto: «Xabar.uz»

Xorazm, Farg‘ona, Namangan, Jizzax viloyatlarida majburiy mehnatga jalb qilish, mehnat huquqi va mehnat sharoitlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni buzganlik holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Jumladan, Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini majburan paxta terimiga jalb etgani uchun boshqarma boshlig‘i, shuningdek, Xiva shahar Xalq ta’limi bo‘limi mudirasi tomonidan «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga a’zolik badali yig‘ib olish to‘g‘risida buyruq chiqarilib, badal puli maktab pedagog xodimlaridan talab etilgani sabab, bo‘lim mudirasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga binoan eng kam ish haqining 30 barobari – 6.690.000 so‘mdan jarima tayinlangan.

Xuddi shu jarima qiymati Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani 22-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchilarini ularning roziligisiz majburan maktabdan tashqari hududlarni obodonlashtirish ishlariga jalb etgani uchun maktab direktori, Namangan viloyati Yer-mulk davlat kadastri To‘raqo‘rg‘on filiali xodimlarini majburan paxta terimiga jalb qilgan Yer-mulk kadastri To‘raqo‘rg‘on filiali rahbari hamda Jizzax viloyati Paxtakor tumani Pensiya jamg‘armasi xodimlarini paxta terimi ishlariga majburan jalb etgani uchun jamg‘arma rahbariga nisbatan ham qo‘llanilgan.

Shuningdek, paxta terimi paytida terimchilarga yetarli shart-sharoitlar yaratilmagani, terim pullari o‘z vaqtida berilmagani va xodimlarni majburiy tarzda paxta terishga jalb etgani uchun Jizzax viloyatidagi qator mutasaddilar javobgarlikka tortildi.

Jumladan, terimchilar uchun yetarli shart-sharoit yaratmagan va terim pullarini o‘z vaqtida bermagan Sh.Rashidov tumani AT «Xalq banki» boshqaruvchisi, Mirzacho‘l tumani «Qahramon Rasul Ota» fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan O‘zR MJtKning 49-moddasi 1-qismi bilan eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida jarima tayinlash uchun ma’muriy bayonnomalar taqdim etildi.

Xodimlarni majburiy ravishda terimga jalb etgani uchun esa Jizzax shahar Obodonlashtirish boshqarmasi rahbari, Paxtakor tumani Moliya bo‘limi boshlig‘i, Paxtakor tumani AT «Xalq banki» filiali boshqaruvchisi, Arnasoy tumanidagi Obodonlashtirish boshqarmasi, Suvoqava DUK va Tibbiyot birlashmasi rahbarlari MJtKning 51-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi.

«Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatning har qanday shakli qonunga xilofdir! Agar Sizni paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlashsa yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining ishonch tarmoqlariga (1176 qisqa raqamlari, dmi.mehnat.uz sayti va mehnathuquqbot telegram boti) murojaat qiling!», deyiladi vazirlik xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring