Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘ona shiforkorlaridan aks-sado: aybdor jazosiz qolaveradimi?

Farg‘ona shiforkorlaridan aks-sado: aybdor jazosiz qolaveradimi?

Foto:«Xabar.uz»

Shu yil 5-fevral kuni «Xabar.uz» internet nashrida «Quvada «tez yordam» mashinasi oynasi sindirildi, haydovchi hushdan ketkazildi, shifokorini esa...» sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati mazkur voqea va maqola yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. 

Maqolada tahririyat ijodkorlari 2019-yilning 29-noyabr kuni Quva tumanida tibbiyot xodimlariga qilingan taxdid haqida hikoya qilib, bunday qing‘ir ishga qo‘l urgan shaxs haligacha na ma’muriy, na jinoiy javobgarlikka tortilmagani xususida so‘z yuritadi.

Haqiqatan ham, 2019-yil 29-noyabr kuni soat 13:05 lar chamasi Quva tumani Turk MFY Ziyoratgoh ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro M.O. Begat qishlog‘ida joylashgan 81-qishloq oilaviy poliklinikasiga kelib, uyda xotinining sog‘ligi yomonlashib qolgani haqida xabar beradi va shifokorlardan yordam so‘raydi.

Uning iltimosidan so‘ng feldsher ayol haydovchi bilan birga «Damas» sanitar tez tibbiy yordam mashinasiga o‘tirib, uning uyiga yetib boradi. Ammo ular yetib kelganida uyning darvozasi qulf edi.

Fuqaro M.O. esa uyiga faqat feldsher ayolning o‘zini boshlab kirmoqchi bo‘ladi. Haydovchiga esa uyga kirmaslikni buyuradi.

Haydovchi fuqaro yolg‘on gapirayotgani, aslida xotini kasal emasligi, uyda hech kim yo‘qligi va uning niyati buzuqligini sezib, feldsherni himoya qilishga harakat qiladi. 

 Lekin fuqaro M.O haydovchini urib, unga tan jarohati yetkazadi. Boz ustiga, sanitar transportini  tosh bilan urib, oynalarini chil-chil qiladi.

Voqea joyidan arang qochib qutilgan  tez tibbiy yordam xodimlari Quva tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga murojat qilishgan.

Bu yerda xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, feldsher ayolga  astenonevrotik sindrom, depressiv holati tashhisi qo‘yilib, davolash muolajalari o‘tkazilgan.  Haydovchida peshona sohasi shilingan jarohati, chap ko‘z pastki va yuqori qovoq gematomasi paydo bo‘lgani uchun birlamchi jarrohlik operatsiyasi amalga oshirilib,bo‘limda statsionar sharoitda bir necha kun davolangan.

Sanitar avtotransportining esa orqa va oldi oynalari sindirilgan bo‘lib, ta’mirlashga muhtoj holatga kelib qolgan edi.

Shu o‘rinda o‘yga tolasan kishi: o‘z huzur-halovatidan kechib, odamlar dardiga darmon bo‘layotgan shifokorlarni aldash, ularga tazyiq o‘tkazish, yana allambalolar qilishga  urinish bu insofdanmi? Axir u sizga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lib bordiku.

«Xabar.uz»da e’lon qilingan maqolada yozilganidek, oradan uch oydan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bunday noma’qul ishga urgan shaxsga hech qanday jazo belgilanmadi. Bu esa nafaqat viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’muriyatini, balki farg‘onalik barcha tibbiyot xodimlarining ham haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

O‘z o‘rnida Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati og‘riqli va dolzarb mavzuni yoritib, tibbiyot xodimlarining haq-huquqlarini himoya qilishga harakat qilagani uchun «Xabar.uz» ijodkorlariga minnatdorchilik bildiradi.

O‘ylamizki, tegishli huquq-tartibot idoralari bu masalaga yanada jiddiyroq yondoshib, tibbiyot xodimiga tahdid qilgan shaxsga qonuniy jazo belgilaydilar.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring