Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq Afg‘oniston masalasida Markaziy Osiyo bilan yaqindan hamkorlik qilmoqchi

Yevroittifoq Afg‘oniston masalasida Markaziy Osiyo bilan yaqindan hamkorlik qilmoqchi

Vazirlar mashvaratida Afg‘oniston terrorizm makoniga aylanib qolmasligi lozimligi alohida ta’kidlandi.

Foto: «Mfa.tj»

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro manfaatli bo‘lgan turli sohalar, jumladan, Afg‘oniston masalasida ham yaqindan hamkorlik qilmoqchi. Bu haqda Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel 22 noyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» shaklidagi 17-vazirlar uchrashuvida ma’lum qildi.

«Markaziy Osiyo mamlakatlari 30 yil avval mustaqillikka erishganidan buyon sezilarli yutuqlarga erishdi. YeI Markaziy Osiyo yanada barqaror, farovon va bundan-da mustahkam robitalar bilan bog‘langan iqtisodiy va siyosiy makon sifatida taraqqiy etishini istaydi. YeI va Markaziy Osiyo COVID-19 pandemiyasidan keyin tiklanish borasida hamkorlikni yanada faollashtirish borasida qat’iy xayrixohlik izhor etadi. Biz, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha yuzaga kelayotgan ayrim umumiy muammolar yuzasidan hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishni istaymiz. Agar Markaziy Osiyo davlatlari islohotlar hamda demokratiyaga sodiqlik borasida qat’iyat namoyish etsa, YeI mintaqa kelajagiga salmoqli hissa qo‘shishi mumkin», – dedi Yevroittifoqning bosh diplomati Jozep Borrel.

Vazirlar mashvarati yakunida qabul qilingan Qo‘shma kommyunikeda ham turli masalalar qatorida Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan munosabat bildirilgan.

«Ishtirokchilar Afg‘onistondagi hodisalarning mintaqaviy oqibatlari yuzasidan umumiy xavotir izhor etadilar. Ular barcha afg‘onistonliklar, xususan, xotin-qizlar, kam sonli etnik guruhlarning haq-huquqlari va asosiy erkinlariga rioya etilishi va rag‘batlantirilishi hamda inklyuziv va vakillik hukumati tashkil etilishiga chorladilar. YeI Afg‘onistonda ishonchli demokratik siyosiy jarayonlar kechishi muhimligini ta’kidladi», – deyiladi Qo‘shma kommyunikeda.  

«Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» shaklidagi 17-vazirlar uchrashuvi yakunida, shuningdek, Afg‘oniston hududi terrorizm makoniga aylanib qolmasligi lozimligi alohida qayd etilgan. Mashvaratda Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam borasida hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratilgan.

Joriy yil oktyabr oyida YeI Afg‘oniston hamda unga qo‘shni mamlakatlarga favqulodda ko‘mak sifatida 1 milliard yevro ko‘mak mablag‘ini ajratilishini ma’lum qildi.

«Biz Afg‘onistonda keng ko‘lamli gumanitar hamda ijtimoiy-iqtisodiy inqirozning oldini olish uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ko‘rishimiz kerak. Bunga tezroq kirishmog‘imiz lozim», – degan edi Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen.

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, 22 noyabr kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili hamda YeIning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yutta Urpilaynen bilan muzokara o‘tkazgan. Ushbu  uchrashuvda hamkorlikning dolzarb masalalari qatorida Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashilgan.

Eslatib o‘tamiz, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel joriy yil iyul oyida Toshkentda o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro anjumanda qatnashgan va uning doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan edi. Oliy darajadagi muzokarada ham Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring