Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eng poraxo‘r, eng halol, eng katta «qovun» — yil so‘rovnomasi o‘tkazildi

Eng poraxo‘r, eng halol, eng katta «qovun» — yil so‘rovnomasi o‘tkazildi

«Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi «Xushnudbek.uz» kanali muallifi, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha «Soliq to‘lovchilar e’tirofi» nomli jamoatchilik so‘rovnomalarini tashkil etgan edi. Bugun ana shu so‘rovnomalar natijalari e’lon qilindi.

Aytish kerakki, nominatsiyalar bo‘yicha nomzodlar kanal o‘quvchilari tomonidan saralab olingan va qoldirilgan bir necha yuzlab fikrlar asosida tanlab olingan. So‘rovnomalarda jami bo‘lib 500 mingga yaqin ovozlar to‘plangan va har bir nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlangan.

«YIL DAVOMIDA O‘Z TIZIMIDA KORRUPSIYaGA QARShI MUROSASIZ KURAShGAN DAVLAT TAShKILOTI»
Ushbu nominatsiyada «O‘zavtosanoat» kompaniyasi g‘olib chiqqan. Shu bilan birga ushbu nominatsiyada Davlat test markazi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va Soliq qo‘mitasi ham mushtariylar tomonidan ko‘p bora tilga olingan. Ushbu nominatsiya 91,4 ming ovoz to‘plagan.

«YIL DAVOMIDA KORRUPSIYa ELEMENTLARI ENG YuQORI DARAJADA SAQLANIB QOLGAN SOHA (DAVLAT TAShKILOTI)»
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ushbu so‘rovnoma «g‘olibligini qo‘lga kiritgan». Shuningdek, hokimliklar, tibbiyot, ichki ishlar va sud sohasi ham ushbu nominatsiyada g‘oliblikka da’vogar bo‘lishgan.

«XALQ MEHRINI QOZONGAN DAVLAT TAShKILOTI RAHBARI»
Mazkur nominatsiya Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov eng ko‘p ovoz to‘pladi. 85.6 ming ovoz to‘plagan ushbu nominatsiyada Sherzod Shermatov (Xalq ta’limi vaziri), Tanzila Narbayeva (Senat raisi), Mamarizo Nurmuratov (Markaziy bank raisi), Ruslanbek Davletov (Adliya vaziri) nomlari ham qayd etilgan.

«XALQ MEHRINI QOZONGAN HOKIM»
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov g‘olib chiqqan so‘rovnomada 73,2 ming ovoz yig‘ilgan. Turdimovga Shuhrat Abdurahmonov (Andijon viloyati), Xayrulla Bozorov (Namangan viloyati), Jahongir Ortiqxo‘jayev (Toshkent shahar) va O‘ktam Barnoyev (Buxoro viloyati) raqib bo‘lgan.

2019 YILDA FAOLIYaTI IJOBIY TARAFGA KESKIN O‘ZGARGAN DAVLAT TAShKILOTI
Matbuot va axborot agentligidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylangan tashkilot ushbu nominatsiyada Xalq ta’limi vazirligi, Markaziy bank va banklar, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Maktabgacha ta’lim vazirligidan ko‘proq ovoz to‘pladi. Jami to‘plangan ovozlar soni 46,5 ming.

«2019 YILDAGI FAOLIYaTI DAVOMIDA AHOLINING ENG KO‘P E’TIROZIGA SABAB BO‘LGAN DAVLAT TAShKILOTI»
Yil davomida ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan hokimliklar ushbu nominatsiyada eng ovozga sazovor bo‘ldi. Ular IIV Yo‘l harakati bosh boshqarmasi, Majburiy ijro byurosi, Energetika vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligini ortda qoldirgan. Ushbu nominatsiyaga 37,4 ming ovoz berilgan.

«YIL TAYINLOVI»
FIFAning yaqin o‘tmishdagi eng yaxshi hakamlaridan biri Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti etib tayinlangani ushbu nominatsiyada eng ko‘p ovozga sazovor bo‘ldi. Yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayev, Bosh prokuror Nig‘matilla Yuldashev, – Prezident maslahatchisi Sherzod Kudbiyev va Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev ham ushbu yo‘nalishda ko‘p bora tilga olingan.

«YIL VOQEASI»
Abituriyentlarga uchta OTMga hujjat topshirish imkoni yaratilgani «YIL VOQEASI» deb topildi. Shuningdek, ushbu nominatsiyada quyidagi tashkilotlar ham mushtariylar tomonidan ko‘p bora tilga olindi:

— Daromad solig‘ining barchaga bir xil 12% etib kamaytirilgani
— OAV va blogerlarga ancha erkinlik berilgani
— Naqd valyuta sotishning yo‘lga qo‘yilgani
— Jasliq qamoqxonasining yopilgani
— «The Economist» jurnali O‘zbekistonni «Yil mamlakati» deb tan olgani

«YILNING ENG KATTA «QOVUN» TUShIRISh VOQEASI»
Xalq demokratik partiyasi raisi Ulug‘bek Inoyatovning «2,5 mln so‘m 5 farzandli oila uchun 1 oyga etadi» iborasi eng so‘nggi nominatsiyada eng ko‘p ovoz to‘plagan. Shuningdek, «Biz juda ko‘p go‘sht yeyapmiz», «O‘sha ro‘molini olib, og‘zingga tiqaman», «Shest sekund», «Toshkentga kelish uchun tumanidagi inspektordan talon olsin» iboralari ham kanal o‘quvchilarining «e’tirofi»ga sazovor bo‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring