Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi hamma gap «yuqorida» — Toshkentda qolgan...

Endi hamma gap «yuqorida» — Toshkentda qolgan...

Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumani Kenagas qishlog‘i hududida joylashgan «Qoromon» mahallasida bog‘cha yo‘qligi ota-onalarni anchadan buyon qiynab keladi. Mahalliy aholi bog‘cha qurib berishni so‘rab mutasaddilarga ko‘p bora murojaat qilishgan. Murojaatlarga mutasaddilar aytishdiki, agar biror-bir tadbirkor davlat bilan teng sherikda bog‘cha quradigan bo‘lsa, bajonidil yordam berishimiz mumkin...

Bu gapga laqqa ishongan tadbirkor Umarjon Xudoyberganov yeng shimarib o‘rtaga chiqdi.

Avvaliga Qo‘shko‘pir tuman hokimligiga ariza bilan murojaat qildi. Uning murojaati qisqa muddatda o‘rganib chiqilib, bog‘cha uchun tuman hokimining 2019-yil 11-fevraldagi qarori bilan 7000.0 kv metr yer maydoni ajratildi. Shu tariqa 200 o‘ringa mo‘jallangan «Shoh Sulton Aziz» nodavlat ta’lim muassasasining tamal toshi qo‘yildi.

Shundan keyin tadbirkor tegishli loyiha hujjatlarini tayyorlatib, viloyat davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasidan ruxsatnoma va xulosalar oldi. Borini sarflab qurilishni boshlab yubordi.

Qurilish ishlari 2019-yilning fevral oyida boshlangan bo‘lsa, aprel oyiga kelib binoning birinchi qavati to‘liq bitdi, tomi beton plitalar bilan ham bostirildi. Shuning o‘ziga 1 milliarddan ko‘proq pul sarf bo‘ldi.

Foto: «Xabar.uz»

Binoning qolgan qismi, shartnomada ko‘rsatilganidek, davlat ulushi bilan bitib qolishi ham mumkin, deb o‘ylardi Umarbek aka.

Biroq uning uydagi o‘y-bichimi ko‘chaga to‘g‘ri kelmadi.

2019-yilning 6-mayida «Shoh Sulton Aziz» nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida 0280-944/13-sonli bitim ham imzolangan edi. Ushbu bitimda tomonlarning majburiyatlari aniq ravshan o‘z aksini topgan. Xususan, unda davlat sherikchiligi asosida qurilayotgan mazkur bog‘chaga davlat tomonidan ajratilayotgan kredit mablag‘i 4 milliard so‘m bo‘lishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bundan anglashiladiki, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasining umumiy smeta bahosi 5925419769 (besh milliard to‘qqiz yuz yigirma besh million to‘rt yuz o‘n to‘qqiz ming yetti yuz oltmish to‘qqiz) so‘mni tashkil etadi.

Qisqasi, tadbirkor bitimida ko‘rsatilgan 1925419769 so‘m hajmdagi qurilish ishlarini bajarib qo‘ydi. Endi davlat tomonidan tadbirkorga beriladigan imtiyozli kredit mablag‘larini olish, qurilishni qishning qirovli kunlariga qoldirmasdan nihoyasiga yetkazish qolgandi.

Tadbirkor ATB «Infinbank» Xorazm viloyati bo‘limiga kredit olish uchun murojaat qiladi. Oradan besh oy o‘tdiki, kreditdan darak yo‘q. Natijada ishlar ora yo‘lda qolib ketdi. Rejaga ko‘ra, 2019 yilning 1 sentyabrida ishga tushishi mo‘jallangan mazkur bog‘chada mablag‘ yo‘qligi sabab yozi bilan bironta ham ish bajarilmadi.

ATB «Infinbank» Xorazm viloyati bo‘limi hamma hujjatlarni to‘g‘irlab yuqori tashkilotlarga jo‘natgan, ammo ulardan esa darak yo‘q emish.

—Bu orada respublika prokuroturasiga ham, maktabgacha ta’lim vazirligiga ham, moliya vazirligiga, xalq qabulxonalariga ham yozib ko‘rdim, hech naf bo‘lmayotir, — deydi tadbirkor U.Xudoyberganov. — Moliya vazirligi «maktabgacha ta’lim vazirligi sizning bog‘changiz uchun kredit mablag‘i ajratishimizni so‘rab ro‘yxat bermagan» desa, maktabgacha ta’lim vazirligi «...bankdan bizga hujjatlar kelmagan» deydi...

Mutasaddilarning vaj-karsonlari o‘z yo‘liga-ku, ammo inshoot o‘z vaqtida foydalanishga topshirilganida allaqachon 200 nafar bolajonlar u yerda tarbiya topayotgan, 45 nafar xodim ish bilan ta’minlangan bo‘lur edi.

Tadbirkor sansalorchilikdan bezor bo‘lib yana bankka murojaat qiladi. «Infinbank» Xorazm viloyati boshqaruvida tadbirkor bilan suhbat bo‘lib o‘tadi. To‘g‘rirog‘i, bank haqiqatan ham barcha hujjatlarni to‘g‘irlab jo‘natganini isbotlaydi.

Endi hamma gap «yuqorida» — Toshkentda qolgan...

Biroq qachon masala o‘z yechimini topadi?

Bu savol hozircha muallaq turibdi.

Yu.Baxtiyorov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring