Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat xizmatlari sohasida qanday qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan? Ularning sabablari nimada?

Davlat xizmatlari sohasida qanday qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan? Ularning sabablari nimada?

Foto: Davlat xizmatlari agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan o‘tkazilgan seminarda aynan shu masalalarga e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari tomonidan kuni kecha kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida biznes yuritish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish bo‘yicha kiritilgan yangiliklar amaliyotda hali to‘liq ishga tushib ketmayotgani tanqid qilindi.

Bugungi kunda Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritilgan 693 ta xizmat turidan atigi 103 tasi, ya’ni 15 foizigina Davlat xizmatlari markazlari orqali hamda elektron tarzda ko‘rsatiladi. Tabiiyki, bu jarayon tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan shaxslarga qiyinchilik tug‘diradi.

DXA direktori o‘rinbosari N. Muhammadiyev ta’kidlaganidek, ushbu vazifalarni amalga oshirishda Agentlik hamda davlat organlari doimiy ravishda yaqindan hamkorlikni amalga oshirishi zarurdir. Davlat organlaridagi mavjud ma’lumotlar bazalarini elektron ko‘rinishga o‘tkazmay turib esa, Prezident tomonidan belgilangan topshiriqlarni bajarish qiyin.

Davlat xizmatlari agentligining asosiy vazifalari etib jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek tegishli axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish belgilangan.

Bu ishlarni amalga oshirish uchun Agentlikka davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organlari faoliyatini qonun hujjatlari va ma’muriy reglamentlar talablariga rioya etilishini tekshirish, ularning rahbarlariga aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida mansabdor shaxslarni yozma ravishda ogohlantirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun vakolatli idorlarning mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy jazo ko‘llash huquqi berildi.

Shuningdek, aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortishning huquqiy asosida sifatida o‘tgan 2018-yil 23-iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan Davlat xizmatlari agentligiga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jarima tariqasidagi ma’muriy jazo choralarini qo‘llash vakolati berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 215-5 va 245-5-moddalari bilan to‘ldirildi.

Afsuski, o‘tkazilgan o‘rganishlar va tekshirishlar davomida davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli idoralar tomonidan 2018 va 2019 yilning birinchi yarim yillik davomida jami 223 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlandi.

Ular bo‘yicha kiritilgan ta’sir choralari natijasida mingdan ortiq shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi shundan, 100 ga yaqini egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 2 900 dan ortiq shaxslarga ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi.

Yuqoridagi raqamlardan ko‘rinib turibdiki, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida vakolatli idoralar tomonidan o‘zlariga yuklatilgan vazifalarga mas’uliyatsizlik bilan yondashilayapti.

Masalan, 2018-yil davomida Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 71 674 ta muddati buzilgan, 2 744 ta holatda ortiqcha hujjat talab qilib olgan, 6 200 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, 496 tasi asossiz rad etilgan, 7 531 tasi boshqa qonun buzilishlar aniqlangan.

Agar ushbu qonun buzilishlarni hududlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, eng ko‘p qonun buzilish Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri kelgan, ya’ni viloyatda 16 311 ta, Toshkent viloyatida 11 354, Samarqand viloyatida 8 439 ta, Toshkent shahrida 8 300 ta va h.k.

Asosiy urg‘u davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonini elektronlashtirish va idoralarning malumotlar bazalarini raqamlashtirilishi jarayonini tezlashtirishga qaratildi.

Seminar davomida Agentlik mas’ul xodimlari tomonidan mazkur kamchiklarni bartaraf etish uchun bir qator takliflar kiritildi.

Tadbir ishtirokchilariga Davlat xizmatlari agentligi tomonidan tayyorlangan maxsus amaliy-uslubiy qo‘llanma tarqatildi.

Davlat xizmatlari agentligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring