Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Daraxt jallodlari». Ko‘kalamzor shaharni yo‘q qilishdan maqsad ne? (video)

«Daraxt jallodlari». Ko‘kalamzor shaharni yo‘q qilishdan maqsad ne? (video)

Foto:«Xabar.uz»

Insoniyat bugun yirik ekologik muammolar qarshisida turibdi. Buning dahshatini his qilmoq uchun, Sibir, Amazonkada sodir bo‘layotgan o‘rmon yong‘inlari, Shimoliy va Janubiy qutbda eriyotgan muzliklarni tasavvur qilish kifoya. Ekologiya muhim emas, birinchi navbatda farovon yashash kerak, demoqchi bo‘lganlarga, bir daqiqa nafas olmay turingchi! Butun olam ko‘z oldingizda zimistonga aylanadi. 

Afsuski, O‘zbekistonda bu sohadagi muammolar yetarlicha. Orol masalasining o‘ziyoq, bizda ekologik muammolar «qizil chiziq»qa yetib kelganini ko‘rsatadi. 

Bir oz vaqt avval saytimizda Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani markazida kesilayotgan chinor va boshqa daraxtlar xususida tanqidiy materialni e’lon qilgan edik. Bir vaqtlar vohaning go‘zal, ko‘kalamzor hududi bo‘lgan ushbu tumanda bugun chinorlar va boshqa salqinlik va toza havo beruvchi daraxtlar zo‘ravonlik bilan kesib tashlanmoqda. Ayni kunlarda ham, bu ishlar to‘xtab qolgani yo‘q. Daraxt kesishda shiddatli bo‘lgan, ammo boshqa kamchiliklarni to‘g‘rilashda sust bo‘lgan mutasaddilarning ishidan, Kitob shahri cho‘lga aylanayozdi.

Vaholanki, viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ham «Xabar.uz» bilan suhbatda viloyatda, xususan Kitob tumanida birorta daraxt kesilmasligini ta’kidlagan edi.

Foto:«Xabar.uz»
Foto:«Xabar.uz»

Avval bu hudud quyidagicha ko‘rinishga ega edi.

Foto:«Xabar.uz»

Mazkur muammo yuzasidan Kitob tumani hokimligiga ham murojaat qildik. Hokimlik matbuot kotibi Yashin To‘rayev bizga ayrim hujjatlarni taqdim etdi. Hujjatlardan ko‘rish mumkinki, tuman markazidagi yo‘lni kengaytirish sabab qurilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, daraxtlarning kesilish yuzasidan bioinspeksiya xulosasi ham mavjud. Shuningdek, kesilgan darax butalari kam ta’minlangan oilalarga o‘tin sifatida berildi, deydi Yashin To‘rayev. (Bioinspeksiya va o‘tin olgan oilalar ro‘yxati nusxalari tahririyatimizda mavjud). 



Tuman hokimligidan rasmiy ma’lumotlarni olgach va tanishgach, yana mulohazalar quyilib kelaveradi: xo‘sh tuman ekologlari nega daraxtlarni saqlab qolish bo‘yicha taklif bermay, hujjatlarga jimgina imzo qo‘yib beraveradi? Nega daraxtlarni saqlab qolgan holda, qurilishni amalga oshirish bo‘yicha amaliy takliflar yo‘q? Bu yerda gap 5-10 ta daraxt haqida emas, butun boshli shaharning yo‘qolib borayotgan chinorlari haqida ketyapti ( ta’kidlash joizki, shaharning qariyb 50 foiz daraxti kesib bo‘lindi). Ertaga buning achchiq mevalari uchun kim javob beradi? Yoki ekologiya bo‘yicha mutasaddilar och qornim, tinch qulog‘im qabilida ish tutmoqdami?

Bitta shaharni obod qilishda uning butun yashilligini qurbon qilish yechimmi? Farg‘ona, Shahrisabz, Rishtonda ham shunday holat kuzatilgan edi. Nega shaharsozlikda kreativlik, o‘zgacha yechimlar yo‘q? Nega katta yo‘llar obod qilinadi va keyinchalik chekka hududlar tashlab qo‘yiladi?

So‘ngso‘z o‘rnida: Kitobda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlarga g‘ayirligimiz yo‘q. Ammo bu ishlar asnosida bizni toza havo, soya-salqin bilan ta’minlayotgan daraxtlarning o‘limiga jim qarab tura olmaymiz. Tuman hokimligi bu ishni amalga oshirishdan avval jamoatchilik fikriga quloq tutishi shart. Poytaxtda har bir butani saqlab qolish uchun kurashlar bo‘layotgan vaqti, olis tumanda daraxtzorlarni shunchaki yo‘q qilishni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Kitob tumani hokimligi, Ekologiya partiyasi, soha mutasaddilari va oddiy xalqdan muammoga befarq bo‘lmaslikni, kelajak avlodga ham toza havo, ko‘kalamzor yurt qoldirishga yana bir bor chaqiramiz.

Befarq bo‘lmang! 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring