Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dahshatli jinoyatga qo‘l urgan o‘g‘il 18 yilga "kesildi"

Dahshatli jinoyatga qo‘l urgan o‘g‘il 18 yilga

«Bundan ilgari ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan ikki marotaba qamoq jazosini o‘tab chiqqan, 1991 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan Tursun Davlatov (ismi sharifi o‘zgartirilmagan) onasi Shirin Davlatovani qasddan o‘ldirganlikda ayblanib, 18 yilu 1 oyga ozodlikdan mahrum etiladi».

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi sudyasi Farhod Ergashev sud hukmi qarorini o‘qib berdi.

Holatga ko‘ra, G‘ijduvon tumanidagi Qalliq qishlog‘ida yashovchi va doimiy spirtli ichimlik iste’mol qilib yuradigan fuqaro Tursun Davlatov o‘zining fe’l-atvori, yurish-turishi bilan mahalla o‘rtasida «gap-so‘z» bo‘lib yurgan. Mahalla faollari, aka-opalariyu, boshqa yaqinlarining ogohlantirishlariga qaramay, o‘z bilganidan qolmay yashab yuravergan. Birinchi turmushidan ajralib, ikkinchi bor uylanib ham «tiyilmagan» aybdor ko‘p yillardan beri ichki ishlar nazoratida bo‘lgan. Faqat bu gal o‘zining beshafqat xatti-harakatini o‘z xonadonida sodir etgan.

Darvozadan kira solib, kimlarnidir haqoratlagan va so‘kingan farzandining mast-alast ahvolda ekanini sezgan onaizor unga tanbeh bergan.

Ma’lumot o‘rnida: Fuqaro Shirin Davlatova qon bosimining oshishi oqibatida 7 yildan buyon har ikki ko‘zi ham xastalanib, ko‘rmay qolgan. Unga ko‘zi ojizlik, ya’ni ko‘rlik tashxisi qo‘yilgan. 1-guruh nogironi bo‘lgan ona ikkinchi kelinidan noroziligini, birinchi kelini mehribon ekani va u bilan nohaq ajrashganini doimiy aytib, o‘g‘liga noroziligini bildirib kelgan.

- Ertalabdan buyon tuz totganim yo‘q, bolam, bir burda nonga va bir piyola suvga zor qilib qo‘yding!-deya noligan ona.

- Nima, sizga qaramay qo‘ydimmi, jonga tegdingiz!- jahllanib, baqirgan o‘g‘il ayvonda turgan temir dastali bolta bilan ojiz ahvoldagi onasining bo‘yin sohasiga ikki marotaba urgan.

Bir pasda qimirlamasdan qolgan onasini o‘ldirib qo‘ygani uchun nima qilishini bilmasdan, barcha jihozlarni oyoq- qo‘llari va qo‘lidagi bolta bilan urib sindirib tashlagan... va ko‘chaga yugurib chiqib, dodlab, baqirib, onasini o‘ldirib qo‘yganini aytgan..

Sud dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi Tursun Davlatovning harakatlarining yuridik kvalifikatsiyasini muhokama qilib, Jinoyat kodeksining 97-moddasi, 2-qismining «v» bandi ya’ni - «aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirish»da ifodalangan jinoyatni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, deb hisoblagan.

Aybdor 18 yildan ortiq jazo muddatini qattiq tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring