Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Chinovniklarning dumi bosilmaydi». Bloger maishiy korrupsiya haqida post yozdi

«Chinovniklarning dumi bosilmaydi». Bloger maishiy korrupsiya haqida post yozdi

Bloger Otabek Bakirov o‘zining telegramdagi kanalida maishiy, mayda darajadagi korrupsiya unsurlariga qarshi, ayniqsa pora berayotganlarga nisbatan ko‘rgazmali kurash olib borilayotgani va bu harakatlar samarasiz ekani haqida post qoldirdi.

Bu borada qilinayotgan ishlar kampaniya darajasiga yetgani uchun «erishilayotgan natijalar» jadvallar va prezentatsiyalar tarzida tahlil ham qilinmoqda.

Fuqaroda savol tug‘iladi, nega maishiy korrupsiyaga qarshi bu qadar kurashib qolindi?

Avvalo bu xavfsiz ish, ya’ni maishiy korrupsiyaga qarshi ishlarda hatto o‘rta darajadagi chinovniklarning dumi bosib olinmaydi. To‘rga asosan oddiy fuqaro tushiriladi.

Ikkinchidan, maishiy korrupsiya doirasidagi ishlar piar va propaganda ishlarida qo‘l keladi juda, ish ketayotgani, ketayotgandayam kurash ayovsiz olib borilayotganini kerakli arboblarga namoyon etiladi.

Uchinchidan, maishiy korrupsiyaga qarshi kurashda kurashga ajratilgan mablag‘lar oson o‘zlashtiriladi. 100 dollarlik ishning olib borilishiga ham, 1 million dollarlik ishga ham deyarli bir xarajat ketadi (operativ ish, tergov, sud, qamoq vhk). 100 dollarlik ish uchun soliq to‘lovchilarning 10 ming dollarini sarflash samarasiz-ku deyishingiz mumkin. To‘g‘ri, lekin ishoning, korrupsiyaga qarshi o‘zbekcha kurashda samara va afzallik 84- darajali masala.

Endi aytishingiz mumkin, sizning-cha maishiy korrupsiyaga qarshi kurashmaslik kerakmi? Kerak. Lekin boshqa, arzon va samarali yo‘llar bilan. Axir 100 dollarlik korrupsion ishga qarshi kurash ma’murchiligi xarajati 10 ming dollarga yetadigan kurashdan ne naf?

Tasavvur qiling, davlat banki xodimi kredit ajratish uchun pora olayapti, qarzdor pora berayapti. Nima qilish kerak? Kimni qamash kerak? Bu yerda korrupsiyaga qarshi kurash poraxo‘r bankir yoki pora berayotganni ushlab qamashda emas, kreditning arzon, lekin defitsit bo‘lmay, bozor narxida, keng imkonli bo‘lishini ta’minlashga qaratilishi lozim. Uch yil avval bankdagi korrupsiya ishlarining 90%i valyuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq edi. Hozir kimdir valyuta sotib olish uchun pora beradimi?

Yoki yana bir misol. Tadbirkor hokimga, kadastrga yer ajratish uchun pora berayapti. Kimni qamash kerak, ayting? Yer tovar, u ajratilmasligi, taqsimlanmasligi, sotilishi kerakligi muhitida birov pora berarmidi?

Haydovchi qoida buzdi, inspektorga pora taklif etdi. Nega? Chunki pora berish jarima to‘lashdan ko‘ra nisbiy afzallikka ega. Inspektor pravani oladi, prava propiska manziliga 1 oyda yetib boradi. Jarima oylik maoshicha. Nega aksi emas? Nega jarimani to‘lash pora berishdan afzalroq bo‘lishini ta’minlab bo‘lmaydi? Nega inspektor uchun ham, haydovchi uchun ham jarimani to‘lash afzalligini yaratish mumkin emas?

Pora olayotgan o‘qituvchi, bosh vrach, soliqchi va hok. masalalaridayam shunday savollarni qo‘yish mumkin.

Qissadan hissa shuki, maishiy korrupsiyaga qarshi qamash, tutish, ko‘rgazmali va piar bilan kurashilmaydi. Qoidalar, tizim va jarayonlar o‘zgartirilishi kerak.

Darvoqe, ko‘p misol keltiradiganimiz Gruziya maishiy korrupsiyani eng avvalo qoidalar va tizimni butunlay yangilash orqali yenggan. Va albatta qoidalarning barcha uchun birligini ta’minlab, deb yozadi bloger.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring