Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxorodagi «xufyona uchrashuvlar bog‘i» o‘rnida «Yoshlar xiyoboni» barpo etiladi

Buxorodagi «xufyona uchrashuvlar bog‘i» o‘rnida «Yoshlar xiyoboni» barpo etiladi

Foto:«Xabar.uz»

Kogon shahridagi «Adolat» mahallasida joylashgan «Do‘stlik» ko‘chasi hududida 1100 kv.metr yer maydonida bog‘ bo‘lib, bundan 30 yilcha ilgari bo‘sh yer bo‘lgan mazkur maydonda aholi tomonidan hashar yo‘li bilan 1000 dan ortiq manzarali va mevalari daraxtlar o‘tqazilgan. Bundan tashqari, aholi Kogon shahar hokimligi zaxira yeri hisoblangan ushbu yer maydonlarining ma’lum qismiga tomorqa ekinlari ekib, vaqtincha foydalanib kelishgan. Biroq keyingi 5-6 yil davomida bog‘ va undagi dovu-daraxtlar yashnab turishining e’tibordan chetda qolgani, ularning noma’lum shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan kesib ketilgani, qo‘y-qo‘zilarning boqilgani va yetmagandek bog‘ning xufyona ko‘ngilochar uchrashuvlar xiyoboniga aylanib, atrofdagi yoshlarga salbiy ta’sir uyg‘ota boshlagani keng jamoatchilikni sergaklantirgan.

- Bu bog‘ haqiqatan ham Kogon shahar hokimligi zaxira yer maydoni hisoblanadi. Ammo chorak asr ilgari shu yerda yashovchi aholining mehnati bilan bog‘ barpo qilingan. Daraxtlar o‘tqazilgan. Mevalaridan foydalanib, bo‘sh yer maydonchalarida tomorqa ekinlari ekin kelishgan. Biroq bu yer keyinchalik xufyona uchrashuvlar maskaniga aylanib qolgandi. Bu ko‘pchilik ota-onalarni ham tashvishlantirgani rost,-deyishdi bir nechta «Adolat» fuqarolari.

Bundan tashqari, aholi va fuqarolarning tegishli idora-tashkilotlarga murojaati  va shu yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan ogohlantirilishiga qaramay, hududdagi ayrim qo‘ni-qo‘shnilar bog‘dan o‘zboshimchalik bilan foydalanishdan tashqari, qo‘y-qo‘zilarni boqishda davom etavergan.

- Biz uzoq yillar davomida qo‘shni-qo‘shnilar bilan bo‘sh yer maydonida kattagina bog‘ barpo etganmiz. Mevali va manzaralari daraxtlar juda ko‘p edi. U-bu bahonalar bilan o‘zimizga tanish bo‘lmagan odamlar daraxtlarni kesib ketaverishdi. Ko‘p o‘tmay, hududda yiqitish-qurish ishlari boshlandi. Bog‘ atrofi temir panjara bilan o‘rab olindi. Yetmagandek, bog‘ yonidagi ko‘p qavatli hamda hovli-joylarda yashaydigan aholi farzandlari foydalanib kelayotgan bolalar o‘yingohi ham buzib tashlandi,-dedi «Adolat»  MFY fuqarosi Amina Kenjayeva,- Bolalarimiz uydan ko‘chaga chiqolmay qolishgan. Bir tomon katta avtomobil qatnov yo‘li, ikkinchi tomon ko‘p qavatli uy va hovli-joylar, old tomondagi bog‘ temir to‘siqlar bilan o‘rab olingan.

Kogon shahar hokimiga ko‘ra, «Adolat» MFY «Do‘stlik» ko‘chasidagi jami hududi 10100 kv.metrli yer maydonida «Yoshlar xiyoboni» tashkil etish ko‘zda tutilgan.  Uning 2019 yil 12 apreldagi 616-sonli qaroriga asosan, «Shodlik-qurilish akva servis»  MChJga ushbu yer maydonining 1200 kv.metri «Savdo majmuasi, sartaroshxona, poyafzal tuzatish ustaxonasi hamda tikuvchilik sexi» qurish uchun ajratilgan. Ayni paytda bog‘ni zamonaviy ko‘rinishga keltirish hamda attraksion jihozlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Fuqaro Zulayho Sharopovaning shikoyaticha esa, tadbirkor o‘zi va bog‘ qorovuli ular voyaga yetkazgan daraxtlar mevasidan foydalanib, ekinlarni payhon qilib kelishmoqda. Ertadan kechgacha bog‘da qo‘y boqishmoqda. Fuqarolarning bu shikoyati o‘rinli edi. Haqiqatan ham surishtiruv chog‘ida bog‘da qo‘ylar o‘tlab yurgan va daraxtlar payhon qilinayotgan edi.

Aholi tomonian tadbirkorga har bir hovli to‘g‘risidan temir to‘siqlar bilan o‘rab olinayotgan boqqa kiradigan eshik ochishi shartini qo‘ygan. Biroq, tadbirkor aholining bu talabini rad etgan.

- Men qo‘chqorni ayni paytda savdo majmuasi, sartaroshxona, poyafzal tuzatish ustaxonasi hamda tikuvchilik sexining qurib bitkazilishi munosabati bilan shu yerning aholisiga xayriya oshi uchun boqayotganimni tan olaman. Aholining har biri hovlisi to‘g‘risidan boqqa kiradigan eshik ochib qo‘yish talabini esa qondira olmayman. Vaholanki, bog‘ni zamonaviy ko‘rinishga keltirish uchun juda qimmat mablag‘ hisobiga atraksionlar keltiradi. Ularning katta kuchlanishdagi elektr toki evaziga harakatga kelishi hammaga ma’lum. Bolalar va aholining xavfsizligi uchun ham javobgarman axir. Tashlandiq va juda ko‘rimsiz ahvoldagi bog‘ uchun ayni paytgacha 1, 12 sotx 1 milliarddan ortiq xarajat qildim. 50 million evaziga bor-yo‘g‘i, 100 metr temir to‘siq o‘rnatdik. -dedi «Shodlik-qurilish akva servis»  MChJ  rahbari, yosh tadbirkor Qahramon Safarov,- «Yoshlar xiyoboni»  Kogon shahrida mavjud markaziy bog‘dan ham ko‘rkam va zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ladi. Hozir tadbirkorlik faoliyatimga qaysidir ma’noda to‘siq bo‘layotgan aholi hali xursand bo‘ladi. Bunga ishonaman. Hozircha ishlar chala ekanligini yashirmayman.

Ma’lumotga ko‘ra,  hududda «Obod mahalla»  dasturi amalga oshirilmoqda. Yangidan barpo etilayotgan «Yoshlar xiyoboni»da atraksion jihozlardan tashqari, yoshlar va aholi uchun 350 ga yaqin soyabonli o‘rindiqlar, musiqali favvora, tadbirlar o‘tkaziladigan sahna va boshqa imkoniyatlar yaratiladi. Xiyobonga kirib-chiqish esa faqat bitta darvoza orqali amalga oshiriladi.

- Juda ko‘plab daraxtlarni kesib tashlab, o‘rnida 9 ta xizmat uylari tiklashdi. Bundan tashqari, uyimiz oldidagi bolalar o‘yingohini buzib tashlab, achinarli ahvolga keltirib qo‘yishdi. Avvaliga bolalar sport maydonchalarini qayta tiklaymiz, deyishgandi. Endi esa bunday maydonchalar barpo etilmasligini bildirishdi. To‘g‘ri, yashil futbol maydonini ham barpo etishdi. Ammo, u pullik. Bu esa hammaning ham cho‘ntagiga to‘g‘ri kelavermaydi,-dedi fuqaro Kan Galina.

Shu kuni Kogon shahar hokimi «Adolat» aholisi bilan uchrashdi.  Unga ko‘ra, birorta daraxt sababsiz kesilmagan. Juda ko‘p yillik mevali va manzarali daraxtlarning poyadan chiriy boshlagani va quriyotgani uchun kesib tashlangan.

- Yana shunday daraxtlar yo‘q emas. Uni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin,-dedi Kogon shahar hokimi   Hakim Hoshimov bir nechta qurigan, ildiz va poyasidan chiriy boshlagan dovu-daraxtlarni ko‘rsatar ekan,-ammo qolgan barcha sog‘lom daraxtlarni saqlab qolish choralari ko‘rilyapti. Vaholanki, zamonaviy bog‘ning ko‘rkam bo‘lishida manzarali daraxtlarning o‘rni beqiyos. Bundan tashqari, tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va butalar yanada ko‘paytiriladi. Xususan, yaproq va ninabargli daraxtlar soni oshiriladi. Bu xiyobonning ko‘kalamzorlashtirish kompozitsiyasini yaratishda ahamiyat kasb etadi.faqat aholi biroz sabr bilan kutishi kerak. “Obod mahalla” dasturidagi bunyodkorlik ishlari 2020 yil mart oylarida to‘liq yakunlanadi.

Yuzma-yuz uchrashuvda to‘lovli sport maydonlaridan tashqari, aholining talab va istagi bilan ko‘p qavatli uylar va hovli-joylar aholisi farzandlari uchun qo‘shimcha sport o‘yingohlari bunyod etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring