Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Bugun jurnalistlar bayrami emas

Bugun jurnalistlar bayrami emas

Foto: «Rakurs.tv»

Ushbu postni bir yil avval feysbukda yozgan ekanman. Bu yil bir oz boshqacharoq ― bayram yo‘q, shekilli a?

BUGUN JURNALISTLAR BAYRAMI EMAS.

Bugun xalqaro SO‘Z ERKINLIGI KUNI!

Bu yerda mantiqiy  urg‘u «so‘z erkinligi»ga tushadi. Va bu kun hech qanday bayram-payram emas, rost so‘z, mustaqil fikr, tanqidiy dunyoqarashni himoya qilish va rag‘batlantirish kunidir.

1991-yilda UNESCO hurfikrlilik, matbuot erkinligi va plyuralizmni himoya qilish maqsadida 3 mayni Xalqaro so‘z erkinligi kuni deb belgiladi.

2000-yillarda O‘zbekistonda bu kun boshqacha o‘tardi: turli anjumanlar, yig‘ilishlarda so‘z erkinligi muammolari rosa muhokama qilinardi. Karim Bahriyev, Bobomurod Abdulla kabi jurnalistlarning o‘sha paytlardagi nutqlari yodimda. Keyin...

Keyin nimalardir o‘zgarib ketdi, bu kun bayramga aylantirildi, jurnalistlarni eng yaxshi unday maqola, eng yaxshi bunday lavha uchun taqdirlashlar boshlandi, muammoni gapirish o‘rniga yutuqlarni ko‘z-ko‘zlashga burib yuborildi. Xullas, 3 may erkin so‘z aytuvchilardan mukofotli so‘z aytuvchilarga olib berildi.

Dunyoga boqing va o‘zimizga qarang: boshqalar shu kuni soha muammolarini gapiradilar, biz esa tantana bilan mukofot topshiramiz. Boshqalar rost so‘zi uchun jabr ko‘rganlarni qo‘llab-quvvatlaydilar, biz esa rost gapni hammadan ham do‘ndirib qo‘ygandek bir-birimizni tabriklaymiz.

Aslida so‘z erkinligi, hurfikrlilik Konstitutsiyamiz tomonidan kafolatlanadigan oliy huquqlardan. Demak, bu ma’lum bir kasbga emas, hammaga birdek taalluqli kun.

Bugun kasb bayrami emas, QADRIYaT kuni. Shunday ekan, jurnalistlarni emas, doim o‘z fikriga ega va o‘ziga yetadigan zarardan qat’i nazar uni ayta oladiganlar, shu tufayli doim shumshuk va yoqimsiz ko‘rinsa-da, alaloqibat o‘zgarishlarga, taraqqiyotga sabab bo‘ladigan har bir kimsani tabriklang, agar shundaylarni topa olsangiz.

Men esa erkin fikri uchun qatag‘on qilingan ajdodlarimni, rost so‘zi uchun qamoqxonalarga tashlangan, qiynalgan, o‘ldirilgan barcha insonlarni eslayman, o‘shalar haqiga duo qilaman.

To‘g‘ri so‘zni qadrlaydigan, erkin fikrga yo‘l ochib beradigan, uni eshita va qabul qila oladiganlarni, shunga toqati yetadiganlarni duo qilaman.

Jurnalistlarni  27 iyunda qutlarman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring