Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Botmon-botmon va’dalar. Xalq esa azobda, har yomg‘irda yurak hovuchlaydi

Botmon-botmon va’dalar. Xalq esa azobda, har yomg‘irda yurak hovuchlaydi

Foto: Nuriddin Zayniddinovning telegram kanali.

Uchtepa tumani «O‘tkir» mahallasining Nashriyot, Taqachi, Ibrat ko‘chalari, «Sharq guli», «Istrohat», «Jarbuloq», «Zulfizar» mahallalarida kollektor drenaj ishlari sifatli amalga oshirilmagani, ayrim fuqarolar tomonidan tabiiy ariqlar va suv yo‘llarni ko‘mib yuborilgani oqibatida suv toshqinlari yuzaga kelmoqda.

Xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashi deputati Nuriddin Zayniddinovning yozishicha, bu masala barcha darajadagi mutasaddilarga yetkazilgan. Tegishli karorlar va rejalar qabul qilib, dasturlarga kiritilgan. Biroq amalda biror ish qilinmagan.

Foto: Nuriddin Zayniddinovning telegram kanali.

«Bu mutasaddilarning shablon gaplari. Ha, albatta, hammasi qog‘ozda va chiroyli. Kazo-kazolar kelib, botmon-botmon va’dalar berib ketgan. Natija yo‘q. Xalq azobda, har yomg‘ir yog‘sa, yuragini hovuchlab o‘tiradi. Uy poydevori nurab ketmaydimi, yerto‘lani suv bosmaydimi deb... Odamlarning yostig‘igacha suvga bo‘kmoqda», deb yozadi deputat.

Zayniddinovning eslatishicha, Obodonlashtirish degan tashkilotning drenaj-kollektor boshqarmasi xalqni qiynayotgan bu muammoga pinagini ham buzmayotgan ekan.

Foto: Nuriddin Zayniddinovning telegram kanali.

«Bu boshqarma xodimlari shaharni suv bossa ham, to‘pig‘iga chiqmaydiganlardan. Olib qochish, safsata sotish bo‘lsa bas! Qolganlar bilan tilini bir qilib, odamlar qulog‘iga lag‘mon osish bilan shug‘ullanishadi. Muammoni yechib, o‘z vazifasini bajarishdan shu lag‘mon osib, aravani quruq olib qochish oson bo‘lsa kerak.

Mas’ullar, qachon insofga kelib, o‘z vazifangizni bajarasizlar? Xalqni aldashni bas qilib, muammoni yechinglar!

Ko‘zbo‘yamachilik, «otpiska» xatlar bilan hech narsaga erishmaysizlar! Vijdonan ish qilish kerak!», deydi deputat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring