Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Koronavirus Afg‘onistondan kirib kelmasligi uchun qanday chora ko‘rilmoqda?

Koronavirus Afg‘onistondan kirib kelmasligi uchun qanday chora ko‘rilmoqda?

Foto: Xabar.uz

Bugungi kunda butun jahonga xavf solayotgan global muammolardan biri bu shubhasiz koronavirusdir.

Yangi koronavirus belgilariga respirator alomatlar: isitma, yo‘tal, nafas qisishi, qiynalib nafas olish kiradi. Virus asoratlari ta’siri pnevmoniya va buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Hozirgi kunga kelib bu kasallik 3000 ga yaqin insonni hayotdan olib ketdi. Xitoyning Uxan shahri tarqalish manbai hisoblanadigan koronavirus o‘z ko‘lamini kengaytirib Italiya, Janubiy Koreya va Eron davlatlarini ham o‘chog‘iga aylantirdi.

Kuni-kecha esa qo‘shni Afg‘onistonning Hirot shahrida ham mazkur virusning tarqalishi ko‘pchilikni sarosimaga solib qo‘ydi.

Afg‘oniston Islom Respublikasidan yurtimizga Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Ayritom» chegara bojxona posti orqali kirib kelinadi. Shu yerda o‘rinli savol — mazkur bojxona postda tekshiruv jarayonlari qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasiga kirishda shaxslar, yo‘lovchilar va ularning qo‘l yuklari hamda bagaji nazorat tartib-taomillaridan quyidagi tartibda o‘tkaziladi:

1) chegara nazorati bo‘linmalari tomonidan Davlat chegarasini kesib o‘tish huquqini beruvchi hujjatlar mavjudligi tekshiriladi;

2) sanitariya-karantin bo‘linmasi tomonidan nazoratdan o‘tkaziladi;

3) Davlat chegarasi orqali piyoda o‘tadigan shaxslar qo‘l yuki bilan birga nazorat tartib-taomillaridan o‘tish uchun zalga yo‘naltiriladi;

4) bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayonida bojxona organlari fitosanitariya va veterinariya nazorati organlarining quyidagi vazifalarini ham amalga oshiradi:

fitosanitariya va veterinariya nazorati predmetlari mavjudligi to‘g‘risida so‘rash;

fitosanitariya va veterinariya nazorati talab qilinadigan tovarlarni olib kirish uchun ruxsat etuvchi hujjatlar mavjudligini so‘rash;

qo‘l yuki va bagajni nazorat qilish jarayonida fitosanitariya va veterinariya nazorati ob’yektlari mavjudligini nazorat texnik vositalari yordamida ko‘zdan kechirish.

Mazkur qaror talablari va «koronavirus»ning kirib kelishini oldini olish maqsadida, Afg‘oniston Islom Respublikasidan kelayotgan har bir fuqarolar maxsus dezinfeksiyalangan gilamlar orqali kiritilib, sanitariya-epidimologiya osoyishtalik markazi xodimlarining nazoratidan o‘tkazilmoqda. Avtotransport vositalari esa maxsus dezinfeksiyalangan suvlarga tushirilib, yurtimizga kiritilmoqda. Bundan tashqari, Afg‘oniston Islom Respublikasidan kelayotgan barcha fuqarolardan tibbiyot niqoblarida bo‘lishlari talab qilinmoqda.

Ushbu bojxona postida xizmat olib borayotgan barcha xizmatlar xodimlari tibbiyot niqoblari va tibbiy qo‘lqoplar bilan faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

Manba: customs.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring