Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bog‘lardagi zararkunanda va kasalliklarni qanday yo‘qotsa bo‘ladi?

Bog‘lardagi zararkunanda va kasalliklarni qanday yo‘qotsa bo‘ladi?

Foto: «O‘zA»

Oxirgi yillarda zararkunanda va kasalliklar bog‘larga, ekinzorlarga katta zarar yetkazmoqda. Mevali bog‘larning mahsuldorligini oshirishning asosiy omili uni turli kasallik va zararkunandalardan o‘z vaqtida va sifatli himoya qilish tadbirlarini bajarishdir. Ushbu mavzuda O‘zagroinspeksiyaning Ohangaron tuman bo‘limi Paxta xom-ashyosi don, urug‘lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish sho‘’basi katta inspektori N.Xolmatov bilan suhbatlashdik.

— Bugungi kunda qanday zararkunanda va kasallik turlari uchramoqda?

— Bog‘ va tokzorlarda uchraydigan zararkunandalarning ayrim turlari – olma, olxo‘ri va uzum mevaxo‘rqurtlari, binafsharang, soxta qalqondorlar, meva o‘rgimchak kanalari, nok shirinchasi, nok shira biti, akatsiya soxta qalqondori, sharq meva qurti, g‘ilofli kuya mavsum davomida bir necha marta avlod berib katta zarar yetkazadi. 

Mevali daraxtlarning kasalliklarida teshikchali dog‘lanish (klyaster osporiyoz), monilioz (kuydirgi kasalligi), un shudring, parsha (qo‘tir kasalligi), shaftolining barg bujmayishi, olxo‘rining cho‘ntakcha kasalliklari hosilning sifat va miqdoriga katta ziyon yetkazmoqda.

Tokning ayrim kasalliklari, ayniqsa, unshudring (oidiun, kul kasalligi), antraknos kasalligi, soxta unshudring (mildyu) kasalliklari keng tarqalgan.

Karantin hisoblangan ayrim zararkunandalar – kaliforniya qalqondori, qonli bit, tut parvonasi, sitrus oqqanoti, parazit o‘simliklar – devpechak va zarpechaklar yil sayin juda ko‘p tarqalib, bog‘bon va sohibkorlarimizga juda katta tashvish tug‘dirmoqda.

Sabzavot va poliz ekinlarida zararkunandalardan o‘simlik bitlari, oqqanot, g‘ovaklovchi pashsha, zang kanasi, tunlamlar, kolorado qo‘ng‘izi, karam biti, karam oq kapalagi qurtlari, piyoz pashshasi, sabzi pashshasi, sabzavot ekinlari kasalliklaridan pomidorning fuzarioz, vertitsillioz so‘lish kasalliklari, fitoftorioz va qo‘ng‘ir dog‘lanish, kulrang chirish kasalliklari hamda virus kasalliklari (tamaki mozaykasi, juft strigi) va boshqa kasallik va zararkunandalar ochiqda hamda issiqxonalarda katta zarar keltiryapti.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda uchramaydigan zararli hashorat va kanalar ham turli yo‘llar orqali kirib keldi. Bunga misol qilib, sabzavot, poliz va kartoshka zararkunandalaridan kolorado qo‘ng‘izi, issiqxona oqqanati, g‘o‘za oqqanoti, g‘ovaklovchi pashshalar, zang kanasi, qovun pashshasini ko‘rsatib o‘tish joiz. Bulardan tashqari qo‘shni mamlakatlardan amerika kapalagi hamda kartoshka kuyasining kirib kelish xavfi mavjud.

— Xo‘sh, bog‘-rog‘larga zarar yetkazayotgan ushbu kasalliklarga qanday kurashish mumkin?

— Agrotexnik tadbirlar – erta bahorda zararkunanda va kasalliklar ta’sirida qurigan shox-shabbalarni kesish, shakl berish, shox-shabbalarni, ayniqsa to‘kilgan barglar va meva, uzum qoldiqlarini daladan chiqarib yo‘qotish, qator oralarini shudgorlash lozim. Mavsum davomida agrotexnik tadbirlarni, sug‘orish ishlarini belgilangan muddatda va me’yorlarda o‘tkazilishini ta’minlash, organik va mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida va me’yorlarida oziqlantirish, ko‘milgan toklarni o‘z muddatida ochish va ko‘tarish, xomtak qilish va chilpish kerak...

Sabzavot va poliz ekinlarida belgilangan barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z muddat va me’yorlarida amalga oshirish bilan hosilni mo‘l qilib olish mumkin.

Biologik himoya tadbirlari — hozirgi paytda mevali bog‘larda olma qurtining tuxumiga qarshi tuxumxo‘r parazit trixogramma, barg shiralariga qarshi oltinko‘z, qon bitiga qarshi afelinius, komstok qurtiga qarshi psevdofikus parazitlari hamda barg kemiruvchi qurtlariga qarshi mikrobiologik preparatlar qo‘llanilmoqda. Tabiiy kushandalarning faoliyatini kuchaytirish uchun bog‘larning ichiga nektarga boy o‘simliklar ekiladi.

Sabzavot va poliz ekinlarining zararkunandalariga qarshi biologik usulda kurashda ularning tabiiy kushandalaridan enkarziya (oqqanotga qarshi), oltinko‘z (shiralar, kanalar va tripsga qarshi), tuxumxo‘r trixogramma (yer osti va yer ustki tunlamlar tuxumiga qarshi), brakon paraziti (pomidor, karamda tunlam qurtlariga qarshi) samarali foydalanilmoqda.

Biologik usulni issiqxona va ochiq maydonlardagi sabzavot ekinlarida qo‘llash ekologik toza mahsulot yetkazib berishga imkon beradi.

Kimyoviy tadbirlar – mevali bog‘larda kalmaraz, klyasterosporioz, dog‘lanish va boshqa kasalliklarga qarshi erta bahorda kurtaklanish oldidan 3-4 foizli bordo suyuqligi yoki 1 foizli mis kuprosi eritmasi, zararkunandalarga qarshi mineral profinli preparatlar bilan ishlov berish lozim.

Tok oidum, antraknoz kasalliklarining oldini olish maqsadida 0,5-1 darajali OOЈ (ISO) qaynatmasi sepish va oltingugurt kukunini changlatish, mildyu, antroknoz kasalliklarining oldini olish uchun bordo suyuqligi yoki tarkibida mis tutuvchi fungitsidlar bilan ishlov o‘tkaziladi. 

Mildyu kasalligiga qarshi tok ko‘milmaydigan joylarda kuzda, tok ko‘miladigan joylarda toklar ochilgandan so‘ng 3 foizli bordo suyuqligi bilan ishlov berish, kurtaklar uyg‘ongandan so‘ng gullashga qadar 5-7 barg bo‘lganda va gullagandan keyin 1 foizli bordo suyuqligi yoki tarkibida mis tutuvchi fungitsidlar bilan ishlov o‘tkazish zarur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring