Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT «Jasliq»dan qamoq yoki tergov muassasasi sifatida umuman foydalanmaslikni so‘radi

BMT «Jasliq»dan qamoq yoki tergov muassasasi sifatida umuman foydalanmaslikni so‘radi

Foto: BMT

BMTning doimiy koordinatori Helena Freyzer «Jasliq» ixtisoslashtirilgan koloniyasining yopilishi borasida bayonot berib o‘tdi. Unga ko‘ra, BMTning O‘zbekistondagi mamlakat guruhi «Jasliq» koloniyasining tugatilishi to‘g‘risidagi Prezident qarorini olqishlaydi.

Ushbu qaror BMTning inson huquqlari bo‘yicha mexanizmlarning avvalgi tavsiyalariga, jumladan yaqinda bo‘lib o‘tgan Universal davriy hisobotning 3-davrida (2018-yilning may oyidagi 30-sessiyada) aytib o‘tilgan «Jasliqdagi koloniyani yopish, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi tomonidan monitoring uchun to‘liq va to‘siqsiz kirishni ta’minlash va BMTning Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazolarning oldini olish bo‘yicha konvensiyasining Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish» tavsiyasiga mos keladi.

Jasliq koloniyasidagi ayanchli ahvolni 2002-yil noyabr va dekabr oylarida BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Teo van Boven O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida tanqid qilgan. Xususan, u shunday degan: «Hukumat shoshilinch ravishda Jasliq koloniyasini yopish masalasini ko‘rib chiqishi zarur, chunki u hatto o‘zining joylashgan yeri bo‘yicha ham shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoga yaqin qamoq sharoitiga tushib qolgan».

Mamlakatdagi qonun hujjatlariga muvofiq, ushbu muassasalardagi barcha mahbuslar o‘zlarining avvalgi yashash joylariga yaqin joylaridagi koloniyalarga o‘tkazilish huquqiga egalar va ana shunda ularning yaqinlari u koloniyalarga tashrif buyurish huquqidan oson foydalana olishlari barobarida, avvalgidek, o‘z qarindoshlarini Jasliqqa ko‘rib borib ko‘rishdek uzoq masofani bosib o‘tishlariga zarurat qolmaydi.

Shuningdek, Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachining avvalgi tavsiyalaridan biriga havola qilgan holda, BMT mamlakat hukumatining 2019-yil 14-martda qabul qilgan Ombudsman to‘g‘risidagi qonunga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalarini ma’qullaydi. Yangi tartiblarga ko‘ra, Ombudsman O‘zbekistondagi barcha ozodlikni cheklash va undan mahrum qilish joylariga profilaktik monitoring maqsadidagi tashriflarni fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. BMT O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olishga salmoqli hissa qo‘shishi kerak bo‘lgan to‘laqonli milliy profilaktika mexanizmini shakllantirishda ko‘maklashishga tayyor. Fuqarolik jamiyati ekspertlarini yuqorida ta’kidlangan profilaktik monitoringlarga jalb qilish esa, O‘zbekistondagi yopiq muassasalar ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish uchun yangi yondashuv bo‘lishi shubhasiz.

2019-yil noyabr oyida O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi bilan amaliy muloqot olib boradi, unda O‘zbekiston tomonidan BMTning Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazolarning oldini olish bo‘yicha konvensiyasining (BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi) bajarilishi to‘g‘risidagi beshinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqiladi. Ushbu konvensiya O‘zbekiston tomonidan 1995-yilda ratifikatsiya qilingan.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha mexanizmlarining avvalgi tavsiyalari, jumladan, O‘zbekiston ishtirok etgan, 2018-yilning may oyidagi uchinchi Universal davriy hisobotga muvofiq, O‘zbekiston hukumatiga BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining 22-moddasida ko‘zda tutilgan bayonnoma bilan chiqish, shu orqali O‘zbekiston tomonidan mazkur Konvensiyaning bandlari buzilganligini da’vo qilgan shaxslarning murojaatlarini olish hamda ko‘rib chiqish borasidagi Qo‘mitaning vakolatini tan olish tavsiya qilingan edi. Shuningdek, hukumatga BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish tavsiya etilgan, unga binoan BMTning Qiynoqlarga qarshi quyi qo‘mitasiga O‘zbekistondagi yopiq muassasalarga tashrif buyurish huquqi berilishi va O‘zbekiston qiynoqlarning oldini olish uchun mamlakatning barcha qamoqxonalariga rejadan tashqari muntazam monitoring tashriflarni o‘tkazuvchi milliy profilaktika mexanizmini yaratishi zarurligi talab etiladi.

Prezidentning Qarorida «Jasliq» koloniyasining binolari, inshootlari va mavjud mol-mulklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tergov hibsxonasiga foydalanish uchun berilishi ko‘zda tutilganligi sababli, BMT ushbu muassasani dastlabki tergov vaqtidagi qamoqxona yoki jinoiy javobgarlik tizimining boshqa maqsadlari uchun bino sifatida yana ishlatmaslik zarurligini ta’kidlashni muhim deb hisoblaydi.

«Jasliq» koloniyasida saqlanayotgan barcha mahbuslarning oila a’zolari o‘z yaqinlari o‘tkaziladigan yangi muassasalar to‘g‘risida o‘z vaqtida va tegishli tarzda xabardor qilinishlari zarur.

O‘zbekistonda jinoiy qonunchilikni gumanizatsiya qilish va hibsga olish bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoiy sanksiyalarni kengroq qo‘llashni rag‘batlantirishga qaratilgan jinoiy odil sudlov tizimida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatda Probatsiya xizmati tashkil etildi va bu qadam ijobiy baholanishga loyiqdir. Shu bilan birga, ushbu jarayon doirasida BMT kelgusida jazoni ijro etish tizimini isloh qilishda hamda inson huquqlari tamoyillari va jinoyatlarning oldini olish va jinoiy odil sudlov sohasidagi BMT standartlari va me’yorlariga muvofiq qamoqqa olish bilan bog‘liq bo‘lmagan sanksiyalar va choralarni qo‘llashda O‘zbekistonga yordam berishga tayyorligini bildiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring