Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Bir qo‘y 2 so‘mu 50 tiyin...»: 120 yil avvalgi Toshkent haqida xotiralar

«Bir qo‘y 2 so‘mu 50 tiyin...»: 120 yil avvalgi Toshkent haqida xotiralar

«Bir qismi timdan iborat bozorda 4,5 mingta do‘kon, choyxona, oshxona, ustaxona va karvonsaroy borki, ular bozor kunlari tiqilnch bo‘ladi. Shaharliklar, dalalardan kelgan dehqonlar, tuya karvonlari, otliqlar, aravalar bilan shu qadar to‘lib ketadiki, yurishga iloj bo‘lmay qoladi. Bozorchilarning baqiriq-chaqiri, gadoylarning xayr-sadaqa tilashi, qalandaru maddohlarning qiroatli o‘qishlari, tuyalarning bo‘kirishi-yu, eshaklarning hangrashi aralash-quralash bo‘lib ketadi. Bu mahobatli gulduros bozordan olis-olislarda ham eshitilib turadi...»

Yuqoridagi xotiralar Toshkentning «Eski shahar» bozoridagi manzaradan hayratlangan rossiyalik V.Masalskiy tomonidan 1901-yilda bitilgan.

O‘sha vaqtda Chor Rossiyasi 1868-yildan Toshkentni o‘ziga qaram qilgani bois rus savdogarlarining mollari tobora ko‘payib, savdo g‘oyat qizg‘in borar, negaki mahalliy aholida ularga talab ham kuchli edi.

Ayniqsa, Rossiyaning Orenburg, Petropavlovsk shaharlaridan keladigan savdogarlar g‘oyat ko‘p bo‘lgan. Odatga ko‘ra, barcha yuklar karvonlar orqali keltirilib, bu shaharlardan yo‘lga chiqqan savdogar 35 kunda Toshkentga yetib kelar, gohida esa chorva mollarini haydab keladigan va ketadigan bo‘lsa, safar 50 – 60 kunga cho‘zilardi. Karvonlar orqali esa talab va ehtiyoj katta bo‘lgani bois, Rusiyadan ip-gazlama, gulli chit, doka, cho‘yan, mis, qand, movut va ro‘mollar olib kelingan.

Birgina 1874-yilda Toshkentga Petropavlovskdan 1.725 tuya, 1 ot, Toitskdan 6.551 tuya, Orenburgdan 6.455 tuya, 2 arava, Semipalatinskdan 7 tuya, 28 arava, Semirechenskdan 119 tuya, 5 ot, 55 arava, Qashqardan 561 tuya, 37 ot, G‘uljadan 18 tuyada mahsulotlar keltirilgan.

O‘lkada uzoq yillar xizmat qilgan rus generali A.P.Xoroshkinning esdaliklarida yozilishicha, «Toshkentda 20 so‘m puli bo‘lgan kishi bemalol savdogarlik qilaverishi mumkin. Zero, bir qo‘y 2 so‘mu 50 tiyin turadi».

Agar birgina 1874-yilda Rusiyadan keltirilgan mahsulotlar narxini ko‘zdan kechirsak, rus savdogarlarining mollariga qanchalik talab katta bo‘lganini ko‘ramiz. Masalan, attorlik mollari 174.888 so‘m, ipak va ipakdan to‘qilgan mollar 324.889 so‘m, gilam va paloslar 40.247 so‘m, tayyor buyum va poyafzallar 97.766 so‘m, yog‘och va yog‘och buyumlar 107.929 so‘m, choy 180.729 so‘m, baqqollik mollari 273.606 so‘mni, yigirilgan ip esa 1.244.238 so‘mni tashkil etgan. Ayni paytda Toshkentning mahalliy aholisi ishlab chiqargan 1.506.888 so‘mlik jun buyumlari, 6.592 so‘mlik yarim ipak matolar, 23.230 so‘mlik gilam va paloslar, 32.750 so‘mlik ot egari o‘sha paytda chetga eksport qilingan.

Tabiiyki, eksport va import qilingan shu va boshqa mollar Toshkent bozorlarida savdogarlar tomonidan xarid qilinar yoki mollarga almashtirilardi. Rossiya, Xitoy, Qashqar, Eron, Hindiston va Afg‘oniston bilan qizg‘in savdo yo‘lida joylashgan Toshkent bozorlaridagi manzarani taniqli rus rassomi V.Vereshchaginning xotiralaridan yaxshi bilsa bo‘ladi:

«Men ko‘rgan sharq shaharlarining hech birini kengligi jihatidan toshkentliklarning bozoriga tenglashtirib bo‘lmaydi. Undagi do‘konlar kichkina bo‘lsada, son-sanoqsiz. Aytish qiyin, Toshkentda do‘kondorlik bilan shug‘ullanmaydigan biror kishi bo‘lmasa kerak. Toshkent bozori ko‘chalar yig‘indisidan iborat bo‘lib, ularning har biri qator rastalardan iborat, bular hammasi torgina, ko‘rimsiz, ammo juda salqin ko‘chalar. Bo‘yralar ko‘chaning u boshidan bu boshigacha tortilgan bo‘lib, bir do‘kondan ikkinchisiga ulangan, ular quyosh issig‘ini qaytaradi. Hamma do‘konlar bir-biriga o‘xshaydi. Haftada uch kun – chorshanba, juma va yakshanba kunlari bozor bo‘ladi. Tushda bozor rosa qiziydi, savdo ishlari jonlanadi, odam juda tiqilinch bo‘lib ketadi. Ko‘chalarda eshak va tuyalarning ko‘pligidan yurish qiyinlashadi.

Bozorda mato bilan savdo qiluvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular eng uzun rastalarni egallagan bo‘lib, asosan, rus chitlari, shoyi va Qo‘qon hamda Buxoro paxtasi ipidan to‘qilgan matolar bilan savdo qilinadi. Bozorning boshqa rastalarida poyafzal, egar-jabduq va har xil teridan tayyorlangan buyumlar xarid qilinadi. Uchinchi rastada gilam, palos va kigizlar bilan savdo qiluvchilar to‘plangan. Eng asosiysi, Toshkentda a’lo sifatli gilam, palos va namatlar sotiladi. Bozorning yana bir rastasida shoyidan tikilgan kiyimlar joylashgan. Shoyi matoga o‘ta mohirlik bilan chiroyli, rangdor naqshlar tikilgan. Bu yerdagi kashtalarni xarid qilishda yevropalik, albatta shoshib qoladi.

Bozorning ichida temirchilik ustaxonasi bo‘lib, shu yerning o‘zida uy-ro‘zg‘or uchun kerakli mis va temir buyumlar sotiladigan rastalar joylashgan. Toshkentlik va qo‘qonlik ustalar ishlagan choynaklar, obdastalar, mis va kumushdan mohirlik bilan yasalgan zebu ziynat buyumlarining xaridori ko‘p. Yana bir rastada sopol buyumlar o‘z xaridorlarini kutib turibdi. Chinni idishlarga kelganda, maqtanmay qo‘ya qolay, ular Xitoydan keltirilgan», deya taassurotlarini qog‘ozga tushiradi rassom.

Garchi Turkiston o‘lkasi Rusiya imperiyasiga qarashli bo‘lgani bois, Toshkent bozorlarida rus savdogarlari mollari ko‘plab keltirilib tursa-da, boshqa davlatlar mahsulotlarini batamom siqib chiqarolmadi. Ya’ni Hindistondan doka, surp, qora murch, chit, ipak, kashmirdan shol, gilam, shoyi, Xitoydan chinni idishlar, choy, Erondan zebu ziynat va qimmatbaho toshlar, dori-darmonlar kelishi davom etaverdi. Ularga Toshkent bozorlarida ehtiyoj bor edi.

Biroq 1876-yili shu paytgacha ishlatilib kelingan tosh-tarozilar bekor qilinib, Rossiya moliya vazirligining qaroriga ko‘ra, rus tosh-tarozi o‘lchovi joriy etiladigan bo‘ldi. Shunga qaramay, savdogar va do‘kondorlar bu holatga ko‘nikib, Toshkent bozorlarini o‘z mahsulotlari bilan to‘ldirishda davom etaverdi.

1899-yilda Toshkentga kelgan Olga Lori mo‘l-ko‘lchilikni shunday ta’riflagan edi: «Eski shahar deb ataladigan joyning bozori toshkentliklar faxr bilan tilga oladigan, diqqatga sazovor maskandir. Biz bu savdo rastalariga kirib qolib, chiqolmay juda uzoq ovora bo‘ldik, chunki odam zichligidan orqaga qaytib bo‘lmasdi.Butun bozorni kechib o‘tguncha, ikki soatcha qiynalishga majbur bo‘ldik».

Bunday gavjumlik va mo‘l-ko‘lchilik 1917-yilning ag‘dar-to‘ntarigacha shu holatda davom etdi.

Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring