Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bir kishi bir yilda qancha go‘sht iste’mol etishi ma’lum qilindi

Bir kishi bir yilda qancha go‘sht iste’mol etishi ma’lum qilindi

Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani iqlim sharoiti qulayligi bois kartoshka yetishtirishga moslashgan. Bu haqda tuman hokimi Avazbek Ergashev Xalq deputatlari kengashidagi oziq-ovqat xavfsizligi yuzasidan tashkil etilgan sessiyada ma’lum qildi.

— Tumanning kartoshkaga bo‘lgan ehtiyojidan tashqari mahsulot yetishtira oladi. Hozirda kartoshkani dehqondan sotib olib, zaxira yaratish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Buning uchun 2,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Go‘sht ta’minotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2017 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qo‘rg‘ontepani chorvachilikka ixtisoslashgan tuman, deb e’lon qilgan edi. Chorvachilikni rivojlantirish uchun tadbirkorlarga 5 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Xorijdan 87, 5 ming bosh qoramol keltirildi.

Me’yorga ko‘ra, har bir inson yil davomida 39,5 kilogramm go‘sht iste’mol qilishi kerak. Tuman ichki ehtiyoji uchun yiliga 9 ming tonna go‘sht kerak bo‘ladi. Yil yakuniga qadar esa 11 ming tonna go‘sht yetishtirish rejalashtirilgan. Ichki iste’moldan ortgani Andijon shahriga yetkazib berilmoqda va bir kilogrammi 46-48 ming so‘mdan sotilyapti.

Afsuski Qo‘rg‘ontepada baliqchilik bo‘yicha ishlarimiz yaxshi emas. Agarda ichki iste’mol uchun 3 ming tonna baliq kerak bo‘lsa, shundan 250-300 tonnasi o‘zimizda yetishtiriladi, holos. Shundan kelib chiqib, 13 ta intensiv baliq hovuzlari tashkil etilmoqda.

Un mahsulotlari bo‘yicha zaxira yetarli. Barcha bug‘doy mahsulotlari davlat omborlariga topshirilgan va bu borada mutlaqo muammo yo‘q.

Tumanga ichki ehtiyoj uchun 2 ming tonna o‘simlik yog‘i kerak bo‘ladi. Ta’minotni yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorlarimiz qo‘shimcha shartnoma qilishgan va chetdan yog‘ olib kirishadi. Hozir tumanda yog‘ zavodi qurilmoqda, 2021 yilda ishga tushgach, ichki iste’mol bo‘yicha hech qanday muammo qolmaydi.

Xom-ashyo uchun takroriy ekin sifatida 850 gektar yerga kungaboqar ekildi. Mana shu yerdan olinadigan 2 ming tonna hosil o‘zimizda qayta ishlanadi.

Tumanda 800 gektardan oshiq yerga sholi ekilgan. Shunday ekan, guruch borasida ham muammo bo‘lmaydi.

Tumanda yetishmayotgan shakar, yog‘ va baliq mahsulotlarini tadbirkorlar faoliyati evaziga qoplanadi. Ular me’yordagi narxda savdo yuritishi uchun 2,5 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek kredit hisobiga 1,3 milliard so‘m va tadbirkorning shaxsiy mablag‘i evaziga 1,5 milliard so‘m jalb etiladi.

Narx-navo hokimlik va departament bo‘limi tomonidan nazoratda. Narxni oshirganlar shunchaki jazolanmaydi, balki ular bilan ish olib borilib, qayerdan arzon narxda olib kelib, arzon sotish mumkinligi tushuntiriladi.

Shu o‘rinda aytish lozim, tuxum narxi oshib ketishiga olib-sotarlar faoliyati sabab bo‘lmoqda. Buning oldini olish uchun ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorda sotishi yo‘lga qo‘yildi. Natijada 1300 so‘mga chiqib ketgan tuxum narxi 800-900 so‘mga tushirildi.

Supermarketlar qimmat narxda savdo yuritayotgani haqida ma’lumotlarimiz bor. Biz tadbirkor faoliyatiga aralashishga haqli emasmiz. Ammo ular bilan ham tushuntirish ishlari olib borilib, biz olayotgan narxdan qimmatga olib kelayotgan bo‘lsa, arzon joydan olishini ta’minlab beryapmiz, — deya ta’kidlab o‘tdi tuman hokimi.

Kengash davomida hokimga quyidagicha savol berildi:

— O‘zbekistonda kartoshka narxi bot-bot ko‘tarilib turadi. Qo‘rg‘ontepa yerlari va iqlimi bu mahsulotni yetishtirishga qulay ekan. Shunday ekan, paxta va g‘alladan ko‘ra kartoshka yetishtirish ham qulay, ham samarali emasmi? Bu bo‘yicha rahbariyatga qandaydir taklif berganmisiz?

— Yaxshi savol bo‘ldi. Bu bo‘yicha ish olib borilyapti, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra kartoshkachilik rivoji uchun bir qator qarorlar qabul qilingan. Bir qator yerlarimiz paxta va g‘alladan ozod qilinib, poliz mahsulotlari yetishtirishga o‘tkazilgan. 2019 yilgi Prezident tashrifi davomida qishloq xo‘jaligi vazirligiga kartoshka urug‘chiligini joriy etish bo‘yicha alohida taklif bilan chiqqanman. Ko‘rg‘ontepa tumani shu sohani rivojlantirish uchun tanlab olingan 7 tumandan biri bo‘lib turibdi.

Ikkinchidan, taklifimizdan so‘ng Andijon shahrida tashkil etilishi rejalashtirilgan kartoshka markazi tumanda ochildi. Urug‘chilik sohasida kerak bo‘ladigan yana 400 gektar yer paxta va g‘alladan ozod qilinib, kartoshkachilikka ajratildi.

Uchinchidan, kartoshkachilik markazi tashkil etilgandan so‘ng xorij tajribasini o‘zlashtirish bo‘yicha katta ko‘lamda ish boshlab yuborildi. Mana 3 oydirki Rossiya bilan muzokara olib bormoqdamiz. Yaqin vaqtlar ichida rossiyalik olimlar Qo‘rg‘ontepada o‘z laboratoriyasini ochadi va tadqiqotlarini boshlaydi.

Shuningdek Toshkentdagi ilmiy markaz bilan ham muzokara olib bordik. O‘zimizning olimlar ham Qo‘rg‘ontepada kartoshka urug‘chiligi bo‘yicha ish olib boradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring