Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Baliq emas, qarmoq bering

Baliq emas, qarmoq bering

«Oliygohni bitirib poliklinikada ayollar shifokori bo‘lib ishlab yurgan davrimda 19 yoshli kelinchak bepushtlik (1,5 yil) bilan davolandi. Homiladorlik davrida ham o‘zim nazorat qilib turdim. Sentyabr oyida qizcha tug‘ildi. Hammasi har doimdagidek edi men uchun.

Oradan 3 oy o‘tib noyabr oxirida qo‘lida bolasi bilan yana yonimga qabulga keldi. Ozib-to‘zib ketgan, ranglari za’faron edi. Nigohim oyoqlariga tushganda, paypoqsizligini sezdim. Tashqari anchagina salqin. U mendan bir oz pul qarz so‘rab yig‘lab yubordi. O‘rnimdan turib quchoqlab oldim, uning butun vujudi titrar, bolasi ochligini, kasha olishga puli yo‘qligini aytdi.

Ishim oxirlagach, yo‘ldan bolanining ozuqasini olishimizni, agar vaqti bo‘lsa uyimga olib borib, bir oz dam olishini aytdim. Uyim ishxonamga 5-10 daqiqalik yo‘l edi. Yo‘l-yo‘lakay do‘konga kirdik, ul-bul xarid qildik. Qizaloqni ovqatlantirib, pul topishni o‘rgatmoqchiligimni aytdim, u hayron edi. Tezgina do‘kondan olgan masalliqlardan xamir qildim. Ikki patnisda pechene tayyorlab, shuni uyi yonidagi maktab atrofida sotishini iltimos qildim va hisoblab undan qancha daromad topishini aytdim...

Hozirda shu kelin buvijon, qo‘lidagi qizalog‘i ona — Westministr universitetining oxirgi kurs talabasi, bir oilaning kelini.

Hayotimiz bizga har kun, har hafta, har oy yangi-yangi insonlar bilan uchrashuvlarni bir sinov, bir maktab, bir mukofot tariqasida tuhfa qiladi».

Shifokor Nargiza Muratova facebook sahifasida yozgan ushbu voqeani bir ayolning ijtimoiy tarmoqlarda «yo jonimga qasd qilaman, yo bolalarimni mehribonlik uyiga topshiraman», degan videomurojaati tarqagan kunlari o‘qidim.

Shunday ulug‘ ayyom kunlari barcha savobtalab insonlar orqali bu ayol uchun bir uyga va uning jihozlariga yetgulik mablag‘ yig‘ildi. Garchi uni qo‘llab-quvvatlaganlar ko‘p bo‘lsa-da, «bundaylar ko‘payib ketdi, ishlasa bo‘lmaydimi», «ikki marta turmushga chiqib ajrashgan ekan, homiylar yordam berarkan deb oilasini arzimagan narsaga buzadiganlar ko‘payib ketmasmikan?», «mahalla tikuv mashinasi beramiz, ishlab pul topasiz desa tikish qo‘limdan kelmaydi, debdi, axir tayyor tikuv mashinasi berishsa o‘zi ishlab pul topsa bo‘ladiku», «baliq emas, qarmoq berish kerak, ertaga yana boshqa ehtiyojlari uchun yana murojaat qilishdan uyalmaydiganlar bor», deb fikr bildirganlar ham talaygina edi.

Keyingi paytlarda pandemiya tufayli ishsizlik ko‘paygani, xorijdan qaytib kelgan hamyurtlarimiz ham ularning safiga qo‘shilgani vaziyatni yanada mushkullashtirgani bor gap. Lekin to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib ishlashni xohlamayotgan, hamon davlatdan yo odamlardan yordam kutib yashayotganlarning ham ko‘payayotgani taassuflanarli holat.

—Quyi Chirchiq tumanida turmush o‘rtog‘i bilan rasmiy nikohda, lekin birga yashamaydigan uch nafar farzandli ayol bor. Ushbu fuqaroga vaqtinchalik ijarada yashab turishi uchun joy qilib berilgan. Mehnatga layoqatli, voyaga yetmagan farzandi borligi uchun ishga joylasha olmasligini ma’lum qilganidan so‘ng, farzandi xususiy bog‘chaga homiylik to‘lov asosida topshirilgan. Lekin bolasi bog‘chaga borayotgan bo‘lsada bir necha joylardan ish taklif qilishimizga qaramay ishlashni istamaydi. Mana o‘sha ayolga ikki yil davomida berilgan yordam ro‘yxati bilan tanishib chiqing, — deydi bunday holatlarga ish faoliyati jarayonida har kuni duch keladigan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva bir qancha hujjatlarni tutqazgancha...

Hujjatlar bilan tanishamiz. Yuqorida misol keltirilgan ayolga berilgan yordam: «Bolalar nafaqa puli rasmiylashtirib berildi. 2019-2020 yil Hayit bayramlarida 1 mln so‘m pul mablag‘i va oziq-ovqat mahsuloti berilgan. Ijara uyning tomorqasi hashar yo‘li bilan ag‘darilgan va homiylar tomonidan ko‘chatlar olingan. Kommunal to‘lovlari to‘lab berilgan (gaz, svet). Karantin davri mobaynida Agrobank Quyi Chirchiq filiali tomonidan 3 oy mobaynida plastik kartochkasiga 1 million so‘mdan jami 3 million so‘m pul mablag‘i o‘tkazilgan.

Yangi yil bayrami arafasida «Vaqf» xayriya fondi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, homiylar tomonidan bolalar kolyaskasi va isitish pech olib berilgan. Oilasidagi 4 nafar kishiga 220 mingdan jami 880 ming so‘m pul mablag‘i, 3 nafar farzandiga 500 mingdan jami 1 million 500 ming so‘m berilgan. Agrobank Quyi Chirchiq filiali tomonidan 800 ming, tuman elektr tarmoqlari tomonidan 1 million so‘m xayriya qilingan. Tuman IIB boshlig‘i tomonidan farzandlarining sog‘lig‘ini tiklash uchun dori-darmon olib berilgan...»

Biz ushbu hujjatni bejizga qanday bo‘lsa, shundayligicha taqdim etmadik boisi, boshqalarda tasavvur uyg‘onsin — qo‘l-oyog‘i but insonning yeri bo‘la turib imkoniyatdan foydalanmayotgani, hattoki ko‘chatni homiylar olib berayotganiga e’tibor qaratmoqchimiz.

Hujjatlar bilan tanishishda davom etamiz. Qarangki, ular orasida ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat qilib ko‘pchilikning rahmini keltirgan videolavhalarga munosabatlar ham bor ekan. Biz murojaatlar qaysi hududdan ekanligini ochiqlashni lozim topmadik.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan, fuqaroning og‘ir turmush tarzi bayon etilgan birinchi videolavhaga munosabat:

Mazkur videolavhada fuqaro Zarina Malikova (ism, familiyasi o‘zgartirilgan) yetti kishi istiqomat qiladigan oilada yolg‘iz boquvchi ekanligi, tuman hokimligi va mahalla tomonidan oilaga hech qanday yordam berilmayotganligi bayon etilgan.

Keltirib o‘tilgan holat tumani hokimligi hamda tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mas’ul xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokida o‘rganib chiqildi hamda murojaatchi bilan yuzma-yuz suhbat olib borildi.

O‘rganishlar asosida quyidagilar ma’lum qilinadi:

Fuqaro Z.Malikovaning bir nafar farzandi bor. Uning farzandi oliy ma’lumotli — maktabda ishlaydi. Shuningdek, ushbu xonadonda fuqaro Z.Malikovaning singlisi va uning qizi, jami 4 kishi istiqomat qiladi.

Fuqaro 365 ming so‘m yoshga doir pensiya oladi, shuningdek, «Ayollar daftari»ga kiritilgan. Uning singlisi 2-guruh nogironi sifatida 305 ming so‘m miqdorida nogironlik nafaqasi oladi. Oilaning 30 sotixli tomorqa yeri, shuningdek, 2 bosh yirik shoxli va 3 bosh mayda shoxli, jami 5 bosh qora moli bor. Shuningdek, Z.Malikova qassobchilik bilan shug‘ullanadigan aka-ukalariga yordam berishi ortidan doimiy qo‘shimcha daromad manbaiga ega.

Fuqaro Z.Malikovaning oilasiga mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan pandemiya vaqtida, shuningdek, hozirga qadar muntazam ravishda oziq-ovqat mahsulotlari berib kelingan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6038-sonli Farmoniga asosan, oiladagi har jon boshiga bir martalik 220 ming so‘mdan, jami 880 ming so‘m miqdoridagi moddiy yordam puli berilgan. 2019 yil oktyabr oyida ushbu oilaga kredit evaziga 15 bosh tovuq olishga ko‘mak berilgan. Ammo oilaning kredit to‘lash imkoniyati bo‘lmagani sababli kredit va unga hisoblangan bank foizlari mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan to‘liq to‘lab berilgan. Oilaga mahalla tomonidan hududdagi tadbirkorlarning homiylik oziq-ovqat mahsulotlari muntazam berib boriladi. Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, videolavha tasvirga olingan kuni fuqaro Z.Malikovaning boshqa mahallada yashovchi singlisi farzandlari bilan xonadonga mehmonga kelgan. Videolavhada namoyish etilgan bola ham uning farzandlaridan biri hisoblanadi.

Murojaatni o‘rganish davomida fuqaro Z.Malikovaga tuman hokimligi tomonidan 1.000.000 (bir million) so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.

Xuddi shunday viloyatlarning yana biridan ijtimoiy tarmoqlarda aylangan ikkinchi videolavhaga munosabat:

Mazkur xabarda yotoqxonada yashovchi, Salima Kamolova (ism familiyasi o‘zgartirilgan) hamda oilasining hozirda og‘ir turmush sharoitda yashayotganligi bayon etilgan.

Holat yuzasidan tegishli tartibda olib borilgan o‘rganish ishlari bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi. Fuqaro bir nafar voyaga yetmagan farzandi bor. S. Kamolova turmush o‘rtog‘ining tutqanoq kasalligi bilan kasallanganligi to‘g‘risidagi xabar o‘rnatilgan tartibda tekshirildi hamda hudud poliklinika tomonidan berilgan ma’lumotnomaga asosan, turmush o‘rtog‘i fuqaro Sh.Qosimov (ism famliyasi o‘zgartirilgan) ruhiy va norkologik kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turmasligi aniqlandi. Turmush o‘rtog‘i Sh.Qosimov O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasidan o‘z xohishiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan.

O‘rganishlar asosida fuqaro S.Kamolovaning uy-joyga muhtojligi hamda turmush o‘rtog‘ining ishsiz ekanligi inobatga olinib «Yoshlar daftari»ga ro‘yxatga olingan. Ayni vaqtda bir martalik pul mablag‘i bilan ta’minlash maqsadida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Fuqaro Sh.Qosimovni ish bilan ta’minlash maqsadida tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan unga farmatsevtik vositalar ishlab chiqarish korxonasiga elektr ustasi (oylik ish haqi 1.200.000 so‘mdan 1.800.000 so‘mgacha, bepul transport xizmati mavjud) sifatida ishga joylashtirish taklifi berildi. Ammo fuqaro Sh.Qosimov oylik ish haqi kam ekanligini ma’lum qildi va taklifni rad etdi...

Xullas bunday hujjatlar hisobsiz. Haqiqiy muhtojlar qolib qo‘l-oyog‘i but, ishlash layoqati bor hamyurtlarimizning davlatdan yordam so‘rashi kelgusida yosh avlodning tayyorga ayyor va boqimandalikni kasb qilib olishiga ishora emasmi?

Hujjatlarda keltirilishicha, men kam ta’minlanganman deganlarning qarindoshlari bor yoki ish taklif qilinganishiga qaramay rad qilingan holatlari bo‘lgan. Axir qo‘ldan berganga qush to‘ymas.

Maqolaning boshida bejizga biz shifokorning tajribasini keltirmadik. Odamlarga tayyor baliqni emas, baliq tutishni o‘rgatadigan yo‘llarni izlashimiz kerak. Bo‘lmasa, homiylar bor, ular qaynar xumcha ekan, deb o‘zini nochor ko‘rsatadigan, halol mehnat orqali pul topmay kun ko‘radiganlar ko‘paygandan ko‘payadi. Beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r, deganlaridek oson topilgan pulni osongina sarflayotganlar ham bizning yon-atrofimizda yashayotgan hamyurtlarimiz... bu endi alohida mavzu.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring