Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Antimonopol qo‘mita «UzAutoMotors»dan axloqiy me’yorlardan chiqmaslikni so‘radi

Antimonopol qo‘mita «UzAutoMotors»dan axloqiy me’yorlardan chiqmaslikni so‘radi

Joriy yilning 2-oktyabr sanasida Toshkent shahar ma’muriy sudida «UzAutoMotors» AJning O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud ishi boshlangan edi. 2020-yil 16-oktyabr sanasida ushbu sudning 3 yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmatining qayd etishicha, shu vaqtga qadar Qo‘mita sud jarayoni tafsilotlariga hech qanday izoh bermay kelayotgan edi, chunki «UzAutoMotors» AJ tomonidan keltirilgan har qanday da’vo va shikoyatlariga Qo‘mitaning ekspertlari tomonidan bevosita ish ko‘rilish jarayonida javob berib kelinmoqda.

Biroq, «UzAutoMotors» vakillari hali yopilmagan sud ishi tafsilotlariga o‘zlarining rasmiy munosabatlarini bildirib, hissiyotga berilgan holda ochiqchasiga Davlat organi xodimlarini noprofessional va malakasizlikda ayblamoqda. Jumladan: «...tekshiruvga jalb etgan ekspertlarning salohiyatsizligi mijozlar bazamizning bir qismining ko‘ngli sovishiga olib kelganligidan afsusdamiz...»

Sud yig‘ilishining 3-kuni ham bundan mustasno bo‘lmadi. Xususan, AJ tomonidan quyidagilar e’lon qilindi: «...Tinglovlar javobgarning argumentlari zaif ekanligini tasdiqladi va bu kutilgan holat edi...».

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ushbu masala bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi:

«UzAutoMotors» AJning iltimosnomasiga ko‘ra, navbatdagi sud ishi yopiq ko‘rilgani uchun, Qo‘mita qonunni buzmagan holda, jarayon davomida tomonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan barcha tortishuv va qarama-qarshiliklar tafsilotlarini oshkor eta olmaydi. Ammo Qo‘mita «UzAutoMotors» AJ tomonidan, Maxsus komissiya qaroriga nisbatan qarshi keltirilgan dalillar yetarli darajada asoslanmaganligini ishonch bilan e’lon qiladi! Shu bilan birga, sudda «ayblanuvchining dalillari zaifligi» tasdiqlanmagan. Eslatib o‘tamiz, sud jarayoni keyingi haftaning juma kuniga qoldirildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «UzAutoMotors» AJni davlat organiga nisbatan axloqiy me’yorlardan chiqmagan holda mulohaza yuritishga chorlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring