Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amudaryo sohili sari. O‘zbek sayyohining ko‘rgan-kechirganlari

Amudaryo sohili sari. O‘zbek sayyohining ko‘rgan-kechirganlari

Foto: Jomboy tongi

Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreyada bo‘l­ganman. Ammo Jiz­­zaxu Toshkentni demasa, yurtimiz bo‘ylab sayohat qilish nasib etmagandi.

Ichki turizmni rivojlantirish borasida katta qadamlar tashlan­yapti. Bayramlar arafasida ketma-ket dam olish kunlari joriy qilinishidan maqsad ham shu. Xullas, imkoniyatdan foydalanib, Surxondaryoga safar qildim.

Samarqand-Termiz oralig‘i qariyb 400 kilometrni tashkil qiladi. Erta tongda yo‘lga chiqdik. Ulovimiz Taxtiqoracha dovonidan oshib o‘tganida quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandi.

– Ana, Kesh vodiysi kaftdek ko‘rinib turibdi, – so‘z boshladi oltmish yoshlardagi hamrohimiz. – Temur bobo shu tuproqda tug‘ilib, voyaga yetgan. Havosini qarang. Bahridiling yayraydi.

Haqiqatan tog‘ havosi yoqimli, mayin shabada esib turibdi. Uzoqlarga kaft tutgan cho‘qqilar sarhadini ko‘z ilg‘amaydi. Aytishlaricha, Taxtiqoracha tog‘lari qachonlardir harakatdagi vulqon bo‘lgan. Yonbag‘ir bo‘ylab oqib borayotgan lava ko‘rinishidagi toshlar bu afsonani tasdiqlab turgandek. Avval Kitob, so‘ng Shahrisabz tumanlaridan o‘tdik.

Azamat chinorlar saf tortgan manzilda haydovchi tezlikni pasaytirdi.

– Shu yerda tushlik qilib olsak, nima deysizlar? Chinorlarning yoshi ming yildan kam emas. Mahalliy aholi hikmatli daraxtlar deydi.

Aylanasiga uch-to‘rt kishining qulochi yetmaydigan ulkan chinor soyasida tushlik qildik.

Qarangki, bu yerda baxshi bor ekan. Do‘mbira chertib, doston aytadigan haqiqiy baxshi!

Qo‘shni so‘rida avval tamaddi qilib olgan otaxon xo‘randalar iltimosiga ko‘ra xalq termalaridan aytib berdi.

Dayrajon dayramas, sen g‘arib,

Odamzodlardan-a men g‘arib,

Jo‘l totarmanda-yey cho‘ng xorib,

Bu jurishlarga-yey o‘lmadim.

Zindonda yottim-yey men chirib,

Tinglagin Oqsuvning dayrasi-ye-yey!

Ikkovlar bo‘ldik oh, teng g‘arib...

Aytim ohangi xayolingni olis-olislarga olib ketadi. Do‘mbira ming yil avvalgi Oqsuv daryosi yoqasida Hakimbiy bo‘lib, kechmishidan hikoya qilayotgandek.

Yo‘lda davom etdik.

***

Termizda yoru-do‘stlar kutib olishdi. Bir kun qo‘noq bo‘lib, ertasiga ko‘hna shahar bo‘ylab sayohat qildik.

Termiz Samarqanddan biroz kichikroq. Ammo shinam, ozoda. Odamlar yuz-ko‘zida samimiyat balqib turadi. Yo‘llari oq va qora turlarga bo‘linarkan. Ayrim yo‘llari beton qorishmasidan, ayrimlari odatdagi asfalt qoplamali. Buni Surxon tuprog‘ining ikki xilligi bilan izohlashdi. Ya’ni, asfalt yaxshi ushlamaydigan hududlarda beton qorishmasidan foydalaniladi.

Termiziy majmuasini ziyorat qildik.

Islom olamida bu zotning hurmati baland. Aslida, dunyo tan olgan olti muhaddisning uch nafari bizning ajdodlarimiz bo‘lgan. Ulardan biri Abu Iso at-Termiziy edi.

Maqbarani aylanib chuqur o‘yga toldim. Har bir giyoh, har bir tosh, obidaning har bir g‘ishti hadis aytayotgandek tuyuladi. Alloma bilan g‘oyibona suhbatlashdim. U zotga safdoshi va salafi Imom Buxoriy yotgan tuproqdan kelganimni aytdim.

Maqbaradan chiqarkanmiz, ko‘nglim ravshanlashgandek edi.

Uch kun davom etgan safar davomida Surxondaryo tarvuzlari aprel boshidayoq pishib, bozorga chiqishiga guvoh bo‘ldik. Eshak aravali qariyalaru uloqda yuz karra g‘olib bo‘lgan polvonlar bilan suhbat qurdik.

Termiz kundan kun chiroy ochib borayotgani rost. Yaqin yillarda Samarqand, Buxoro, Xiva kabi sayyohlik markazlaridan biriga aylanishi shubhasiz.

Sohibjon SAYFULLAYeV,

"Jomboy tongi" muxbiri

(Samarqand-Termiz-Samarqand).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring