Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Qodirov Jirinovskiyga sanksiya joriy qilishni taklif etdi

Alisher Qodirov Jirinovskiyga sanksiya joriy qilishni taklif etdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» DP MK raisi Alisher Qodirov mamlakatimizga hurmatsizlik qilganlar uchun sanksiyalar joriy qilish haqida o‘ylab ko‘rish kerakligini qayd etdi.

«Uinston Cherchill «...akkillagan laychalarning hammasiga tosh otaversang, manzilingga yetib borishing qiyinlashadi», deganida Jirinovskiyga o‘xshaganlarni nazarda tutgan bo‘lsa kerak. Cherchillning dono o‘gitiga quloq tutib, bu shaxsning so‘zlariga e’tibor bermasdan o‘tib ketish to‘g‘ri bo‘lar edi, lekin qisqacha fikrimni bildirib qo‘yish zarar qilmaydi, deb o‘yladim:

Birinchidan, Jirinovskiyning bu bayonotlari, hatto norasmiy bo‘lsa ham, Rossiyaning xalqaro obro‘siga zarar beradi. Rossiyaning kam sonli hamkor mamlakatlari uchun ham, rivojlangan dunyo kabi, Rossiya bosqinchi va ikkiyuzlamachi davlat deya xavotirlanishlariga yo‘l ochadi;

Ikkinchidan, bugungi Rossiya Rus imperiyasini tiklash, boshqa hududlarni qo‘shib olish xaqida emas, tarqalib ketmaslik xaqida ko‘proq bosh qotirayapti. Shu sababli, Jirinovskiyning bunday aljirashlariga rus rasmiy doiralari birinchi bo‘lib munosabat bildirishlari kerak, deb o‘ylayman;

Uchinchidan, so‘nggi vaqtlarda Rossiyadagi rasmiy doiralar Markaziy Osiyoda mahalliy ruslarga hurmatsizlik qilinayotgani sabab alohida sub’yektlarga sanksiyalar qo‘llashmoqda. Lekin boshqa millatlarga hurmatsizlik qilayotgan o‘z rasmiylariga nisbatan ovoz ham chiqarmayaptilar. Bu ikkiyuzlamachilik emasmi?

Markaziy Osiyoda yashayotgan rus vatandoshlarimizning mahalliy aholi bilan munosabati buzilishiga aynan shu kabi kaltabin bayonotlar sabab bo‘lmoqda.

Menimcha, biz ham mamlakatimizga hurmatsizlik qilganlar uchun sanksiyalar joriy qilish haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak», deb yozadi Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Qodirov O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring