Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Akmal Saidov Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga saylandi

Akmal Saidov Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga saylandi

Foto: «kultura.uz»

Ayni kunlarda parlament a’zolaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Serbiya poytaxti Belgrad shahrida bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 141-sessiyasi ishida qatnashmoqda, deb xabar bermoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

1889-yilda tuzilgan Parlamentlararo Ittifoq turli davlatlarning milliy parlament guruhlarini birlashtiruvchi xalqaro (hukumatlar qaramog‘ida bo‘lmagan) tashkilotlardan biri hisoblanadi. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirish mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir. Ayni vaqtda Parlamentlararo Ittifoqqa 178 davlat parlamentlari a’zo hisoblanadi. 2017-yil 13-oktyabrdan O‘zbekiston Respublikasi mazkur tashkilotdagi a’zoligini qayta tikladi.

Parlamentlararo Ittifoq BMT bilan yaqin xamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qo‘llab-quvvatlab keladi. Parlamentlararo Ittifoqqa BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan.

Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 141-sessiyasida 2020-2022-yillarga Parlamentlararo Ittifoqning Yevrosiyo guruhidan  Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qo‘mitasi a’zoligiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi, akademik Akmal Saidovning nomzodi ilgari surilgan edi.

Bugun — 18-oktyabr kuni o‘tkazilgan yuqori maqomdagi majlisda A.Saidov nomzodi tasdiqlanib, u Parlamentlararo Ittifoqning Yevrosiyo guruhidan  Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qo‘mitasi a’zoligiga saylandi. 

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakilining Parlamentlararo Ittifoqning Ijroiya Qo‘mitasidagi a’zoligi mamlakatimizga xalqaro parlamentlararo tuzilmalarining faoliyat maydonlaridan samarali foydalanish, o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli, konstruktiv xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish, ilg‘or amaliyot bilan tanishish, eng muhimi, O‘zbekiston manfaatlariga oid dolzarb masalalarni faol ilgari surish imkonini beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring