Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ajrimsiz Toshkent»

«Ajrimsiz Toshkent»

Foto: «Xabar.uz»

Poytaxt prokuraturasi xotin-qizlar masalalari bilan alohida shug‘ullanmoqda.

Oilaviy ajrimlar soni xavotirli darajada ekani bor gap. Oilaviy qo‘ydi-chiqdilardan birinchi navbatda voyaga yetmagan bolalar, qolaversa, ayollar ko‘proq aziyat chekishi ham rost. Ancha payt bunday og‘riqli masala mahalla fuqarolar yig‘inlari huzuridagi ta’sirsiz Yarashuv komissiyalariga tashlab qo‘yilgani bugun qanday oqibatlarga olib kelganini ko‘rib-bilib turibmiz. Oilaviy mojarolar insonning shaxsiy hayotiga bog‘liq masala bo‘lsa-da, ajrimlar oqibatida yuzaga kelayotgan muammolar jamiyatning boshog‘rig‘iga aylanishini inkor etib bo‘lmaydi.

O‘tgan yilning oxirida Toshkent shahar prokuraturasi rahbariyati tashabbusi bilan «Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha ommaviy qabullar» tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi. Va poytaxtning har bir tumanida tegishli idoralar bilan hamkorlikda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, mavjud muammolarini aniqlash va bartaraf etish borasida kechiktirib bo‘lmas ishlar amalga oshirishga tushildi. Bunda oila institutini mustahkamlash va oilaviy ajrimlarning oldini olish, xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvoldagi ayollarga yordam ko‘rsatish, nozik jins vakilalari o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyat sodir etilishini oldini olish, ayollarning salomatligini mustahkamlash kabi masalalarga ustuvor vazifa tariqasida qaralmoqda.

Bir oyga yetmagan vaqt davomida Toshkentdagi barcha tumanlarda aynan shunday tadbirlar amalga oshirildi.

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent shahar prokurori katta yordamchisi, adliya maslahatchisi Sevara Saidjonovaning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, shunday tadbirlardan biri kuni kecha Uchtepa tumanida bo‘lib o‘tdi.

Tumandagi «Nur saroy» tantanalar uyida o‘tkazilgan tadbirda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, prokuratura, sud, hokimlik, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, o‘zini-o‘zi boshqarish, «Nuroniy» va boshqa nodavlat-notijorat tashkilotlari xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida 10 nafar oila yarashtirildi. Bunday savobli ishlarga sababchi bo‘lganlarga tashakkurnomalar topshirildi. Shuningdek, xotin-qizlarning sayyor qabuli ham o‘tkazilib, jami 80 nafar ayolning murojaatlari tinglandi.

Sevara Saidjonovaning alohida ta’kidlashicha, murojaatlar shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olinib, qonuniy hal qilinishi ta’minlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring