Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Advokat» jurnali va «Advokatnews.uz» sayti jurnalistlari vodiyga yo‘l olishdi. Muddao nima?

«Advokat» jurnali va «Advokatnews.uz» sayti jurnalistlari vodiyga yo‘l olishdi. Muddao nima?

Foto: «Platon.asia»

«Advokat» jurnali va «Advokatnews.uz» sayti jurnalistlari Farg‘ona vodiysi viloyatlariga yo‘l olishdi. Xo‘sh, safardan maqsad-muddao nima?

«Advokatnews.uz» tahririyatiga ko‘ra, keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlar va elektron OAVda mamlakatimizda inson huquqlari buzilishi holatlari bo‘yicha shov-shuvli axborotlar, ayniqsa, huquqi poymol bo‘layotgan fuqarolarning shaxsiy murojaatlari soni ko‘payib borayotganday. Buning ijobiy tomonlari ham bor va hozir gap bu haqda emas. Masalaning nozik tomoni shundaki, juda katta shov-shuv bilan ko‘tarilgan aksariyat masalalar qanday tez ko‘tarilgan bo‘lsa, kun tartibidan xuddi shunday tez tushib ketmoqda.

Xo‘sh, nega?

Sud-huquq sohasiga ixtisoslashgan OAV sifatida bu savolga javoban bizning o‘z kuzatishlarimiz bor. Jumladan, o‘sha oxiri izsiz ketayotgan shov-shuvli masalalar aslida huquqiy asoslantirilmasdan, shoshma-shosharlik bilan, shunchaki, jamoatchilikning e’tiborini jalb etish uchun ko‘tarilmoqda. Natijada, ko‘p o‘tmasdan rasmiy idoralar masalani butunlay hovursiz holga keltirib qo‘yadigan rasmiy bayonot bilan chiqmoqda-yu, hammayoq suv quygandek tinchimoqda — go‘yo hech narsa bo‘lmagandek. Eng yomoni esa, inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq o‘sha shov-shuvli masalaning hech bo‘lmasa 20-30 foizlik haqiqat qismi ham axborotning bo‘rttirilgan qismiga qo‘shib «yopib» tashlanmoqda.

Ammo, bizning nazarimizda, masalalar bunday tus olmasligining chorasini ko‘rish mumkin va bu muammoning yechimi aslida juda murakkab ham emas. Qolaversa, sinalgan xorij tajribasi turganida o‘zimizcha yangilik yaratishimizga ham hojat yo‘q. Zero, inson huquqlari yuqori darajada qadrlanadigan mamlakatlarda bu boradagi har qanday muammo yuzasidan jabrdiydaning advokatlaridan gap olinadi. Bor gap shu! Shundagina muammosidan arz qilaman deb alal-oqibat jabrdiydaning o‘zi jabrlanib qolishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldi olinadi! Demak, biz ham bor-yo‘g‘i shu tartibga odatlansak bo‘ldi!

Bizda esa hozircha bunday odat ham, ehtimol, bunga xohish ham yo‘q! Nega shunday? Masalaning ildizi faqat o‘tmish ko‘nikmalari bilan bog‘liqmi? Ehtimol muammoga duch kelgan fuqaroning umuman advokati yo‘qdir o‘zi (agar shunday bo‘lsa, bu ham bir masala)? Eng yomoni, fuqarolarning advokati yoki huquqiy maslahat berib turuvchilari bor-u, ammo o‘shalarining o‘zi hali OAVga ma’lumot berishga, OAV bilan hamkorlik qilishga tayyor bo‘lmasa-chi?

Bir qarashda javobi tayindek tuyulgan bu savollarning zamirida aslida jiddiy masalalar yotganidan esa bizning ozmuncha xabarimiz bor! Shu bois, boshqa OAVga qaraganda huquq sohasiga ozgina bo‘lsada ixtisoslashgan nashr sifatida biz o‘zimizni advokatura bilan OAV o‘rtasidagi masofani yaqinlashtirishga mas’ul deb bilib, «Advokat bilan yuzma-yuz» loyihasini rejalashtirdik. Maqsad — advokatlarni OAV bilan ishlashga, o‘z himoyasidagi fuqarolar manfaatini himoya qilishda OAV imkoniyatlaridan samarali va oqilona foydalanishga jalb qilish. Buning uchun esa biz maqsadimizga xayrixoh advokatlarni topib, ular bilan yuzma-yuz muloqotga kirish va hamkorlik natijasiga erishish uchun birgalikda yonma-yon ishlashni rejalashtirdik!

Loyihamizning ilk safarini esa vodiydan boshlashga qaror qildik. Xullas, bugundan — 20-fevraldan boshlab biz vodiyda vaqtincha norasmiy «propiska»damiz!

Ushbuni inobatga olgan holda vodiydagi advokatlarni hamda sud-huquq sohasiga ixtisoslashgan jurnalistlarni hamkorlikka chaqirib, safarimizning samarali kechishiga, loyihamizning jamiyat uchun foydaliroq bo‘lishiga o‘z hissalarini qo‘shishlarini iltimos qilib qolamiz! Jumladan, OAV tomonidan bizning ushbu loyihamiz haqida aholiga kengroq ma’lumot berilib, yechimi topilishi qiyinroq kechayotgan va bir qadar chigalroq bo‘lgan masalalar yuzasidan bizga murojaat qilishlari mumkinligi yetkazilsa, ushbu masalalarni hamkor advokatlarimizni jalb qilgan holda o‘rganib ko‘rish va yoritishga harakat qilamiz!

Telefon raqamimiz: 90-350-91-22

Telegram orqali murojaat uchun bot: @advokatnews_bot

E-pochta manzilimiz: [email protected]

Safar tafsilotlarini «Advokatnews.uz» sayti, Telegramdagi «Advokatnews.uz» qanoti va «Facebook» tarmog‘idagi «Advokat» jurnali va albatta «Xabar.uz» sahifalari orqali kuzating!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring