Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davra suhbatida ta’limdagi muammolar tanqid qilindi

Davra suhbatida ta’limdagi muammolar tanqid qilindi

O‘zbekiston «Adolat»  SDP Toshkent shahar kengashida «Saylov – ilg‘or demokratik g‘oyalar ifodasi»  mavzuida davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi. 

Unda deputatlar, jurnalistlar, blogerlar, partiya faollari ishtirok etdi.

Uchrashuvda dasturning ta’lim, tibbiyot, sud-huquq sohasiga oid yo‘nalishi keng muhokama etilib, ushbu tizimdagi islohotlar natijasi tahlil etildi. Xususan, sohada aholining noroziligiga sabab bo‘layotgan omillar tanqidiy o‘rganildi. Maqsad mavjud kamchiliklarni aniqlash, qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, kamchiliklarni yangi qonunlar ishlab chiqish orqali bartaraf etish, inson huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishdir.

– Tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish jarayonida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini kengaytirish zarur, – dedi O‘zbekiston «Adolat»  SDP siyosiy kengashi Mafkura bo‘limi boshlig‘i Fazliddin Ziyayev. – Bunda asosiy e’tiborni barcha muassasalarda «aqlli tibbiyot»  – elektron tibbiyot tizimi asosida ishlashga o‘tkazish taklif etilmoqda. Shundan kelib chiqib, partiya davlat tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar doirasi belgilanib, pullik va bepul davolanish o‘rtasida aniq chegara o‘rnatilishiga erishish zarur. Bu tizim shaffoflashuvi unda korrupsagen holatlar kamayishiga turtki bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, aholi salomatligini ta’minlash va uning umr davomiyligini oshirishda sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, profilaktika va tibbiy madaniyatni yuksaltirish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha, ayniqsa, homilador ayollar va bolalarning ovqatlanish ratsioniga oid amaldagi me’yorlarni xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish masalasiga partiya o‘z pozitsiyasini bildirishi, deputatlar bu borada nazorat-taftish ishlarini olib borishi kerakligi e’tirof etildi.

– Partiyaning saylovoldi dasturi loyihasi bilan tanishib chiqdim, – dedi «Jamiyat»  ijtimoiy-siyosiy gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Nuriddin Ubaydullayev. – Unda umumta’lim maktablari, kollej, litseylarning o‘quv rejalarida tarix, o‘zbek adabiyoti, ona tili fanlaridan dars soatlarini ko‘paytirish masalasi ko‘tarilgan. Bundan tashqari, xalq ta’limi muassasalarida o‘quv rejalarini qayta ko‘rib chiqish va ayrim fanlar dars soatlarini qisqartirish, ayrimlarini o‘quv rejasidan chiqarish taklifi ilgari surilmoqda. Umumta’lim maktablarida ham maxsus fanlarni chuqurlashtirib o‘tiladigan sinflar ochilishini tashkil etish masalasini tezroq amaliyotga tatbiq etish joiz. Shuningdek, maktablarda o‘quvchilar sonini optimallashtirish vaqti keldi. Bu ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda juda muhim. Partiya ilgari surayotgan umumta’lim maktablarida tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish taklifiga ham qo‘shilaman.

Uchrashuvlarda bildirilgan fikrlar asosida partiyaning mamlakat kelajagiga daxldor saylovoldi dasturini yanada takomillashtirishi, unda deklarativ mazmundagi jumlalardan butunlay voz kechib, sodda, tushunarli xalqona tarzda shakllantirish uchun hujjatning ayrim bandlarini tahrir qilish lozimligi asoslab berildi. Yakunda xulosalar umumlashtirilib, partiya saylovoldi dasturida aks ettirilishi belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring