Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Adolat» SDP «Jarqo‘rg‘on voqeasi»ni qoralab, aybdorlarga chora ko‘rishni talab qildi

«Adolat» SDP «Jarqo‘rg‘on voqeasi»ni qoralab, aybdorlarga chora ko‘rishni talab qildi

Foto: «Adolat.uz»

Kuni kecha Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumanida sudyalar omma o‘rtasida obro‘sizlantirilgani va sud organi haydovchisi kaltaklangani xabar berilgandi.

«Adolat» SDP mazkur voqeani qoralab chiqdi va aybdorlarga tegishli jazo so‘rab, o‘z bayonotini e’lon qildi.

«Faol harakatlanishga cheklov o‘rnatilgan ayni pallada sud idoralariga tegishli avtomashinalarga yurish uchun ruxsat berilgan. Taassufki, bundan ayrim hokimlar, IIB xodimlari, bexabar ko‘rinadi. Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan voqea shunday xulosa chiqarishga majbur etdi. Yana bularning boshida tuman hokimi rahbarligidagi ishchi guruh turganiga nima deysiz?

Nega mansabdor shaxslar tomonidan sayr qilib yurgan avtoulovga nisbatan emas, adolat o‘rnatishdek muhim vazifa tomon oshiqayotgan sudyaga qarata asossiz qoidalar pesh qilindi? Ustiga ustak, bu oddiy eslatma yoki ogohlantirish emas, bir yo‘la kuch ishlatish va tahdidga aylanmoqda. Yoki tajovuzkorlik ular uchun yozilmagan vakolatmi?

Nahot, tuman hokimi va IIB mutasaddilari sudyalar mustaqilligi va daxlsizligiga oid konstitutsiyaviy normadan bexabar bo‘lsa? Axir bu Bosh qomusimizga hurmatsizlik, qonunlarga bepisandlikdan boshqa narsa emas. Ko‘p vakolatlar berilgani xohlagan ishini bajarish yoki istagan qonunni oyoqosti qilish mumkin degani emas.

«Adolat» SDP sud tizimini kompleks rivojlantirish, sudlarning mavqeini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta’minlash adolatli jamiyat qurishning muhim sharti, deb hisoblaydi. Mazkur maqsadimiz saylovoldi dasturimizda ustuvor vazifa sifatida mustahkamlab qo‘yilgan.

Shunday ekan, Jarqo‘rg‘ondagi ushbu voqeani qoralaymiz va noqonuniy harakatlar sodir etganlarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilishi tarafdorimiz», — deya yakunlanadi partiya bayonoti.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura ham mazkur ish yuzasidan tekshiruv o‘tkazayotganini bildirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring