Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi qanday kurashmoqda?

Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi qanday kurashmoqda?

Foto:«Xabar.uz»

Korrupsiyaga qarshi kurash nimani anglatadi? Yon-atrofimizda korrupsiya alomatlarining borligini. Bu xuddi organizmga bexos tushgan virusga o‘xshaydi. Toki unga qarshi kishida kuchli immunitet yaralmas ekan, har qanday dori-darmon kor qilmasligi mumkin. Shu jihatdan olib qaralsa, korrupsiya illatiga qarshi kurashni jadal sur’atda olib borishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Chunki korrupsiya nafaqat demokratiyaning, umuman har qanday taraqqiyotning oldida turgan g‘ov.

Birinchi navbatda, korrupsiyaga qarshi kurashni davlat o‘zidan, davlat organlaridan boshlashi lozim. Buni yaxshi anglagan Adliya vazirligi o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi o‘zining qat’iy pozitsiyasini bildirib, jiddiy amaliy chora-tadbirlarni qo‘llashga kirishdi.

Eng asosiy maqsad – adliya organlarini «korrupsiyasiz soha»ga aylantirish yuzasidan adliya vazirining buyrug‘i qabul qilindi.

Bugungi kunda adliya tizimida ishlash prinsiplari ham, ish usullari ham, umuman xodimlarning dunyoqarashi ham o‘zgarganini ko‘rish mumkin. Bunga, avvalo, kadrlar bilan ishlash tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilgani sabab bo‘ldi.

Keyingi ikki yilda adliya organlari xodimlarining ish haqini uch marta oshirishga erishildi. Mantiq oddiy: yaxshi maosh oladigan xodim, avvalo, ish joyini yo‘qotishni, qolaversa, qonuniy daromadi yetarli bo‘lsa, noqonuniy yo‘l bilan pul topib, biografiyasini bulg‘ashni istamaydi.

Shuningdek, Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi qabul qilindi, Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish kengashi va maxsus bo‘limi tuzildi, «Adliya vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati» tasdiqlandi va korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan bir qator ichki hujjatlar qabul qilindi.

Endilikda, har qanday darajadagi lavozimda ishlayotgan xodim korrupsiyaviy huquqbuzarlik sodir etsa, adliya u bilan xayrlashadi.

Ta’kidlash joiz, adliya tizimi avvallari ham korrupsiya ko‘rsatkichi yuqori davlat organlari safida turmas edi. Ammo notariat sohasida fuqarolarning e’tirozlarini rad etib bo‘lmasdi.

Adliya vazirligi ushbu muammo bilan kurashga jiddiy bel bog‘ladi va notariat tizimidagi korrupsiyani jilovlashga muvaffaq bo‘ldi.

Bugungi kunda elektron hujjat almashinuvi, «Notarius» dasturi, videokuzatuv va barmoq skanerlash tizimi, sms-xabarnoma, faol notarius modeli kabi innovatsion yondashuvlar sabab notariat tizimi ancha tozalandi. Bundan tashqari, xususiy notarial idoralarning faoliyat yuritishiga ham ruxsat berildi.

Maksimal darajadagi shaffoflikni ta’minlash maqsadida adliya vazirligida «Ochiq adliya» dasturi qabul qilindi. Dastur fuqarolar bilan o‘zaro hamkorlikda ishlash imkonini kuchaytirdi. E’tibordan chetda qolayotgan kamchiliklar, qolaversa o‘z vazifasini lozim darajada bajarmayotgan xodimlarni aniqlash bo‘yicha bevosita jamoatchilik yordamiga tayanilmoqda.

Vazirlik binosida xizmat xonalarning joylashish strukturasini ham ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqildi. Xodimlarning kunlik faoliyati bemalol kuzatib bo‘ladigan darajada joylashtirildi. Bu esa nazoratni, ish unumdorligini oshirishga sabab bo‘lmoqda.

Ochiqlikning eng muhim jihatlaridan biri, bu shubhasiz, moliyaviy ma’lumotlardir. Moliyaviy mablag‘larning sarfi, qaydan kelib qayga ketayotgani, nima maqsadlarda ajratilayotgani, umuman, Adliya vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalarining moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar vazirlik veb-saytida e’lon qilib borilmoqda.

Bunda xarajatlar, ularni amalga oshirilishi bilan bog‘liq hisobotlar, xarid qilish bilan bog‘liq shartnomalar ro‘yxati bilan tanishish mumkin bo‘ldi.

Bundan tashqari, Adliya organlari va muassasalari ma’muriy binolarida jismoniy va yuridik shaxslar yoki ularning vakillarini qabul qilishda video va audioga yozib olish tizimi joriy etildi.

Adliya organlari va muassasalaridagi korrupsiyaga oid huquqbuzarlik holatlari haqidagi xabarlarni darhol va o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlashga qo‘shimcha imkoniyat yaratish maqsadida telegram ijtimoiy tarmog‘ida «@antikorbot» nomli maxsus bot yaratildi.

Maxsus bot orqali shu kunga qadar 2 mingdan oshiq tezkor xabarlar kelib tushdi. Bu xabarlarga asosan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari natijasiga ko‘ra ichki tartib qoidalarni buzgan 18 nafar xodim bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

Javobgarlik muqarrar bo‘lmagan joyda qonuniylik va korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligi haqida gapirish befoyda. Korrupsiya holatlari aniqlangach ko‘riladigan jazo choralari faqat korrupsionerni emas, u orqali butun jamiyatni tarbiyalaydi.

Shu maqsadda davlat notarial idorasi, notarial arxiv va davlat xizmatlari markazlarida 1 028 ta qisqa muddatli tekshirishlar(reyd tadbirdari) o‘tkazilib, 832 nafar mas’ul xodimga tegishli jazo choralari ko‘rildi.

Shu bilan birga, 670 ta «sirli mijoz» tadbirlari o‘tkazilib, real xizmat oluvchi shaxs sifatida davlat xizmatlari jarayonida qatnashish orqali xizmat ko‘rsatishning sifati, muddati, shart-sharoiti o‘rganilib, 221 nafar mas’ul xodimga tegishli jazo choralari ko‘rildi.

5 316 nafar xodim orasida profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, bunda xodimlarni Adliya vazirligi xodimlarining jamiyatda qabul qilingan

xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etish hamda huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlik muqarrarligi tushuntirildi.

Komplayens nazorat

Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning «kompleans nazorat» tizimi joriy etilmoqda. Maqsad – sohada pora olish uchun mutlaqo imkon qoldirmaslik.

Shu sababli dunyoning eng yirik 4 ta yetakchi xalqaro auditorlik tashkilotlaridan biri KPMG kompaniyasi bilan hamkorlikda maxsus loyiha ishga tushirildi.

Adliya vazirligida korrupsiya ko‘rsatkichi yuqori bo‘lmasada loyihaning I-bosqichida doirasida KPMG kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar natijasida potensial 492 ta korrupsiyaviy xavf-xatar aniqlangan.

Ushbu faktni inobatga olgan holda, ISO 37001:2016 «Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimlari – Foydalanish bo‘yicha talablar va tavsiyalar» xalqaro standarti talablarini inobatga olgan holda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va yetakchi xalqaro amaliyot asosida Adliya vazirligining barcha ichki hujjatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi, Adliya vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligida korrupsion xavf xatarlarni kompleks bartaraf etish orqali adliya tizimini «korrupsiyasiz soha»ga aylantirishdir.

Nusratullo Parpixo‘jayev,
Adliya vazirligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring