Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

MIB poytaxt boshqarmasi. 70 foiz xodim ta’tilda, undiruvlar nima bo‘ladi?

MIB poytaxt boshqarmasi. 70 foiz xodim ta’tilda, undiruvlar nima bo‘ladi?

Foto: MIB Toshkent shahar boshqarmasi

Energiya resurslari allaqachon jamiyatning qon tomiriga aylanib ulgurgan. Demakki, jamiyat salomatligi uchun tomirdagi qon bir maromda aylanib turishi kerak. Bugungi murakkab davrda hech kimga oson tutib bo‘lmaydi, to‘g‘ri. Biroq ertangi kun istiqboli bugunga bog‘liq-da baribir. Kelajakda energiya resurslari ta’minoti bilan bog‘liq muammo yuzaga kelmasligi iste’molchilarga bog‘liq ekani tayin. Buning uchun to‘lovlarni vaqtida amalga oshirish kifoya.

Vaziyat taqazosiga ko‘ra, bugun aksariyat aholi uyda, bu esa tabiiy resurslarga bo‘lgan ehtiyojni sezilarli oshirishi aniq. Ehtiyoj oshishi o‘z-o‘zidan to‘lovlar miqdori avvalgiga qaraganda ko‘payishiga olib kelishi shundog‘am ayon.

Joriy etilgan cheklovlar fuqarolarga ma’lum noqulayliklar tug‘dirishi e’tiboridan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi kommunal xizmatlar va qattiq maishiy chiqindilar uchun to‘lovlarni amalga oshirish uchun Telegram messenjerida @mibuzbot botini ishga tushirdi. Buning uchun messenjerda @mibuzbot botini «Start» tugmasi orqali ishga tushirib, keyin mobil telefon raqamini ulash kifoya: to‘lovlarni bemalol masofadan turib amalga oshiraverasiz.

Bunday imkoniyat qulaylikka qulayku-ya, biroq hamma yoppasiga bunaqa tizimdan foydalanadi, deyish ham qiyin-da. Aloqa vostitalari bilan ishlashni barcha birdek suv qilib ichib yuborgan, deyishga hali ancha bor. Ustiga-ustak, xonadon eshigini taqillatib, ko‘zga ming yomon ko‘rinmasin, aslida bizni muddati o‘tgan qarzdorlikka ro‘para bo‘lishimizning oldini olib turgan MIBchilarning ham qadami uzilgan hozir. Poytaxt misolida oladigan bo‘lsak, MIB Toshkent shahar boshqarmasining 70 foiz xodim ta’tilga chiqarib yuborilgan.

Bu yoqda hisoblagich aylanib yotibdi...

To‘lovni amalga oshirishga imkoni bo‘lib, ilojisini topolmayotgan iste’molchilar nima qilsin?

Foto: MIB Toshkent shahar boshqarmasi

Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Marg‘uba Amonovaning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, fuqarolardan kelib tushayotgan ayni shu mazmundagi murojaatlarni inobatga olib, yana bir qulaylik yaratildi. Bilasiz, yaqindan buyon poytaxtning 316 ta mahallasida (prokuratura organlari xodimlari mas’ulligida) har uch kunda bir marta birlamchi oziq-ovqatlar yarmarkasi tashkil qilinmoqda. Bu degani har kuni Toshkentning 100 tadan ko‘p mahallasida yarmarka o‘tkazilayotganini anglatadi. Fuqarolar shu yerning o‘zida foydalangan elektr, gaz va maishiy chiqindilar xizmati uchun to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin. Chunki rastalar qatoridan MIBning hududiy bo‘limlari tashkil etgan sayyor kassalarga joy ajratilgan: to‘lovni xohlang naqd, xohlang bank plastik kartochklari orqali amalga oshiring — muammo yo‘q. Muammo qarzdorlikdan kelib chiqadi. Darding bo‘lsa ham qarzing bo‘lmasin, degan gap bejizga emas.

Dardingiz ham bo‘lmasin, qarzingiz ham!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring