Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2018 yil oxirigacha 50 ga yaqin DXM zamonaviy binolari barpo etiladi

2018 yil oxirigacha 50 ga yaqin DXM zamonaviy binolari barpo etiladi

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 2018-yil oxiriga qadar 50 ga yaqin zamonaviy, innovatsion davlat xizmatlari markazlari binolarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab jami 201 ta davlat xizmatlari markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Markazlar orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarining ortishi markazlarga odamlar oqimi ko‘payishiga olib kelmoqda. Agarda 2017 yilda har bir DXM ga bir kunlik aholi oqimi o‘rtacha 20—40 kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yilda bu ko‘rsatkich 350—600 nafarga yetdi.

O‘z o‘zidan ko‘rinib turibdiki, yangi, zamonaviy, innovatsion, tashrif buyuruvchilar uchun barcha qulayliklarni o‘zida mujassam etgan binolarni barpo etish bugungi kun talabi bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018-yil 8-may kuni «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari (DXM) binolarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingan edi. Qarorga ko‘ra, binolarni barpo etishda investorlarga bir qator qulayliklar va imtiyozlar taqdim etilmoqda. Xususan:

  • investorlarga ma’qullangan namunaviy loyihalarga muvofiq binolarni va tegishli infratuzilmani  qurish uchun zarur yer uchastkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bepul ajratiladi;
  • investorlarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun binolariga tutash qo‘shimcha o‘xshash ob’yektlar qurish uchun yer uchastkalari ajratiladi;
  • investor 5 yil muddatga  yer solig‘i va mulk solig‘i, yuridik shaxslarning foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, tijorat banklariga binolarni qurish uchun investorlarga 5 yillik imtiyozli davr bilan birga 10 yil muddatga kreditlar berish tavsiya etilgan.

Bu borada ham agentlik va uning hududiy boshqarmalari mutasaddilari tomonidan olib borilgan ishlar, investorlar bilan uchrashuvlar natijasida dastlab Namangan shahrida, keyinchalik Qo‘qonda barpo etilib xalqqa xizmat ko‘rsatayotgan binolarning mantiqiy davomi sifatida Andijon, Samarqand, Nukus, Mirzacho‘l, Termiz va Toshkent shaharlarida ham davlat xizmatlari markazlarining innovatsion binolarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etishga kirishildi.

Yuqoridagi suratlarda mamlakatimiz prezidenti tomonidan ma’qullangan davlat xizmatlari markazining binolari loyihalaridan biri aksini topgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring