Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yoshlar – kelajagimiz». Milliy bank yosh tadbirkorlarni qo‘llash uchun nimalar qiladi?

«Yoshlar – kelajagimiz». Milliy bank yosh tadbirkorlarni qo‘llash uchun nimalar qiladi?

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi to‘g‘risidagi qarori loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur qarorning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab quvvatlash, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun barcha yetarli sharoitlarni yaratib berish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hamda yoshlarni ish bilan ta’minlash hisoblanadi.

Qarorga muvofiq, 2018 yil 1 iyuldan boshlab dasturni Respublikaning barcha hududlarida amalga oshirish rejalashtirilgan.

«Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tuzish belgilangan. Ushbu jamg‘arma zimmasiga quyidagi vazifalarni amalga oshirish yuklatilgan:

Yoshlar biznes tashabbuslarini, startap, g‘oya va loyihalarini amalga oshirishlari uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz miqdorida imtiyozli kreditlar va lizing xizmatlari qo‘rsatish;
Dastur doirasida ajratilayotgan kreditlar miqdorining 50 foizidan oshmagan miqdorda kafilliklar berish;
Dastur doirasida amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalarning kelgusi 5 yil davomida qaytarish sharti bilan, 50 foizidan oshmagan miqdorda ulush bilan qatnashish.
Tegishli ko‘nikmalarga ega, band bo‘lmagan yoshlar yashaydigan uy xo‘jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda ko‘maklashish.

Shuningdek, dastur doirasida yosh tadbirkorlarning biznes tashabbuslari, startap, g‘oya va loyihalarini amalga oshirishda maslahat, xuquqiy, buxgalteriya va boshqa xizmatlar ko‘rsatish, forumlar, master klass hamda seminarlar tashkil etish maqsadida «Yosh tadbirkorlar» kovorking markazlari tuzish belgilangan.

Bundan tashqari, olis tumanlarda savdo-maishiy va kichik savdo maydonlari tashkil etish maqsadida «Yoshlar mehnat guzari» majmualarini qurish rejalashtirilgan.

Tuman va shaxarlarda ushbu hududlar prokurorlari boshchiligida, tuman hokimining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosari, ichki ishlar bo‘limi boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tuman va shaxar kengashlari raislari hamda tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlarining rahbarlari ishtirokida yosh tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha komissiyalar tuzish belgilab qo‘yilgan.

Qarorda «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tomonidan tijorat banklariga dastur doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yillik 5 foiz ustama to‘lash sharti bilan moliyaviy mablag‘lar ajratish ko‘zda tutilgan. Ushbu kreditlar O‘zmilliybank, Xamkorbank, Ipak yo‘li bank hamda Xalq banki tomonidan yosh tadbirkorlarga 12 oy imtiyozli davr bilan, 5 yil muddatga, yillik 7 foiz ustama to‘lash sharti bilan ajratiladi.

Ushbu Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2018 yil 10 avgustda O‘zmilliybank bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi qoshida tuzilgan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi o‘rtasida 1-03-sonli Bosh kelishuv imzolangan. Ushbu Bosh kelishuvga asosan yosh tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun jamg‘arma tomonidan bankka 272,6 mlrd. so‘m miqdorida resurs mablag‘lari ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 2018-2019 yillar davomida 1 361 ta yoshlar tadbirkorligi loyihalarini moliyalashtirish uchun 270,5 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring