Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xizmat safarlari xarajatlarini qoplash tartibi o‘zgardi

Xizmat safarlari xarajatlarini qoplash tartibi o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan (ro‘yxat raqami: 1268-1, 13.09.2019-y.) o‘tkazildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Endilikda yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmagan xizmat safarida bo‘lgan budjet tashkiloti xodimlariga har bir kilometrga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)*ning 0,08 foiz miqdorida yo‘l xarajati to‘lanadi (ilgari bu masalani belgilangan talablar asosida korxona rahbarining o‘zi hal qilgan).

Boshqa tashkilot xodimlariga jamoa shartnomasi yoki mehnat shartnomasida belgilangan miqdorlarda biroq, har bir kilometrga BHMning 0,08 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda yo‘l haqi to‘lanadi.

Shuningdek, mehmonxonalarning lyuks-nomerlarida yashaganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda, ushbu nomer qiymatining 70 foizigacha miqdori budjet mablag‘lari hisobidan, qolgan qismi esa tashkilotlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi (ilgari faqat 70 foiz miqdorida qoplab berilgan).

Xizmat safarida ijarada turganlik bo‘yicha hujjatlar mavjud bo‘lmagan hollarda, har bir sutka uchun BHMning 20 foizi miqdorida (44 600 so‘m) xarajatlar qoplanadi (ilgari eng kam oylik ish haqining 2 foizi (4 460 so‘m) miqdorida qoplangan).

Xodim xizmat safaridan qaytgan kundan e’tiboran 3 ish kun mobaynida avans (bo‘nak) hisobotini taqdim qilishi shart (ilgari 3 kun bo‘lgan).

*Hozirda bazaviy hisoblash miqdori 223 000 so‘mni tashkil qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring