Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tabriklaymiz! Endi siz 2 foiz stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lovchisi bo‘ldingiz!» Qanday qilib?

«Tabriklaymiz! Endi siz 2 foiz stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lovchisi bo‘ldingiz!» Qanday qilib?

Hukumatimiz oldida elektron biznes jarayonlarini osonlashtiruvchi, mobil pul platformalarini ishlab chiqish va elektron texnologiyalardan foydalanishni rag‘batlantiruvchi, elektron tijoratning zarur infratuzilmasini rivojlantiruvchi, internet tarmog‘i vositasida bitimlar tuzishga bo‘lgan ishonchni oshiruvchi, shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi tura oladigan samarali huquqiy asosni shakllantirish bo‘yicha muhim vazifalar turibdi.

Elektron tijorat o‘zi nima?

O‘zbekiston Respublikasi «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunida «Axborot tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan, tovarlarni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishga doir tadbirkorlik faoliyati elektron tijoratdir» deb belgilangan.

Demak, elektron tijorat zamonaviy biznesda mavjud bo‘lgan deyarli barcha jarayonlarni yaxlitlash va integratsiya qilish orqali ularni zamonga mos ravishda o‘zgartirish uchun shart-sharoit yaratadi.

Mamlakatimizda elektron tijoratni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi qarori bilan elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari belgilab berilgan. Unda elektron tijorat sub’yektlari uchun qulay sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, elektron tijorat sub’yektlari Milliy reyestrining joriy etilishi shular jumlasidandir.

Milliy reyestr

Elektron tijorat sub’yektlari milliy reyestri – bu elektron tijoratning mahalliy sub’yektlari haqidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan yagona elektron bank hisoblanadi. Uning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari qatoriga quyidagilar kiradi: elektron tijoratni joriy etish va rivojlantirish holatini tizimli monitoring qilish va baholash, shuningdek, axborot tizimlari va resurslarini joriy etish samaradorligini o‘rganish;elektron tijoratni samarali rivojlantirish maqsadida amaldagi qonunchilikni maqsadli tahlil etish va takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish.

Milliy reyestr qachondan ishga tushgan?

Milliy reyestr 2018-yilning 1-iyulidan boshlab elektron shaklda onlayn www.e-tijorat.uz internet-portalida ishga tushirilgan.

Saytda reyestrga kiritish uchun ariza berish bo‘yicha yo‘riqnoma hamda elektron tijoratga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar joylashtirilgan, shuningdek, qiziqtirgan savollar bo‘yicha murojaat qilish uchun telefon raqam keltirilgan.

Milliy reyestr regulyatori – O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi hisoblanadi. Regulyator milliy reyestrni yuritish, shakllantirish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Kimlar reyestrga kiritilishi mumkin?

Elektron tijoratdagi tovarlar va xizmatlar savdosidan tushgan daromadlari umumiy daromadlarining 80 yoki undan ortiq foizini tashkil etgan elektron tijorat sub’yektlarigina reyestrga kiritiladi, bu elektron tijoratdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotishdan tushgan daromadlar to‘g‘risidagi bank ma’lumotnomasi va hisob-ma’lumotnoma bilan tasdiqlangan bo‘lishi darkor. Mazkur sub’yektlar reyestrga kiritilganidan keyin yagona soliq to‘lovini 2 foiz stavka bo‘yicha to‘lashni boshlaydilar.

Reyestrga qanday qilib a’zo bo‘lish mumkin?

Reyestrga a’zo bo‘lish bir nechta bosqichlardan iborat:

Birinchi bosqichda Elektron tijorat sub’yekti e-tijorat.uz veb-sahifasidagi shaklarga muvofiq onlayn ariza beradi.

Ikkinchi bosqichda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi onlayn arizani birinchi shaklga muvofiq 10 ish kun mobaynida ko‘rib chiqadi va taqdim etilgan ma’lumotlar talablarga javob bersa, uchinchi bosqichda reyestrning ro‘yxatiga kiritilganligi to‘g‘risida xabar beradi.

To‘rtinchi bosqichda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan elektron tijorat sub’yektining soliq hisobotini ikkinchi shaklga muvofiq ko‘rib chiqadi va beshinchi bosqichda agarda elektron tijoratdagi tovarlar va xizmatlar savdosidan tushgan daromadlari umumiy daromadlarining 80 yoki undan ortiq foizini tashkil etgan bo‘lsa, oltinchi bosqichda 2 foiz stavka bo‘yicha yagona soliq to‘lovchisi bo‘lib reyestrga kiritiladi.

Xorijiy mamlakatlar tajribasi

Qozog‘istonda 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab yangi Soliq kodeksi bo‘yicha o‘z faoliyatini onlayn-do‘kon yoki internet-maydonlarda yuritayotgan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlarini taqdim etish ko‘zda tutilgan. Xususan, yuridik shaxslar korporativ daromad solig‘idan, yakka tartibdagi tadbirkorlar esa daromad solig‘idan ozod qilinadilar, ammo buning uchun uchta majburiy shart bajarilishi zarur: tovarlarga naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirish;xaridor bilan shartnomani onlayn tartibda tuzish;tadbirkor o‘z yetkazib berish xizmatiga ega bo‘lishi yoki tovarni tashish, jo‘natish va yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan shaxs bilan shartnoma tuzishi lozim.

Jismoniy shaxslar bilan elektron savdo qilishdan olingan daromad xo‘jalik sub’yekti yillik yalpi daromadining 90 foizini tashkil etsagina, tadbirkor ushbu turdagi soliqdan ozod etilishi mumkin.

Belarusda esa elektron tijoratni soliqqa tortishning maxsus tartibi qisman ko‘zda tutilgan. 2018 yilning 1-yanvaridan boshlab xorijiy kompaniyalar tomonidan ko‘rsatiladigan elektron xizmatlardan QQS undirilishini ko‘zda tutuvchi Soliq kodeksi kuchga kirdi. Bundan tashqari, elektron tijoratni amalga oshiruvchi xo‘jalik sub’yektlari soliqqa tortishning soddalashtirilgan tizimini qo‘llashi mumkin. Ularning stavkalari:

  • 5 foiz — QQS to‘lovchi tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun;
  • 3 foiz — QQS to‘lovchi tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun.

Ozarbayjonda 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab elektron savdoga soliq solish, xususan, qo‘shimcha qiymat solig‘i solishni (QQS qiymati – 18 foiz) nazarda tutuvchi qonun kuchga kirdi. Ushbu choralar mahalliy tadbirkorlarni himoya qilish uchun qabul qilindi, ya’ni yuqorida aytilgan xizmatlar mamlakat hududida norezidentlar tomonidan Ozarbayjon fuqarolari uchun ko‘rsatiladigan bo‘lsa, QQS xaridorlardan olinadi.

Bulardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, elektron tijoratni jadal rivojlantirishning asosiy elementlaridan biri — bu davlat tomonidan taqdim etiladigan soliq imtiyozlari.

Imtiyozlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida elektron tijoratning rivojlanishiga turtki beruvchi omillar belgilab berilgan. Jumladan:

  • qonun hujjatlariga muvofiq elektron tijorat ishtirokchilari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish jarayonida axborot tizimlari tomonidan shakllantiriladigan, bitimlardagi tomonlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa usullar tovarlar (xizmatlar) uchun to‘lovlarni tasdiqlovchi kvitansiyalar, talonlar, chiptalar va boshqa hujjatlarga tenglashtiriladi;
  • tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan elektron tijorat bitimlarini amalga oshirishda to‘lovlar virtual terminallar (E-POS) orqali xaridorga naqd pulni qabul qilganligi to‘g‘risida elektron chek yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatni majburiy yuborgan hamda inkassatsiya qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda pul mablag‘larini xizmat ko‘rsatuvchi bankka topshirish sharti bilan naqd pul shaklida qabul qilinishi mumkin;
  • elektron tijorat sub’yektlari savdo faoliyatini amalga oshirishda to‘lov terminallaridan foydalangan holda tadbirkorlik sub’yektlarining korporativ bank kartalari, shuningdek, elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lovlarni qabul qilish huquqiga egadirlar;
  • elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan uch ming AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlar (xizmatlar)ni eksport qilish Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilmasdan va yuk bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilmasdan pochta xizmatlarini ko‘rsatish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi;
  • elektron tijorat orqali sotiladigan tovarlar (xizmatlar) uchun ularning umumiy qiymatidan majburiy 15 foizli oldindan to‘lov to‘lash talabi bekor qilinadi;
  • elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga uchinchi shaxslar (tovarlarni sotuvchilar) uchun to‘lovlarni keyinchalik ularni belgilangan tartibda inkassatsiya qilish sharti bilan qabul qilish huquqi beriladi;
  • elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni sotuvchiga va yetkazib beruvchiga shaxsiy mulk, ijara va boshqa foydalanish huquqiga asosan tegishli bo‘lgan avtomobil transportida O‘zbekiston hududi bo‘ylab yetkazib berishda shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yo‘lovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirish uchun litsenziya olish talab qilinmaydi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno;
  • elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilish, faqat saqlash va yetkazib berishda ularning xavfsizligini ta’minlash tartibi va talablariga qat’iy rioya qilgan hamda qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi.

Elektron tijorat sub’yektlari milliy reyestri shakllantirilishi mamlakatimizda innovatsion rivojlanish borasidagi navbatdagi qadamlaridan biridir. Binobarin, global tarmoq orqali savdo mexanizmlarining joriy etilishi ushbu faoliyat turini soddalashtiradi va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli darajada o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Shavkat Maqsudov,
«Elektron hukumat» markazining
raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring