Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Qo‘qonda elektromobillar ishlab chiqarish mo‘ljallanayotgan korxonaga bordi (foto)

Shavkat Mirziyoyev Qo‘qonda elektromobillar ishlab chiqarish mo‘ljallanayotgan korxonaga bordi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasidagi «Shaffof omadli sanoat» qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan ushbu erkin iqtisodiy hudud qariyb 710 gektar maydonda joylashgan. Bu yerda mashinasozlik, to‘qimachilik, elektr texnikasi, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 180 million dollarlik 94 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda 52 million dollarlik 29 ta loyiha foydalanishga topshirilgan, 1 ming 700 ga yaqin ish o‘rinlari tashkil etilgan. Joriy yilning sakkiz oyida erkin iqtisodiy zona rezidentlari tomonidan jami qiymati 407 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 3,3 million dollarlik tovarlar eksport qilingan.

«Shaffof omadli sanoat» qo‘shma korxonasi davlatimiz rahbarining joriy yil maydagi tashrifi asnosida ishlab chiqilgan Farg‘ona viloyatini 2019-2020-yillarda rivojlantirish bo‘yicha hududiy investitsiya dasturi doirasida tashkil etilgan.

Bu yerda yiliga 230 ming dona metan va 250 ming dona propan uskunalari, 300 ming dona butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yilliga 20 million dollar miqdoridagi import o‘rnini to‘ldirish imkonini beradi. Shuningdek, qo‘shni davlatlarga 60 million dollarlik mahsulot eksport qilish ham rejalashtirilgan.

Mazkur korxonada kelgusi yildan yuk tashuvchi karalar, 2021-yildan elektromobillar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda.

Prezident elektromobillarning iqtisodiy samaradorligiga alohida e’tibor qaratdi.

Xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan mazkur loyihaning umumiy qiymati 30 million AQSh dollari bo‘lib, shundan 24 million dollari xorijiy investitsiyadir.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimizda ishlab chiqariladigan ekologik toza elektromobillar narxi 3 ming dollar atrofida bo‘ladi. Ular neft mahsulotlari cheklangan sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi, farg‘onalik tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring