Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat va narx-navo masalasida videoselektor o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat va narx-navo masalasida videoselektor o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-aprel kuni pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat raharining matbuot xizmati xabar berdi.

Jahon bozorida neft, paxta, gaz va elektr energiyasi narxi pasayib, oziq-ovqat tovarlarining narxi oshib bormoqda. Ko‘plab davlatlar un, don, guruch, yog‘, kartoshka kabi mahsulotlarni eksport qilishga cheklovlar o‘rnatdi.

Shu bois qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish bugungi kundagi eng muhim masala hisoblanadi. Bu borada sug‘oriladigan maydonlarda 2-3 martadan hosil olish,  foydalanishdan chiqqan yerlarni o‘zlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Ishlab chiqarish va saqlash quvvatlari kengaytirilmoqda.

Yig‘ilishda mahsulot yetishtirishni oshirish, strategik zaxiralarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, har bir viloyat va tuman rahbarida joriy yil 1 iyundan 2021 yil 1 iyungacha aholi ehtiyojini ta’minlash bo‘yicha aniq hisob-kitob bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Tumanlarda mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkoniyatlari, oborotdan chiqqan yerlarni o‘zlashtirish, meva-sabzavotchilik va chorvachilikdagi rezervlar aniq belgilab berilgan. Endi shu bo‘yicha ishni tashkil etib, yetishmaydigan mahsulotni boshqa tumanlardan olish yoki ortiqchasini sotish lozimligi qayd etildi.

Misol uchun, Dehqonobod tumanida paxta ekilmaydi, g‘alla esa lalmi maydonda yetishtiriladi. Chiroqchi tumanida 100 ming gektardan ortiq yaylov yerlardan samarali foydalanilmayapti. Bu tumanlarda Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida kooperatsiya usulida chorvachilik korxonalari tashkil etish yaxshi samara beradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun yurtimizda yetarli hajmda yetishtirilmaydigan mahsulotlar maydonini kengaytirish g‘oyat muhim.

Masalan, 2019 yilda qariyb 60 ming tonna guruch import qilingan. Yoki yetarli yer maydonlari bo‘la turib, 150 ming tonna kartoshka chetdan olib kelingan.

Shulardan kelib chiqib, joriy yilda qo‘shimcha 10 ming gektar yerlarda, jumladan, Xorazmda 6 ming, Qoraqalpog‘istonda 3 ming, Sirdaryoda 1 ming gektarda ko‘chat usulida sholi ekish bo‘yicha topshiriq berildi. Kartoshka ekiladigan maydonlarni kamida 50 ming gektarga yetkazish va hosildorlikni 2 barobarga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yog‘-moy sanoati tizimidagi quvvatlardan atigi 46 foiz foydalanilmoqda. Xomashyoning 90 foizini chigit tashkil qiladi. Shu bois 22 ta yirik yog‘-moy korxonasiga oborotdan chiqqan 50 ming gektar yerni biriktirib, soya, maxsar, kungaboqar kabi moyli ekinlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, ulardan mahsulot ishlab chiqarishni 40 ming tonnaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.

Bu yil g‘alla hosilidan 735 ming tonna bug‘doy fermerlar ixtiyorida qolishi e’lon qilingan, hosildorlikni 20 sentnerga oshirish rejalashtirilgan. Bu ishlar fermerlarning manfaatdorligini oshirish, aholini don va un mahsulotlari bilan yetarli miqdorda ta’minlash uchun qilinmoqda.

Mutasaddilarga donni bozor narxida sotib olish, donni qayta ishlovchi xususiy korxonalarni jalb qilgan holda saqlash va qayta ishlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ichki bozorni mahsulot bilan to‘ldirishda tomorqa, eksport uchun dala dehqonchiligi katta zaxira hisoblanadi.

Ikki yil oldin tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” tizimidagi 244 ta korxonaning 65 tasi eksport qilmoqda. Biroq, ko‘p joylarda bu xizmat to‘liq ishlamayapti. Shu bois mazkur tizimni takomillashtirish, korxonalarga ko‘chat yetishtirish uchun yer ajratish, ularni texnika va uskunalar bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga xonadonlarda mahsulotlarni saqlash uchun 20-30 tonnalik kichik hajmli muzlatkichlar qurilishini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlashni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, sut mahsulotlari importi hajmi 70 million dollardan oshgani, yurtimizda to‘liq ishlab chiqarish imkoni bo‘lgan mayonez, tomat, konservalangan makkajo‘xori va no‘xat ham chetdan keltirilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Sutni qayta ishlash darajasi Xorazm, Namangan, Surxondaryo viloyatlarida 10 foizga ham yetmaydi.

«O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasiga import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va qayta ishlangan meva eksporti hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, ichki iste’mol talabidan ortiqcha meva-sabzavotlarni nobud qilmay, tashqi bozorlarga sotish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Koronavirus pandemiyasi ko‘p masalalardagi xatolarni, jumladan,  dehqon bozorlaridagi kamchiliklarni yaqqol ko‘rsatdi. Shu bois hozirgacha bo‘lgan standartlarni qayta ko‘rib chiqish, dehqon bozorlarida davlat ishtiroki talabini bekor qilib, xususiy sektor ishtirokida zamonaviy dehqon bozorlari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Strategik zaxiralarni shakllantirish borasida ham jiddiy kamchiliklar borligi ma’lum bo‘ldi. Masalan, 6 turdagi mahsulot bo‘yicha zaxira shakllantirilmagan. Bug‘doy esa, aksincha, zaruratga nisbatan 5 barobar ko‘p g‘amlangan.

Shu bois Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga strategik zaxiralar nomenklaturasi va hajmlarini tanqidiy ko‘rib chiqib, bu borada yangi tizim yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan agrosanoat tarmog‘i rahbarlari va hokimlarning hisoboti eshitildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring