Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

QQS borasida eng ko‘p berilayotgan savollarga mutaxassislar javobi

QQS borasida eng ko‘p berilayotgan savollarga mutaxassislar javobi

Foto: «Segodnya.ua»

Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasidan kelib chiqib, 2019 yil 1 yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshgan yuridik shaxslar umumbelgilangan soliqlarni to‘lash tartibiga, jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tmoqdalar. Shu bois quyida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha eng ko‘p berilayotgan savollarga mutaxassislar javoblarini taqdim etamiz.

– Matbuot va OAV sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shilgan qiymat solig‘ida imtiyozlar mavjudmi?

– O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 208-moddasiga asosan bosma mahsulotlar, ya’ni kitob mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarining davriy bosma nashrlari (reklama tusidagi bosma nashrlar bundan mustasno), daftarlar hamda rasm va chizmachilik albomlarini realizatsiya qilish oborotlari hamda ommaviy axborot vositalarini va kitob mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan.

– Umumiy ovqatlanish tarmog‘iga QQS qanday tatbiq etiladi, batafsil ma’lumot bersangiz?

– O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 dekabrdagi O‘RQ-508-sonli Qonuni bilan Soliq kodeksining 350-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard so‘mdan oshmagan yuridik shaxslar yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Soliq kodeksining 351-moddasiga asosan soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard so‘mdan oshgan yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar belgilangan chegaraviy miqdor oshib ketgan oydan keyingi oyning boshidan boshlab umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tadilar.

Shuningdek, narx-navoning keskin oshib ketishini oldini olish maqsadida 2019 yildan yillik yalpi tushumi uch milliardgacha bo‘lgan yuridik shaxslar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilindi. Soddalashtirilgan tartibdagi qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha pasaytirilgan soliq stavkalari belgilangan, shu jumladan, umumiy ovqatlanish tarmog‘i korxonalari uchun soliq stavkasi 10 foiz miqdorida belgilangan.

– Oilaviy korxona bugungi kunda yagona soliq to‘lovi to‘lovchisi hisoblanadi, uning yalpi tushumi 1 mlrd. so‘mdan oshganda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashi lozim bo‘ladimi?

– O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 dekabrdagi O‘RQ-508-sonli Qonuni bilan Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ya’ni Soliq kodeksining 350-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga asosan soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard so‘mdan oshmagan yuridik shaxslar yagona soliq to‘lovi to‘lovchilari bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Soliq kodeksining 351-moddasiga asosan soliq davrida olingan yalpi tushumi bir milliard so‘mdan oshgan yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar belgilangan chegaraviy miqdor oshib ketgan oydan keyingi oyning boshidan boshlab umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tadilar.

Ushbu normalar barcha soliq to‘lovchilar uchun bir hilda qo‘llaniladi, shu jumladan, oilaviy korxonalar uchun ham.

– Korxona 2018 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘isiz olgan tovarlar qoldig‘ini 2019 yilda sotsa qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadimi?

– Tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilingan vaqtda korxona Soliq kodeksining 197-moddasiga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lib hisoblansa hamda realizatsiya qilinayotgan tovarlar qonun hujjatlariga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinmagan bo‘lsa, realizatsiya qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblashi lozim bo‘ladi.

Bunda tovarlar qo‘shilgan qiymat solig‘isiz sotib olingan bo‘lsa ham ularni realizatsiya qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi.

– Dori-darmon chakana savdosi bilan shug‘ullanadigan dorixonaning yillik aylanmasi 5 mlrd. so‘mdan ortgan. 2019 yildan umumbelgilangan soliq to‘lovi rejimiga o‘tadigan bo‘lsa, yillik aylanmasi 1 mlrd. so‘mdan oshmagan dorixona qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lamaydigan bo‘lsa, ushbu ikkita dorixonadagi  narxlar o‘rtasida tafovut yuzaga keladi. Bunday holatda qanday yo‘l tutish lozim?

– O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 208-moddasiga asosan tibbiy xizmatlar (kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) va veterinariya xizmatlari, dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo‘ljallangan buyumlar, shu jumladan, ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinayotgan shunday vositalar va buyumlar oboroti qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan.

Korxona 2019 yil 1 yanvardan umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tadi, lekin korxona tomonidan realizatsiya qilinayotgan dori vositalariga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmaydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i hisob-kitobi imtiyoz qo‘llanilgan holda taqdim etiladi.

– Gaz quyish shoxobchasi mahsulotning tannarxiga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi ta’sir ko‘rsatmoqda, Bunda aksiz solig‘i summasi ustidan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi olinmoqda. Bu soliqlarni ikki karra to‘lashga olib kelmoqda. Ushbu holatni qanday yechimi mavjud?

– O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 204-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz realizatsiya qilinganda soliq solinadigan baza ularni realizatsiya qilish qiymati asosida unga qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilish chog‘ida to‘lanadigan aksiz solig‘i kiritilmagan holda aniqlanadi va ushbu soliq solinadigan bazadan kelib chiqib qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilish chog‘ida to‘lanadigan aksiz solig‘i qo‘shilgan qiymat solig‘ining soliq solish bazasiga kiritilmaydi, ya’ni qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblangandan so‘ng aksiz solig‘i hisoblanadi.

– Mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona xomashyo mahsulotlarini import qilgan taqdirda bojxonada to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi hisobga olinadimi?

– Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning umumbelgilangan tartibini qo‘llovchi korxonalar Soliq kodeksining 218-moddasiga asosan import qilingan xomashyo va materiallar bo‘yicha bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini qo‘llovchi korxonalar Soliq kodeksining 2263-moddasiga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish mexanizmini qo‘llash huquqiga ega emas.

Qanday tovarlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod?

– Soliq kodeksining 208-moddasiga asosan dori vositalari, bosma mahsulotlari, o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, protez-ortopediya buyumlari, nogironlar uchun mo‘ljallangan inventarlar pochta markalari va boshqa tovarlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 dekabrdagi «Qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 1065-sonli qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan quyidagi tovarlarning realizatsiyasi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi: go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), shuningdek, hayvonlar (qoramol va parranda) tirik hamda ularni so‘yish mahsulotlari, baliq, kartoshka, piyoz, tuxum, guruch (barcha navlari), shakar (shu jumladan, import qilingan), non mahsulotlari.

Import qilingan asosiy vosita bo‘yicha deklaratsiyada «QQS to‘lovisiz» yozuvi qayd etilganda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olsa bo‘ladimi?

– Soliq  kodeksining 218-moddasiga asosan tovarlar, shu jumladan, asosiy vositalar import qilinganda faqatgina budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinadi. Agar to‘lov amalga oshirilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchi qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish huquqiga ega bo‘lmaydi.

Bunda qonun hujjatlari doirasida bojxona to‘lovlari bo‘yicha bo‘shagan mablag‘larni maqsadli ishlatilishini nazarda tutuvchi imtiyozlar belgilangan bo‘lsa, import qilingan tovarlarga bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha to‘lov amalga oshirilmagan bo‘lsa ham soliq to‘lovchilar bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi.

Soddalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i nima?

– Soddalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i bu – qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning o‘ziga xos tartibi bo‘lib, unda 4 foizdan 15 foizgacha bo‘lgan farqlangan stavkalar belgilangan hamda budjetga to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini aniqlashda hisobga olish mexanizmi qo‘llanilmaydi.

Ushbu tartibni Soliq kodeksining 2261-moddasiga asosan yalpi tushumi uch milliard so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar qo‘llashi mumkin.

Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibining umumbelgilangan tartibidan farqli jihati shundaki, pasaytirilgan stavkalarni qo‘llash imkoniyatining mavjudligi (misol uchun, savdo korxonalari uchun 6 foiz, qurilish tashkilotlari uchun 8 foiz), shuningdek, soliq summasi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilish qiymatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.

Kim qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lmaydi?

– Soliq kodeksining 197-moddasiga asosan notijorat tashkilotlari hamda yalpi tushumi 1 milliard so‘mga yetmagan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar QQS to‘lovchilari hisoblanmaydi.

QQSni hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan va standart tartibining farqi nimada?

– Birinchidan, prinsipial farqi shundaki, soddalashtirilgan tartibdagi QQS to‘lovchilar xarid qilingan tovar (ish, xizmat)lar bo‘yicha to‘langan QQSni hisobga olish huquqiga ega bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, soddalashtirilgan tartibdagi QQS realizatsiya qilinayotgan tovar (ish, xizmat)lar qiymatidan kelib chiqqan holda, hisoblab chiqariladi.

Uchinchidan, soddalashtirilgan tartibdagi QQS umumbelgilangan tartibdagi QQSning amaldagi stavkasidan past bo‘lgan differensiallashgan stavkalardan kelib chiqqan holda, hisoblab chiqariladi.

Mening korxonam 2019 yil 1 yanvardan boshlab standart QQS to‘lovchisi hisoblanadi, buning uchun biz nima qilishimiz kerak?

– Siz tovar-moddiy boyliklari, shuningdek, tayyor mahsulotlarning qoldig‘ini inventarizatsiyadan o‘tkazishingiz lozim. Chunki QQS to‘lashga o‘tilganda, ular ilgari QQS bilan xarid qilingan bo‘lsa, to‘langan QQSni hisobga olishingiz mumkin bo‘ladi.

Misol uchun, Siz 2018 yilda o‘simlik yog‘ini va tamaki mahsulotlarini QQS bilan, qandolat mahsulotlarini esa QQSsiz xarid qilgansiz.

Omborda qiymati 2400 so‘m, shundan 400 so‘mi QQS bo‘lgan o‘simlik yog‘i, qiymati 1200 so‘m, shundan 200 so‘m QQS bo‘lgan tamaki mahsulotlari hamda QQSsiz xarid qilingan qandolat mahsulotlari qolgan.

O‘simlik yog‘i va tamaki mahsulotlari qoldiqlari 2019 yilda realizatsiya qilinganda, ular bo‘yicha to‘langan QQSni hisobga olishingiz lozim.

Misol uchun, o‘simlik yog‘i 2500 so‘mga realizatsiya qilingan taqdirda, 500 so‘m (2500*20%) QQS hisoblanadi. Bunda budjetga 100 so‘m (500-400) o‘tkazilishi lozim bo‘ladi. Ya’ni bu mahsulot realizatsiyasi qiymatining ko‘pchilik o‘ylaganidek, 20 foizini emas, balki 4 foizini tashkil qiladi.

Qandolat mahsulotlari QQSsiz xarid qilinganligi bois, ularning realizatsiya qilinganda hisobga olishdan foydalanib bo‘lmaydi hamda QQS summasi ularni realizatsiya bahosidan kelib chiqib aniqlanadi.

Agar tovarlar uchun to‘lov 2018 yilda, yuklab jo‘natish 2019 yilda amalga oshirilgan bo‘lsa nima qilish zarur?

– Buning uchun Siz qo‘shimcha shartnoma imzolashingiz lozim bo‘ladi. Bunda tovarlarni yuklab jo‘natish 2019 yilda amalga oshirilganligi uchun Siz hisobvaraq-faktura taqdim etishingiz va ushbu soliqni to‘lashingiz kerak. Misol uchun, Sizga 100 tonna sement uchun 20 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari oldindan to‘lov sifatida kelib tushdi. Lekin mazkur sement 2019 yilda realizatsiya qilinmoqda. Bu holatda Siz QQSni hisoblashingiz va budjetga to‘lab berishingiz lozim bo‘ladi.

Agar tovarlarni yuklab jo‘natish 2018 yilda, to‘lov esa 2019 yilda amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu shartnoma bo‘yicha QQS to‘lanadimi?

– Tovarlarni realizatsiya qilish oboroti amalga oshirilgan (QQS bo‘yicha majburiyatlarning yuzaga kelish) sana tovarlar jo‘natilgan va hisobvaraq-faktura taqdim etilgan sana bo‘lganligi uchun mazkur shartnoma bo‘yicha QQS to‘lanmaydi.

Masalan, Siz 2018 yilda 100 tonna sement yetkazib berish bo‘yicha qiymati 20 mln. so‘mga teng bo‘lgan shartnoma imzoladingiz va tovarlarning hammasini 2018 yilda realizatsiya qildingiz.

2018 yilda realizatsiya qilingan tovarlar bo‘yicha to‘lov 2019 yilda amalga oshirilganligi sababli QQS hisoblanmaydi va to‘lanmaydi. Chunki Siz realizatsiya qilish sana – hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilgan sanada, ya’ni 2018 yilda QQS to‘lovchisi bo‘lmagansiz.

 

Davlat soliq qo‘mitasi

Jamoatchilik bilan aloqalar

va huquqiy axborot bo‘limi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring