Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha ko‘p uchraydigan savollarga javoblar

Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha ko‘p uchraydigan savollarga javoblar

Foto: «Xabar.uz»

Davlat soliq qo‘mitasi qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha ko‘p uchraydigan savollarga javob berdi.

— Korxona 2018-yilda 1 mlrd so‘mdan ortiq oborot qilgan va qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish yuzasidan xabarnoma olgan, lekin ushbu korxona 2019-yilda 1 mlrd so‘mdan kam oborot qilsa keyinchalik soliqlarni qaysi tartibda to‘lanadi?

— Ushbu korxona 2019-yil davomida umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashi lozim bo‘ladi va agarda 2019-yilda korxona 1 mlrd.so‘mdan kam oborot qilsa uning soliq solish rejimi 2020-yilda qayta ko‘rib chiqiladi.

— Korxonaning shaxsiy kabinetiga umumbelgilangan tartibda soliqlarni shu jumladan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashga o‘tish uchun kelib tushgan xabarnoma haqida ma’lumot bering. 

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi PF-5468-sonli farmoniga asosan 2019-yil 1-yanvardan boshlab o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga jumladan, QQS to‘lashga o‘tkazish belgilanganligidan kelib chiqib, ushbu xabarnoma soliq majburiyatlarini bajarilishi yuzasidan manzilli maslahat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida yuborilgan.

— Korxonaning shaxsiy kabinetiga umumbelgilangan tartibda soliqlarni to‘lashga o‘tish yuzasidan yuborilgan xabarnoma qabul qilinganidan so‘ng qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza qanday tartibda jo‘natiladi?

— Xabarnomada QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun ariza shakliga havola qo‘yilgan bo‘lib, ushbu havola orqali ariza shakli o‘tiladi va rasmiylashtirib yuboriladi. Ariza asosida avtomatik tarzda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkaziladi va belgilangan shakldagi guvohnoma shaxsiy kabinetga qayta yuboriladi.

Shuningdek, QQS to‘lovchisi sifatida davlat soliq inspeksiyalarida tashkil etilgan «Maslahat xizmatlarini ko‘rsatish» darchalari orqali ham ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

 Korxona bir nechta faoliyat turlari bilan shug‘ullansa va har bir faoliyat turi bo‘yicha yalpi tushumi 1 mlrd so‘mdan kam miqdorni tashkil qilsa shaxsiy kabinetiga xabarnoma keladimi?

— Korxonaning yillik aylanmasi barcha faoliyat turlari bo‘yicha umumiy aniqlanadi. Agarda korxonaning umumiy yillik aylanmasi belgilangan miqdorga yetsa ya’ni, 1 mlrd so‘mdan oshganda korxona umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tishi lozim bo‘ladi, bunda korxonaning shaxsiy kabinetiga xabarnoma kelganligi yoki kelmaganligi ahamiyatga ega emas.

— Ishlab chiqarish hamda avtomobillarga gaz (metan) to‘ldirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonaning oboroti (tushumi) 1 mlrd so‘mdan oshsa 2019-yil 1-yanvardan umumbelgilangan tartibda soliqlarni to‘lashga o‘tadimi?

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi PF-5468-sonli farmoniga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (tushumi) 1 mlrd so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan barcha korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish belgilangan.

— Korxonaning yillik oboroti (tushumi) 1 mlrd so‘mdan oshganda 2019-yil 1-yanvardan umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tsa QQS to‘lamaydigan firma bilan shartnoma tuzgan holda tegishli ishlarni amalga oshirsa 2 baravar QQS to‘lanadimi?

— Qo‘shilgan qiymat solig‘i ikki baravar to‘lanmaydi faqatgina korxonada hisobga olinadigan QQS mavjud bo‘lmaydi.

— 2019-yildan yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari bo‘lgan fermer xo‘jaliklari ham QQS to‘lashga o‘tadimi?

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi PF-5468-sonli farmoniga asosan yagona yer solig‘i to‘lovchilari uchun uchun amaldagi soliqqa tortish tartibi saqlanib qolinadi.

— Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati bilan shug‘ullanadigan korxona yillik yalpi tushumi 1 mlrd so‘mdan oshganda realizatsiya qilingan yonilg‘i uchun QQS qanday hisoblanadi?

— Soliq kodeksining 204-moddasiga asosan baholari (tariflari) davlat tomonidan tartibga solinishi nazarda tutilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilinganda, soliq solinadigan baza belgilangan baholardan (tariflardan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.

— Korxonaning 2018-yil yakuni bilan yillik oboroti 1 mlrd so‘mdan oshgan. Ushbu korxona 2019-yil 1-yanvardan ombordagi mavjud qoldiq tovarlar realizatsiya qilinganda QQS hisoblanadimi yoki yo‘qmi?

— Korxona 2019-yil 1-yanvardan umumbelgilangan tartibdagi soliqlarni to‘lashga o‘tsa, 2018-yil yakuni bilan uning omborida qolgan tovarlari ham QQS bilan sotiladi.

— 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab korxona tomonidan bojxona imtiyozlarini qo‘llagan holda import qilingan tovarlar ichki bozorga realizatsiya qilinganda qanday tartibda QQS hisoblanadi?

— Agarda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda ushbu tovarlarni ichki bozorda realizatsiya qilinishi uchun QQSdan imtiyozlar nazarda tutilmagan bo‘lsa belgilangan tartibda QQS tortiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring