Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident uchta yangi tashabbus bildirdi

Prezident uchta yangi tashabbus bildirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kegeyli tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan uchta yangi tashabbus bildirdi.

Birinchisi, Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Buning uchun alohida Qoraqalpog‘iston mahallalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, unga joriy yilda 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Ikkinchisi, kadastri yo‘q 38 ming uy-joy va ko‘chmas mulklar bo‘yicha tegishli hujjatlar qilib beriladi.

Uchinchisi, aholi talabini inobatga olib, joriy yilda 4 mingta uy-joy quriladi. Bunga qo‘shimcha, zamonaviy loyiha asosida 4 ming yakka tartibdagi uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratiladi.

Yig‘ilishda ish o‘rinlarini ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qoraqalpog‘istonda 72 ming rasmiy ishsiz bor. Har yili 43 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Shularni hisobga olib, 193 ming ish o‘rni yaratish va Qoraqalpog‘istonni «ishsizlikdan xoli hudud»ga aylantirish maqsad qilib qo‘yildi. Bu borada yirik korxona va klasterlar, konchilik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik va qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l va arzon bo‘lishini ta’minlash maqsadida 2022 yilda aholiga 6 ming 600 gektar yer brilgan edi, bu yil yana 6 ming gektar ajratilmoqda. Bu orqali sabzi, piyoz, kartoshka kabi kundalik mahsulotlarga ehtiyoj qoplanadi. Bo‘ston kanalini betonlash hisobiga Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida 100 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi. Dala chetlarida 3,6 ming gektarda kadi, uzum va sabzavot yetishtirib, 42 ming tonna mahsulot olinadi.

Qoraqalpog‘istonda 51 ta maktabda o‘quvchilar soni me’yordan 2 baravar ko‘p. 208 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti yaxshi emas. 120 kilometr magistral hamda eng serqatnov 600 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash kerak. Shu bois 9 ta tumanda maktabgacha ta’lim muassasalari qurish, maktab va shifoxonalarni ta’mirlashga, shu jumladan issiqlik ta’minotiga qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi taqchilligi choralarini ko‘rish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Qoraqalpog‘istonlik faollar bu marralarni bajarish o‘zlariga bog‘liq ekani, hamma birlashib ishlasa, natijalar yanada yaxshi bo‘lishini ta’kidlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring