Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident sanoatni mahalliylashtirish holatini tanqid qildi

Prezident sanoatni mahalliylashtirish holatini tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 17-sentyabr kuni sanoatni mahalliylashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda sanoatni zamon talablari asosida rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

– Eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan sanoat siyosatini yuritishimiz zarur. Mavjud xomashyo va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish va ko‘lamini keskin kengaytirish ushbu sanoat siyosatining negizi bo‘lishi kerak, – dedi davlat rahbari.

Joriy yilning o‘tgan davrida yangi loyihalar doirasida bor-yo‘g‘i 1 milliard dollarlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilgani qoniqarsiz deb baholandi. Bu boradagi ishlar sust tashkil etilgan “O‘zmaxsusmontajqurilish” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati kabi korxonalar faoliyati tanqid qilindi.

Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, elektron kooperatsiya portalini tezroq ishga tushirib, sanoat mahsulotlari yetkazib berish shartnomalarini elektron tuzish ko‘lamini kengaytirish vazifasi qo‘yildi.

Hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni keskin kengaytirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Joriy yilda hududiy import o‘sishi tarmoqlardagiga nisbatan 2 barobar yuqori bo‘lishi kuzatilmoqda. Bu hududlarda ishlab chiqarishni keskin ko‘paytirish uchun katta ehtiyoj borligini yaqqol ko‘rsatadi.

Masalan, yaqinda soha vakillaridan iborat ishchi guruhlar to‘rtta shaharga borib, Angrenda 38 ta, Navoiyda 13 ta, Namanganda 29 ta va Chirchiqda 18 ta yangi mahalliylashtirish loyihalarini shakllantirdi.

Shu tartibda har bir hudud bo‘yicha mahalliylashtirish dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Tayyor yer maydonlari, binolar va infratuzilmaga ega bo‘lgan kichik sanoat zonalari bu borada katta imkoniyat yaratadi. Lekin yurtimizdagi 156 ta ana shunday zonadagi loyihalarning atigi 13 foizi mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan. 80 ta shahar va tumanda birorta ham mazkur turdagi hudud tashkil qilinmagan.

Mutasaddilarga barcha kichik sanoat zonalarida import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish, o‘sha 80 ta shahar va tumanda shunday zonalar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Import qilinayotgan texnologik uskunalardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Chunki joylarda chetdan valyutaga olib kelingan texnologiyalar ishlatilmay turgan ko‘plab holatlar aniqlangan. Bunga yer ajratish, qurilishga ruxsat berish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulash kabi masalalar to‘siq bo‘lgan.

Bosh vazir va Hisob palatasi rahbariga ushbu yirik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mahalliylashtirishni qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqilar ekan, bunday loyihalarni amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kafillik berish va kredit foiz stavkasini qisman qoplash tizimidan samarali foydalanish kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, bojxona to‘lovlarini 120 kungacha uzaytirib to‘lash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirgan korxonalarning tayyor mahsulotlarini sertifikatlash va standartlashtirish masalalarida ko‘maklashish mumkinligi qayd etildi.

Davlat xaridlarida mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish va rag‘batlantirish, tashqi savdoni tarif usuli bilan boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha ham ustuvor vazifalar belgilandi.

Videoselektorda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoqlar va hududlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring