Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlamoqda

O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlamoqda

Foto: O‘zsanoatqurilishbank Axborot xizmati

Joriy yilning 4 mart kuni O‘zsanoatqurilishbank tomonidan ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlarini «yashil» moliyalashtirish mexanizmi asosida ishga tushirilayotgan loyihalar bilan tanishtirish maqsadida Toshkent shahridagi korxonalarga press-tur tashkil etildi.

2019 yil 4 oktyabrda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, yillarga mo‘ljallangan hukumat strategiyasi ishlab chiqildi.

Unda «yashil» investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, xususan «yashil» kreditlash, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishda xususiy sektorni faollashtirish, shuningdek, «yashil» investitsiyalarga nisbatan bank tizimini rag‘batlantirish masalalari belgilab olindi.

O‘zsanoatqurilishbank tizimida ushbu mexanizm asosida kreditlash amaliyotlari Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinmoqda. 2018 yilga kelib Bank tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maslahatchilari ko‘magida ishlab chiqilgan transformatsiya dasturida ham «Green banking» alohida o‘rin egalladi.

Bugungi kunga qadar bank tomonidan uch bosqichda jami 91 mln. AQSh dollarilik 20 ta «yashil» loyiha moliyalashtirildi.

Xususan, poytaxtimizda faoliyat yurituvchi «V.L.Galperin» nomidagi Toshkent truba zavodida turli hajmdagi quvurlar, issiqlik o‘tkazgichlar (armatura simli novda), mahkamlagichlar, payvandlash simlari, elektroid kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Press tur doirasida OAV vakillari bu yerda zavodning ishlab chiqarish quvvati, xususan «yashil» loyiha deyilishiga sabab bo‘luvchi jihatlari bilan tanishtirildi.

Qayd etilganidek, ob’yekt iqlim va ekologiya barqarorligini ta’minlovchi, energiya tejovchi ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan, zarur xom ashyo bazasi ta’minlangan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 350 ming tonna po‘latdan yasalgan metall buyumlar yetkazib berishga tengdir.

Bank tomonidan shu davrga qadar moliyalashtirilgan ana shunday loyihalar hisobiga metallurgiya, neft-gaz, kimyo, elektr energiya va boshqa tarmoqlarda 268 975 MVt.s elektr energiyasi va 107 080 m3 tabiiy gaz tejalganligini qayd etish mumkin.

Press-turda jurnalistlarning navbatdagi manzili «Pergament quality exclusive» korxonasi bo‘ldi. U yerda mehmonlar flizelin asosidagi vinil gulqog‘ozlar ishlab chiqaruvchi korxonaning ikkinchi liniyasi faoliyatini kuzatib, bu haqda batafsil ma’lumot oldi.

Loyihaning birinchi bosqichida korxona quvvati yiliga 2 million 640 ming o‘ram gulqog‘oz ishlab chiqarishga yetgan bo‘lsa, endilikda u bundan 2 baravar ko‘p ishlash imkoniga ega bo‘ldi. Buning uchun Bank tomonidan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan 3 825 000 yevro ekvivalentiga teng kredit mablag‘i ajratildi.

Umuman, «yashil» moliyalashtirish yer yuzining dolzarb ekologik muammolarini hal etishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar mahsulidir. Bunda muqobil energetika sohasida ilg‘or texnologiyalar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish alohida o‘rin tutadi. Shu bois O‘zsanoatqurilishbank tizimida ushbu mexanizm ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qabul qilindi. Muassasada kreditlashning ushbu usulini yaqin istiqbolda 70-80 foizga tenglashtirish belgilab olindi.

Bank Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring