Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zimizning avto»ning 70 foizi o‘zimizdan chiqadi

«O‘zimizning avto»ning 70 foizi o‘zimizdan chiqadi

Foto: UzAuto

«UzAuto» har hafta va hatto har kuni biror yangilik bilan chiqishiga ko‘nikib qoldik. Goh chegirmalar e’lon qilinsa, gohida o‘qituvchilarga imtiyozli avtomobil taklif qilinyapti. Ammo bu hali hammasi emas. Aftidan asosiy yangiliklar hali oldinda bo‘ladigan ko‘rinadi.

Bugun «O‘zavtosanoat» AJ poytaxtdagi Turin politexnika universitetida yirik xalqaro forum tashkil etdi. Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSh, Fransiya va Janubiy Koreyada avtomobilsozlik rivojlanganini bilasiz. Forumda shu va yana bir qator mamlakatlardan kelgan 50 dan ortiq yetakchi kompaniyalar ishtirok etmoqda. Maqsad esa ulkan — avtomobil sanoatida butlovchi qismlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni takomillashtirish va xorijiy investitsiyani yurtimizga jalb etish.

Albatta xorijiy investorni olib kelish, pul tikishga ko‘ndirish oson ish emas. «O‘zavtosanoat» tomonidan tashkil etilgan tadbirda imkon qadar sarmoyadorlarni jalb etish uchun barcha ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston va biznes istiqbollari haqidagi ma’lumotlar ingliz tilida to‘liq va ravon qilib yetkazildi. So‘ngra «UzAuto Motors» ishlab chiqarayotgan avtomobillar xususiyatlari, kelajakdagi modellar va ularning butlovchi qismlari haqida ma’lumot berildi.

Aynan mana shu soha xorijliklar uchun qiziq bo‘lishi tabiiy. Bo‘lg‘usi sarmoyadorlar biznes yuritish uchun shart-sharoitlar haqida turli savollar bilan murojaat etishdi. Barcha savollarga ochiq va oydin javob qaytarildi.

Ertaga xorijliklar Farg‘ona, Andijon va Namanganda bo‘lishadi hamda «UzAuto Motors» faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Bu yaqinlik yakunda tuzilajak shartnomalarga aylanishi rejalashtirilgan.

Ayni vaqtda «O‘zavtosanoat» tizimida 80 dan ortiq kompaniya mavjud bo‘lib, ularda 27 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritib kelmoqda. Yillik mablag‘ aylanmasi esa 4 milliard dollarni tashkil etadi. Aksionerlik jamiyati tomonidan O‘zbekiston budjetiga 2 trillion so‘m mablag‘ soliq va boshqa to‘lovlar ko‘rinishida to‘lab kelinmoqda.

«O‘zavtosanoat» avtomobillarining butlovchi qismlarini yurtimizda ishlab chiqarish allaqachon 50 foizlik ko‘rsatkichdan oshib o‘tgan. Bu hali hammasi emas. Yaqin vaqtlar ichida ushbu ko‘rsatkich 70 foizdan oshishi rejalashtirilgan. Xorijdan investorlar shuning uchun kelishdi.

«UzAuto»dan yangiliklar yana bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring