Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vazirlar Mahkamasiga o‘tgan «O‘zagroinspeksiya» qanday vakolatlarga ega bo‘ldi?

Vazirlar Mahkamasiga o‘tgan «O‘zagroinspeksiya» qanday vakolatlarga ega bo‘ldi?

Prezidentning 2019 yil 15 martdagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilgan edi.

“O‘zagroinspeksiya” yangi nizomi tasdiqlandi. Unga bir qator vazifalar, vakolatlar yuklatilgan.

Xususan, eksport-import va respublika ichidagi tashishlarda paxta xom ashyosi, boshoqli don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari hosili va ularning urug‘lari hamda ulardan qayta ishlangan mahsulotlar sifatini majburiy davlat tekshiruvini o‘tkazish masalalari ham inspeksiya tomonidan amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi tizimida huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqishi sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish ham aynan inspeksiya tomonidan bajariladi.

Endilikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni fermer, dehqon xo‘jaliklariga va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarga noqishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan talablar buzilishining oldini olishga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Yerlardan qat’iy ravishda maqsadli foydalanib, sug‘oriladigan ekin maydonlarini muomaladan chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha qabul qilingan shartnoma majburiyatlariga rioya etilishi ta’minlanadi.

Nizomga asosan inspeksiya vakolatiga taalluqli ishlar bo‘yicha tekshirish o‘tkazish vakolatiga ham ega bo‘ldi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlaridan nooqilona foydalanish va ularni qo‘riqlash, suv resurslari isrofgarchiligi, mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i-moylash materiallarini o‘g‘irlash, gidrotexnika, melioratsiya inshootlari hamda qishloq xo‘jaligi texnikasidan xo‘jasizlarcha foydalanish holatlarini aniqlaydi.

Shuningdek, normativ huquqiy hujjatlar talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida mansabdor shaxslarni ogohlantiradi. Sohada qonun buzilishi holatlarini hamda ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida idoraviy bo‘ysunuvidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxona, muassasa va tashkilotlarga ijro etilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi.

Bundan tashqari, suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari tomonidan suv olish tartibini buzganlik uchun jarima sanksiyalarini ham qo‘llaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring