Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyo Ahmadboylari yoxud o‘tmishning eng mashhur moliyaviy ehromlari

Dunyo Ahmadboylari yoxud o‘tmishning eng mashhur moliyaviy ehromlari

Foto: UTMagazine.ru

Dunyo yaralibdiki, zudlik bilan boyib ketishni istaydiganlar hamisha bo‘lgan. Ana shundaylarning ozchiligi moliyaviy ehromlarni ishga tushiradi, ko‘pchiligi esa uning qurboniga aylanadi va bor-budidan ayriladi. Chinozlik Ahmad Tursunboyev yaratgan moliyaviy ehromga pul tikib, keyin afsus qilib qolgan yurtdoshlarimiz anchagina. Qizig‘i, ularning ko‘pchiligi yaqin o‘tmishda ham shunday firibgarlik bo‘lganini yaxshi eslashsa-da, dadil pul tikaverishgan.

Rossiya

Ruslar orasida moliyaviy ehrom ko‘lami, davomiyligi va mashhurligi jihatdan yaqqol yetakchi — Sergey Mavrodi yaratgan «MMM» hisoblanadi. Besh yil davom etgan bu qalloblikka har beshinchi rossiyalik aralashib qolgan. Taxminlarga ko‘ra, davlatning umumiy aylanma mablag‘larining 10-15 foizi shu tashkilotning g‘aznasidan o‘tgan.

«Ertaga bugundan qimmatroq» shiori ostida pulga o‘xshash qog‘ozlar chiqargan Mavrodi ularni sotib olganlarga bir yildan so‘ng 1000 (ming) foizgacha ustamasi bilan qayta sotib olishni va’da qilgan (va tabiiyki, dastlab va’dasining ustidan chiqqan). «MMM» oddiy taxminlarga ko‘ra, kamida 2 mlrd. dollardan ortiq pulni havoga sovurgani ma’lum. Bu o‘z davri uchun juda katta mablag‘ edi.

Shuningdek, Rossiya tarixida «Vlastilina» (2 yil davom etgan, asoschisi Rossiyaning eng boy ayoliga aylangan), «Russkiy dom Selenga» (2 yil davom etgan) kabi «MMM»ga nisbatan kichikroq, lekin umumrossiya miqyosida ish olib borgan ehromlar ham bo‘lgan va ularning mijozlari orasida yurtdoshlarimiz ham uchraydi.

AQSh

Moliya dunyosi markazi tabiiyki, moliyaviy ehromlar ko‘lami bo‘yicha ham yaqqol yetakchidir. Bu davlat tarixida firibgar tashkilotlar yoki odamlar shu qadar ko‘pki, ularning o‘zi alohida mavzu. Biz eng mashhurlarini sanab o‘tamiz.

Bernard Meddoffning milliardlari

Bu inson tashkil etgan «Madoff Investment Securities» kompaniyasi vahimali foydalar taklif qilmagan. Mijozlar yillik 12-13 foizlik daromad ketidan oqib kelaverganlar va 15 yillik faoliyat davomida ular soni 3 million kishidan ortgan. Bundan tashqari, yuzlab jamg‘armalar va mashhur insonlar ham Meddofga pul topshirishganki, ular orasida juda obro‘lilari ham uchraydi.

2008 yildagi inqiroz bo‘lmaganida Bernard Meddof oshini oshab, yoshini yashab o‘tib ketishi ham mumkin edi. Ammo, aynan shu jarayonda ko‘pchilik mijozlar qiyin ahvolga tushib, pullarini qaytarib olish harakatiga tushishadi. Biroq, qaytariladigan pulning o‘zi yo‘q edi. 7 mlrd. pul topilmadi va firibgar hibsga olindi.

Sud uning qilmishlarini hisobga olganida, dunyo bo‘ylab kechayotgan moliyaviy inqiroz aynan Meddof kabi insonlar tufayli kelib chiqqan, degan xulosaga keldi shekilli, unga oz emas, ko‘p emas 150 yillik qamoq jazosi belgiladi. Qamoqxonada ham Bernard kichikroq do‘kon faoliyatini yo‘lga qo‘ydi va mahkumlar orasida turli moliyaviy firiblar qilib yuribdi.

Italyan, ammo mafiya emas

O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari AQShda mafiyaning gullab yashnagan davri edi. Don Korleone, Al Kapone kabi jinoyat olamining korchalonlari deyarli hamma sohani nazorat qilishar, davlat ichida davlat tuzishgandi. Bostonga tashrif buyurgan italyan muhojiri Charlz Ponsi mashhur yurtdoshlaridan farqli ravishda qon to‘kishdan voz kechib, kalla bilan pul topishni afzal bildi.

U bir nechta loyihalari omadsiz chiqqanidan so‘ng, oddiygina yo‘l tutdi – qimmatli qog‘ozlar chiqardi va ularga oyiga 20 foizdan daromad to‘lay boshladi. Avvaliga unga hech kim ishonmadi, ammo ayyor Ponsi chekinmadi hamda gazeta muxbirlarini sotib olib, matbuotda yaxshigina shov-shuv ko‘tarishga erishdi. Shundan keyin pul topshirish istagida bo‘lganlardan iborat turnaqator navbatlar hosil bo‘ldi va Charlz Ponsi bir yil ichida 50 mln. dollarning «boshini yedi».

Ta’kidlash joizki, o‘sha paytda AQShdagi o‘rtacha maosh 60 dollar atrofida edi. Buyog‘i har doimgidek, dastlab pul tikkanlar yaxshi foyda ko‘rishdi, oxiridagilar dod deb qolaverishdi. Tez orada FQB bu tashkilot faoliyati bilan qiziqdi va Charlzni hibsga oldi. Sud Ponsiga bor yo‘g‘i 5 yil jazo tayinladi.

San’atkormi firibgar?

«Backstreet Boys» va «NSync» kabi guruhlar butun dunyoga mashhur. Ammo ularning asoschisi Lu Perlman ham moliyaviy ehrom foydasini tatib ko‘rganlardan. 1981 yilda u bir necha firma tuzadi va bu ularning aksiyalarini sotuvga chiqaradi. Keyin yolg‘on hisobotlar bilan katta foydalar ko‘rsatib, qimmatli qog‘ozlarga qiziqishni oshiradi.

 Aslida bu firmalar faqat qog‘ozda bo‘lib, hech qanday faoliyat yuritmasdi. Shunga qaramay, Perlman 25 yil davomida bemalol hammani chuv tushirishda davom etdi. Tushumlar miqdori 300 mln. dollardan oshganidagina hammasi quladi va u qancha faoliyat yuritgan bo‘lsa shuncha muddat – 25 yilga qamaldi.

Ko‘hna Qit’a

Yevropa qirollik klubi

Xans Gunter va Damara Bertges ismli tadbirkorlar kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishda go‘yo Yevropa bank tizimi bilan raqobat qilishadi va juda oddiy usulni tanlashadi. Mijoz 1400 markaga «foydali xat» xarid qilishi va oradan rosa bir oy o‘tib, shu xatni 1600 markaga qaytarib sotishi mumkin edi. Oradan ikki yil o‘tib, firibgarlik ochilgunga qadar 1 mlrd. dollar mablag‘ «egasini» topgandi. Qizig‘i, sud Damara Bertgesga 7 yil, Xans Gunterga 5 yilgina jazo berish bilan cheklandi.

Portugaliyadagi xalq banki

Kunlarning birida Mariya Branka dos Santos ismli oddiy ayol bank ochishga qaror qildi va bu bankni «Don Branko» deb nomladi. 1970 yilda ishga tushgan bank oyiga 10 foiz daromad beruvchi omonatlarni qabul qila boshladi va bu faoliyatini keng qamrovli reklama qildi.

U 14 yillik faoliyati davomida shunchalik ko‘p mijoz orttirdiki, hech kim buni moliyaviy ehrom deb o‘ylamas, aksincha «Don Branko xalq banki» deya ulug‘lashardi. Mariyaga atab hatto «Xalq bankiri» nomli opera ham sahnalashtirilgan. 1984 yilda ehrom quladi va bankir xonim 10 yilga qamaldi.

Pokiston va Xitoy

Shohona daromad

Pokistonlik Said Hasanshoh bir muddat Dubayda ishlab kelib, bu shaharda aylanayotgan ulkan pullardan qattiq ta’sirlandi. 2005 yilda u ona shahri Vazirobodga qaytganidan keyin o‘zi bilan birga birja o‘yinlarida katta foyda keltiruvchi noyob kompyuter dasturi olib kelganini e’lon qiladi. Avvaliga bir necha kishigina uning qarmog‘iga ilinadi, ularga kelishilgan foydani berganidan keyin buyog‘i har doimgidek kechadi.

Bor-yo‘g‘i bir yarim yil ichida Hasanshoh shunchalar mashhur bo‘lib ketadiki, uni hatto viloyat gubernatorligiga saylamoqchi bo‘lishadi. O‘tgan muddat ichida 300 ming nafar omonatchini 1 mlrd. dollardan ortiqroqqa tushirgan Sayid qamalganida minglab odamlar hukumatning «adolatsiz»ligidan norozi bo‘lib namoyishga chiqishadi va Hasanshohning ozod qilinishini talab qilishadi.

Pul ishlamoqchimisan, chumolidek tinim bilma!

Xitoylik Van Fen ismli biznesmenning firibgarligi alohida kitob yozishga arziydi. 1999 yilda Van pul ishlashning o‘ziga xos uslubini qo‘llaydi – uning firmasi «juda noyob» chumolilarni boqish uchun ko‘ngillilarni izlaydi. Ish tartibi quyidagicha edi: mijoz yoki «a’zo» 1500 dollarga bir gugurt quti chumoli sotib olishi va uni «o‘ta sirli sxema» bo‘yicha 90 kun boqishi kerak edi. Tikilgan pulga yillik 32 foiz ustama to‘lanar, bir quti chumoli boqqan odam uchun bu juda yaxshi daromad edi. 2 yil ichida Van Fenning obro‘si keskin oshib ketdi, unga turli mukofotlar topshirildi, «Xitoyning eng kuchli 100 tadbirkori» qatoriga kiritildi, televizorda u haqda ko‘plab lavhalar ko‘rsatildi.

Qizig‘i, hech kimni «juda kuchli dori vositasi olish uchun» boqilayotgan chumolilar tarixi qiziqtirmadi. Aslida ular Van Fenning boyish vositalari edi, xolos. 2 mlrd. dollar to‘play bilgan «chumoliboqar»ning moliyaviy ehromi bir lahzada quladi. Xitoy hukumati boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, firibgarni ayab o‘tirmadi va Van Fenni qatl etdi.

Ko‘rib turganingizdek, insoniyat yaqin tarixda ham juda ko‘p moliyaviy ehromlarga guvoh bo‘lgan. Shunga qaramay, tez boyish istagi tinchlik bermaydiganlar hamisha bor ekan, bunday firibgarliklar davom etaveradi.

Abror Zohidov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring