Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi: «O‘zbekiston havo yo‘llari» — monopoliya sub’yekti

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi: «O‘zbekiston havo yo‘llari» — monopoliya sub’yekti

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

OAV vakillari bilan muloqot davomida tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishida reklamaning o‘rni muhimligi, u ishlab chiqaruvchi va iste’molchi o‘rtasidagi asosiy bog‘lovchi vosita ekani qayd etildi.

Qo‘mita vakillari tomonidan tayyorlangan taqdimot orqali tashqi reklama tushunchasiga sharh berib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, alohida maxsus konstruksiyalarda, taxtalavhalarda, ekranlarda, binolarda, inshootlarda, yo‘l chekkalarida, ko‘cha yoritgichlarining tayanchlari va hokazolarda joylashtiriladigan reklama — tashqi reklama sanaladi.

Jurnalistlar bilan savol-javoblar vaqtida mavzu reklamadan qo‘mita vakolatidagi masalalarga ko‘chdi. Muxbirlardan biri «O‘zbekiston havo yo‘llari» monopol tashkilot ekani yoki emasligi haqidagi savolga oydinlik kiritilishini so‘radi. Qo‘mita raisi o‘rinbosari Bekzod Ummatov quyidagicha javob qaytardi:

«Biz aynan shu mavzuda maqola tayyorlab qo‘ygan edik, hozir qisqacha izoh berishga harakat qilaman, — dedi Ummatov. — Monopolist degan tushunchani aniq belgilab beradigan mezonlar bor. Agar biror korxona yoki tuzilmaning bozordagi ulushi 50 foizdan ko‘p bo‘lsa, u monopolist hisoblanadi. Bugungi kunda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining ulushi 50 foizdan ko‘p va o‘z-o‘zidan ayonki, u monopoliya sub’yekti sanaladi».

«Qonun chiqaruvchi organ kelgusida O‘zbekistonda monopoliya bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar kamayishi haqida aytib o‘tgan edi. Lekin hozircha ular kamaygani yo‘q. Yaqin kelajakda ularning sonini qisqartirish bo‘yicha qanday ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan?» — degan savol bo‘ldi.

«Siz nimaga asoslanib ularning soni kamaymagan deb hisoblaysiz? — deya savolga savol bilan javob yo‘lladi Bekzod Ummatov. — Agar siz aytayotgan gap «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi, GM Uzbekistan yoki «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksionerlik jamiyatiga talluqli bo‘lsa, unda to‘g‘ri. Lekin umuman, iqtisodiyotdagi raqobat muhiti xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, vaziyatga faqat shu tashkilotlardan kelib chiqib baho berish unchalik to‘g‘ri emas».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring