Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Moliya vaziri O‘zbekistonda yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunga izoh berdi

Moliya vaziri O‘zbekistonda yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunga izoh berdi

Foto: «Gazeta.uz»

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunni yerga nisbatan xususiy mulkchilikni joriy etishning birinchi bosqichi deb atadi, deya xabar qildi «Gazeta.uz».

Moliya vaziri 3-may kuni Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida ma’qullangan «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi yuzasidan izoh berdi.

«Senat tomonidan ma’qullangan mazkur qonun tarixiy hodisa hisoblanadi. Sizga ma’lumki, bozor iqtisodiyotining asosi, bu — xususiy mulkchilik. Yerga nisbatan xususiy mulkchiliksiz bozor iqtisodiyoti to‘liq bo‘lmaydi», — dedi u.

Jamshid Qo‘chqorov hukumatning ushbu masaladagi pozitsiyasiga oydinlik kiritar ekan, yerni xususiylashtirishni juda murakkab masala ekanini ta’kidlab o‘tdi.

«Bu qonun muayyan darajada yerga nisbatan xususiy mulkchilikni joriy etishning birinchi bosqichi hisoblanadi. Birinchi navbatda qanday yerlar xususiylashtiriladi? Agarda menda korxona bo‘lsa va u muayyan uchastkada joylashgan bo‘lsa, u holda men ushbu yerni xususiylashtirish huquqiga ega bo‘laman. Yer uchastkalari va ularda joylashgan ob’yektlar birligi tamoyili mavjud. Kimdir yuridik shaxs faoliyat ko‘rsatayotgan yoki jismoniy shaxs yashayotgan yerni auksionga qo‘yishi va sotib olishi mumkin emas. Uy meniki, yer esa boshqaga tegishli — bunaqasi bo‘lmaydi», — dedi vazir.

Ko‘chmas mulk ob’yektlari joylashgan xususiylashtirilayotgan yer uchastkasi hajmi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab beriladi. Bunda yuridik yoki jismoniy shaxslardan yer solig‘ining bir necha barobari miqdorida boj to‘lanadi.

Jamshid Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, gap aholidan yerni xususiylashtirish uchun qandaydir katta miqdordagi mablag‘larni yig‘ish haqida ketayotgani yo‘q. Asosiy maqsad odamlar yerga nisbatan mulk huquqiga ega bo‘lishlari, yuridik va jismoniy shaxslar yerni oborotga qo‘yish, ya’ni garov sifatida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdan iborat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring