Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Milliy bank ko‘magida olingan avtobuslarda Rossiyaga qatnov yo‘lga qo‘yiladi

Milliy bank ko‘magida olingan avtobuslarda Rossiyaga qatnov yo‘lga qo‘yiladi

Foto: O‘zmilliybank matbuot xizmati

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisiga ko‘rsatilayotgan avtotransport xizmatlari sifatini yaxshilash, yurtimizning chekka qishloq va tumanlarini viloyat markazlari bilan bog‘lashda jamoat tarnsporti qatnovini yo‘lga qo‘yish, Respublika tashqarisiga transportda chiqishda xavfsizlikni ta’minlash borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yil 5 mart kuni qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3584 son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Jumladan, qarorga asosan tashkil etilgan «O‘zavto trans servis» MChJga shaharlararo va xalqaro qatnovlarni yo‘lga qo‘yish uchun avtobuslarni sotib olish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida O‘zmilliybank tomonidan Xitoy Davlat Taraqqiyot bankining 20 mln. AQSh dollari miqdorida krediti ajratildi. Ajratilgan kredit evaziga Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan 168 ta avtobus sotib olindi. Bugungi kunda mazkur korxonada 400 ga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda.

Har bir avtoulov saloni 51 ta yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, ular uchun maksimal darajada qulaylik yaratilgan. O‘rindiqlar yumshoq, har bir o‘rindiq tepasida havo deflektori va individual yoritish chiroqlari mavjud. Konditsioner va monitorlar safarlar chog‘ida juda qo‘l keladi.

«Uzautotrans Service» MChJ korxonasi yangi avtobuslarda samarali faoliyat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida maxsus tanlov asosida haydovchilarni saralab oldi. Ularning malakasi maxsus o‘quv dasturi asosida oshirilib, xorijiy davlatlar hududida harakatlanayotganda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida to‘liq tushunchalar berildi.

Yo‘lovchilarni uzog‘ini yaqin qilish va ko‘zlangan manzilga sog‘-salomat yetkazish maqsadida har bir avtobusda 2 ta dan malakali haydovchi xizmat ko‘rsatadi. Avtobus boshqaruvida bo‘lgan haydovchiga ham alohida qulayliklar yaratilgan. Haydovchining ish joyi yaxshi jihozlangan. O‘rindig‘i esa og‘irlikka qarab avtomatik tarzda sozlanadi va uch nuqtali xavfsizlik kamariga ega. Shuningdek, zarurat bo‘lganda o‘rindiqning balandligi va og‘ish burchagini o‘zgartirish mumkin.

Bugungi kunda 29 ta yo‘nalishda qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ulardan 19 tasi shaharlararo 10 tasi esa xalqaro qatnovlardir. Dekabr oyidan boshlab Rossiyaning bir nechta shaharlariga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, bundan 40 yil avval bunyod etilgan poytaxtimizdagi Toshkent  avtovokzali zamonaviy qiyofaga keltirilib, bu yerdagi shart-sharoitlar so‘nggi talab darajasiga ko‘tarildi, yo‘lovchilar va mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratildi va mahalliy hamda xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan qatnovlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Mazkur avtovokzalda bir vaqtning o‘zida 2200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoni yaratilgan. Vokzal parkida 31 ta avtobuslarga chiqish perronlari va 80 ta avtobus uchun joy mavjud. Shuningdek, vokzal so‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan. Bu yerda zamonaviy VIP-zal, ona va bola xonasi, tibbiyot xonalari,  mehmonxona hamda xostel tashkil etilgan.

Bundan tashqari imkoniyati cheklangan fuqarolarning avtovokzal hududida emin- erkin harakat qilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ikkita lift, ikkita eskalator, maxsus panduslar shular jumlasidan.

Ta’kidlash kerakki, O‘zmilliybank tomonidan moliyalashtirilayotgan shu kabi istiqbolli loyihalar, mamlakatimiz rivoji uchun ulkan hissa qo‘shmoqda. Shu bilan birga, «Uzautotrans Service» MChJ korxonasi avtobuslarining yo‘nalishlarga qo‘yilishi Respublikamizda jamoat transporti yo‘nalishida yangi rivojlanish davrini boshlab beradi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring