Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Markazda o‘tiravergan vazirlar xalqqa nima kerakligini qayerdan biladi?»

«Markazda o‘tiravergan vazirlar xalqqa nima kerakligini qayerdan biladi?»

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida odamlarning yaxshi yashashga bo‘lgan talablari ortib borayotganiga e’tibor qaratdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

— Endi kechagi natija bilan xalqimizni rozi qila olmaymiz. Bugungi kun talabi har kuni izlanish, yangilik yaratishdir. Shundagina xalqimiz hayoti yaxshi tomonga o‘zgaradi, — dedi davlat rahbari.

Avvalo, qonun, farmon va qarorlar ijrosini to‘g‘ri tashkil etib, amalga oshirilayotgan islohotlarni har bir tuman va qishloqqacha yetib borishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

— Biz qancha mukammal qonun, farmon va qarorlar qabul qilmaylik, agar ular joylarda yetarlicha amalga oshirilmasa, shuncha mehnat va sa’y-harakatimiz natijasi sezilmay qolaveradi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Shuning uchun vazirlik va idoralar hamda hokimliklar ishini oqilona va samarali yo‘lga qo‘yish hukumatning bosh vazifasi bo‘lishi lozim. Endi har bir topshiriqning ijro etilgani qog‘ozga qarab emas, erishilgan pirovard natijaga qarab baholanadi.

Har bir ijro organi o‘zi mas’ul bo‘lgan sohani o‘rta va uzoq istiqbolda rivojlantirish bo‘yicha aniq reja va dasturlarga ega bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

— Endi ish faoliyatini faqat ishxonasida o‘tkazgan va qog‘ozbozlikka berilib, amaliy natijani keyingi o‘ringa tushirib qo‘ygan rahbarlar bilan xayrlashamiz. Markazda o‘tiravergan vazirlar xalqqa nima kerakligini qayerdan biladi? Tarmoq va hududlar rahbarlari ish uslubini o‘zgartirib, mas’uliyat va javobgarlikni o‘z zimmasiga olishni o‘rganishi, o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak. O‘z vaqtida hal qilinmagan muammolar joylardagi aholi kayfiyati va turmush sharoitiga katta ta’sir ko‘rsatishini bir soniya bo‘lsa ham unutmasligimiz zarur, - dedi Prezident.

Davlat organlari faoliyati hamda amalga oshirilayotgan islohotlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi ustuvor vazifaga aylanishi kerakligi belgilandi.

Qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati o‘rtasidagi o‘zaro samarali hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, ijroiya organlari rahbarlarining Oliy Majlis palatalari oldidagi hisobdorligini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring