Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Iqtisodchi tahlili: Paxta daromadini qanday ko‘paytirish mumkin?

Iqtisodchi tahlili: Paxta daromadini qanday ko‘paytirish mumkin?

Foto: Sputnik Qirg‘iziston

Ochig‘i, ko‘pchilik iqtisodchilar, agrar soha mutaxassislari bu savol ustida ko‘p ishlagan, izlangan. Biroq amalda haligacha paxtadan olinayotgan daromad xarajatga nisbatan katta emas. Xo‘sh, nima qilish kerak?

O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan 800 ming gektarga paxta ekib, 1,1 million tonna tola olish mumkin. Natijada 200 ming gektar sug‘oriladigan yer maydoni tejaladi. Buning uchun mavjud hosildorlikni o‘rtacha 10 sentnerga oshirish lozim. Lekin paxta maydonining asosiy qismi klaster korxonalariga biriktirilib, davlat xarid narxi 3,5 barobarga oshirilgan, jahon bozori narxlariga yaqinlashtirilgan bo‘lsa-da, foyda maqtanarli darajada ortgani yo‘q.

Aslida mamlakat iqtisodiyotidagi islohotlarning yangi bosqichida to‘qimachilik sohasi yetakchi bo‘lishi taxmin qilingandi. Biroq sohada eksport miqdori 2 milliard dollarga ham yetmadi. Xo‘sh, bunga sabab nima?

Asosiy sabab - xomashyo tannarxining oshishi, ip-kalava ishlab chiqaruvchi korxonalar moliyaviy ahvolining yomonlashuvi, tayyor mahsulotni jahon bozoriga chiqarishga qaratilgan xo‘jalik mexanizmining sayozligida. Afsuski, mavjud muammolarga yechim topilmadi, natijada tola ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi, shuning uchun yaxshi foyda keltirmasa-da, mahsulotni xomashyo sifatida sotishga majbur bo‘lyapmiz.

Paxta xomashyosiga davlat xarid narxining oshirilishi natijasida bir tonna xomashyo birlamchi qayta ishlash korxonasiga 2 ming dollarga tushmoqda, 1 tonna ip-kalavaning jahon bozoridagi narxi esa o‘rtacha 2,5 ming dollarga teng. Qayta ishlash jarayonida 10 foiz tola yo‘qotiladi va rentabellik pasayadi. Paxtani qayta ishlashga sarflanadigan xarajatlarni hisobga olsak, rentabellik darajasi yanada pasayadi, bu hol to‘qimachilik sanoati korxonalari rivojlanishi uchun jiddiy to‘siq bo‘ladi.

Mamlakatimizdagi ip-yigiruv fabrikalarining jami yillik ishlab chiqarish quvvati 500 ming tonnadan ko‘proq bo‘lsa-da, ularning katta qismi 20 yil oldin ishga tushirilgan, ma’nan va jismonan eskirgan. Shu sababdan, xalqaro bozorda kuchayib borayotgan raqobatga dosh berolmay qolmoqda. 5-10 foizlik, ayrim holatlarda nol rentabellikka ega korxonalar o‘z faoliyatini ichki imkoniyatlar hisobidan zamonaviy holatga keltirishga qodir emas.

Shulardan kelib chiqib, "Yo‘l xaritasi" bilan belgilab qo‘yilgan 7 milliard dollarlik eksport hajmiga erishishdek cho‘qqini imkoni boricha tezroq egallash uchun birinchi galda paxta xomashyosi tannarxini imkon qadar pasaytirish kerak. Buning uchun paxta klasterlarini faqat ball-boniteti yuqori bo‘lgan yer maydonlarida tashkil etish, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish va terim jarayonini mexanizatsiyalash hisobiga yuqori sifatli va arzon mahsulot yetishtirish mumkin. Monitoring yordamida ip-yigiruv fabrikalaridagi ahvolni chuqur o‘rganib chiqib, ularni iqtisodiy nuqtai nazardan rekonstruksiya qilish, keyinchalik klasterlar tarkibiga kiritish va talabga javob bermagan korxonalar faoliyatiga barham berish masalasini ko‘rib chiqish lozim.

Mamlakatimizning jahon bozorida munosib o‘ringa ega bo‘lishi uchun yangi xo‘jalik mexanizmini yaratish hisobiga tekstil sanoati korxonalarini 3-4 yirik klaster atrofida birlashtirish kerak. Shu yo‘l bilan xalqaro maydonda to‘qimachilik sohasidagi transmilliy kompaniyalar bilan teng raqobatlashish imkoni yaratiladi. Klasterlarning asosiy qismini ichki investitsiyalar, birinchi navbatda davlat investitsiyalari hisobidan tashkil etish lozim. Shunda tayyor mahsulotlar eksporti ko‘payishi hisobiga keladigan foyda xorijiy kompaniyalar manfaatiga emas, balki davlat manfaatiga xizmat qiladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, paxtachilikni rivojlantirish uchun zamonaviy boshqaruv tizimi va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish orqali hosildorlikni gektariga 38-40 sentnerga yetkazish mumkin. 800 ming gektarda yetishtirilgan xomashyo qayta ishlanib, tayyor trikotaj mahsulot sifatida sotilganda yillik sof foyda eng kamida 1,5 milliard dollardan ortadi. Lekin nima uchun shu paytgacha paxtachilikni rivojlantirish uchun yangi innovatsion texnologiyalarni, masalan, tomchilatib sug‘orishni qo‘llamadik?

2013 yilning iyun oyida tomchilab sug‘orish texnologiyasiga o‘tish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilingan bo‘lsa-da, hozirgacha jami paxta maydonining 1 foizdan kamrog‘iga ushbu innovatsion texnologiya joriy etilgan. Chunki 1 gektar yerda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish uchun fermer 2-2,5 ming dollar mablag‘ sarflashi kerak. 2016 yilgacha eng ilg‘or xo‘jaliklarning yillik foydasi mavjud xarid narxlar doirasida 150 dollardan oshmagan. Joriy yilda bir tonna paxta xomashyosi uchun davlat tomonidan 4 million so‘m ajratilmoqda va shuning hisobiga yuqori hosildorlikka erishgan xo‘jaliklar 400-500 dollarlik foydaga erishishi mumkin.

40 gektar paxta maydoniga ega bo‘lgan fermer bankdan 40 ming dollarlik kreditni kattagina foiz evaziga olishi kerak, buning uchun kredit miqdoridan ortiqroq qiymatdagi mulkni garovga qo‘yishi lozim. Xo‘sh, fermer bo‘ynida lizing majburiyati yoki katta kredit yuki bo‘la turib, tez-tez o‘tkazilayotgan maqbullashtirishlarga parvo qilmasdan bunday tavakkalchilikka qo‘l uradimi?

Ko‘rinib turibdiki, hozirgi sharoitda paxtachilik sohasiga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish uchun ikki yo‘l mavjud. Bu kabi loyihalarni ilmiy asosda tashkil etilgan to‘qimachilik klasterlari bajarishi yoki davlat ushbu vazifani to‘laligicha o‘z zimmasiga olishi lozim. Buning uchun har tomonlama asoslangan dalillar mavjud. Bir mavsumda paxta yetishtirish uchun 700 ming tonna turli xil mineral o‘g‘it ishlatiladi. Tomchilatib sug‘orish hisobiga uning ishlatilishi ikki barobar kamayadi, bu bilan 60 million dollar mablag‘ tejaladi. Shuningdek, kimyo zavodlarining tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji pasayadi. Faqat shularning o‘zidan 120 million dollar tejash mumkin. Bundan ham ahamiyatlisi, hosildorlikning o‘sishi hisobiga ekin maydonlari bo‘shaydi va ularda boshqa ekinlarni joylashtirish imkoniyati yaratiladi.

2020 yilda hukumat qarorlari asosida 200 ming gektar ekin maydoni yangi sug‘orish texnologiyasiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan va buning uchun 500 million dollarga yaqin mablag‘ talab etiladi. Ushbu tizim yaxshi samara keltirishi uchun respublika bo‘yicha 5-6 ming xo‘jalikka mos keladigan asbob-uskuna bilan ta’minlash, mutaxassislar tayyorlash lozim.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyat va oziq-ovqat xavfsizligi samaradorligi hali ko‘p yillar paxtachilik sohasiga bog‘lanadi. Xalqaro bozorlarga chiqish, jahon standartlariga mos tayyor mahsulotlar tayyorlash va kuchli raqobatga dosh berish, xalqaro mehnat taqsimotida munosib o‘ringa ega bo‘lish ko‘p jihatdan davlatning ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq. Shunday ekan bu kabi muhim vazifalarni faqat davlat moliyalashtirishi, keyinchalik boshqaruv faoliyatini takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirilgan investitsion xarajatlarni qaytarib olishi mumkin.

Ilhom VAFOYeV,

iqtisodchi

Manba: zarnews.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring