Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ipoteka-bank va Agrobank jarimaga tortildi

Ipoteka-bank va Agrobank jarimaga tortildi

Foto: «Xabar.uz»

Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga kelib tushayotgan murojaatlarning tahlili ayrim banklar tomonidan mijozlarga bank xizmatlarini ko‘rsatishda qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari mavjudligini ko‘rsatmoqda, deb xabar bermoqda Markaziy bank matbuot xizmati.

Masalan, Ipoteka-bank bilan fuqaro D.N. o‘rtasida 2018-yilda uy-joy sotib olish maqsadida kredit shartnomasi tuzilgan bo‘lib, ushbu ipoteka krediti qarz oluvchiga yillik 9 (to‘qqiz) foiz stavka bilan ajratilgan. Biroq, Ipoteka-bank kredit shartnomasi shartlariga amal qilmasdan, qarz oluvchiga kreditdan foydalanganligi uchun yillik 16 (o‘n olti) foiz stavkasida foiz hisoblagan.

Bundan tashqari, Agrobank tomonidan fuqaro A.O.ga tegishli bo‘lgan bank kartasi orqali operatsiyalar amalga oshirilishi asossiz ravishda to‘xtatib qo‘yilgan va ushbu fakt haqida fuqaroga xabar berilmagan.

Markaziy bank tomonidan iste’molchilarning huquqlarini tiklash bilan bir qatorda ularning huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan banklarga nisbatan ham javobgarlik choralari ko‘rilmoqda.

Jumladan, bank xizmatlari ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar uchun Ipoteka-bank va Agrobankdan O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunining 57-moddasiga muvofiq jarima undirildi.

Bank xizmatlari iste’molchilari o‘z huquq va qonuniy manfaatlari banklar tomonidan buzilgan taqdirda Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200-00-44 raqamli ko‘p kanalli yagona «Ishonch telefoni» orqali murojaat etishlari mumkinligi bildiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring