Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farg‘onalik tadbirkor «reket»ga uchradimi? Biznes-ombudsman devoni DXXga xat yubordi

Farg‘onalik tadbirkor «reket»ga uchradimi? Biznes-ombudsman devoni DXXga xat yubordi

Abduvohid Yoqubov.

Foto: «facebook.com»

Farg‘onalik tadbirkor o‘ziga nisbatan turli shikoyatlar uyushtirilib, korxonalarida asossiz tekshiruvlar o‘tkazilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilgandi.

Ya’nikim, u  «...2019-yilning yoz oylaridan boshlab ayrim davlat idoralari, xususan Farg‘ona viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari aralashuvi natijasida korxonalarga umuman aloqasi bo‘lmagan shaxslarni yollagan holda tuhmat arizalar uyushtirib, bir necha marotaba asossiz tekshirishlar uyushtirilgani, o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida biron-bir qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan bo‘lsa-da, qayta-qayta tekshirishlar o‘tkazilayotgani»dan jiddiy norozilik bildiradi. Buning natijasida turkiyalik investorlar bilan qiymati 30 million AQSh dollaridan ortiq investitsiya loyihasi katta so‘roq ostida qolayotganini alohida ta’kidlaydi.

Bo‘layotgan «tekshir-tekshirlar»ni o‘ziga nisbatan 2008-yilda bo‘lgan nohaqliklarning davomi sifatida ko‘rayotgan tadbirkor o‘shanda qanday sinovlarni boshdan kechirganini quyidagicha ifodalaydi: «...O‘tgan davrda ba’zi bir davlat idoralarining mansabdor shaxslari meni soxta ayblovlar bilan qamab, korxonalarimizni zo‘ravonlik bilan egallab olib, meni ozod qilish evaziga ushbu korxonalarni ularning odamlari nomiga rasmiylashtirib berishni talab qilgan davrlarni boshimizdan o‘tkazganmiz. Ammo uzoq vaqt sudlashuvlar va kurashlar natijasida korxonalarimizni qaytarib olishga erishib, aybdor shaxslar oz bo‘lsa ham jazolarini olishgan edi. Ayrimlari haligacha jazo olmagan va bugungi kunda eski ishlarini qaytadan boshlab, meni yana tuhmatlar bilan qamatishga harakatlar qilishmoqda...».

Kuni kecha tadbirkor Abduvohid Yoqubov mavjud holatlar yuzasidan turli idoralarga murojaat qilganidan  so‘ng vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarganini mamnuniyat bilan bildirdi: «Tekshirishlar va arizabozliklar to‘xtatildi, ayrim mansabdor shaxslar va tuhmat arizalar uyushtirganlarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlikka (JK ning 168-moddasiga asosan) tortish choralari ko‘rish boshlanganini ma’lum qilaman». Gapiga tasdiq sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining quyidagi xatini ilova qiladi.

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida faoliyat ko‘rsatadigan Yoqubovlar oilasi tumandagi «Qorayozbobo» chorva-naslchilik fermer xo‘jaligidan tashqari yana turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda «Albus-fiks» qo‘shma korxonasi, «Sho‘rsuvsement» MChJ, «Yaypan chigit» ShK hamda boshqa ishlab chiqarish korxonalariga egalik qilishadi. Mazkur korxonalarda sement, qurilish gipsi, g‘isht, quruq qurilish qorishmalari, shpatlevkalar, moyli va suvli bo‘yoqlar, qurilish-pardozlash va boshqa turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarilib, ichki bozorlardan tashqari va chet elga eksport qilinadi. Korxonalarda umumiy hisobda 500 nafardan ortiq qishloq aholisi ishlab kelmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring