Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yetti oyda xorijga 3,5 milliard dollarlik oltin sotildi. Asosiy xaridor qaysi davlat?

Yetti oyda xorijga 3,5 milliard dollarlik oltin sotildi. Asosiy xaridor qaysi davlat?

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston iyul oyida avvalgi besh oydagidan ko‘proq oltin sotdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan xabar berilgan.

Xabarda aytilishicha, 2019 yilning yanvaridan may oyigacha xorijga 1 milliard 200 million dollarlik oltin sotilgan edi. Iyul oyida esa sotilgan oltin miqdori 1 milliard 400 million dollar bo‘ldi.

Jami yetti oy davomida O‘zbekiston xorij davlatlariga 3 milliard 400 million dollarlik oltin sotgan.

Taqqoslash: 2018 yilning yanvaridan iyul oyigacha xorijga 1,5 milliard dollarlik oltin eksport qilingan edi.

Statistika qo‘mitasi so‘nggi besh yilda eksportda oltin hajmi 12,1 foizdan 31,8 foizga ko‘tarilganini qayd etgan.

2019 yilning birinchi choragida O‘zbekiston jahonda eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi. Bu haqda World Gold Council (Oltin bo‘yicha jahon kengashi) hisobotida ma’lum qilindi.

«Jahon oltin bozorida joriy yilning birinchi choragida 11 tonna 300 kilo oltin sotildi. Bu anchadan beri kuzatilmagan yuqori sotish darajasidir va buning asosiy sababchisi uchta mamlakatning (O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston va Tojikiston) markaziy banklaridir», – deyiladi hisobotda.

Hisobotda aytilishcha, O‘zbekiston yanvar oyidan mart oyigacha 6 tonna 200 kilo oltin sotgan. Bu ikkinchi o‘rinda kelayotgan Mo‘g‘ulistondan deyarli ikki barobar (3,4 tonna) ko‘proq. Uchinchi o‘rinni Tojikiston (1 tonna) egalladi.

Aprel oyida O‘zbekiston markaziy banki 2019 yilda xorijga 80 tonna oltin eksport qilish rejalashtirilayotganini, bu o‘tgan yilga nisbatan 10 tonna ko‘p ekanini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston MB 2019 yilda oltin narxining ko‘tarilishini va buning natijasida davlat xazinasiga 80 tonna oltindan 3 milliard 400 million dollar daromad tushishini bildirgan.

O‘zbek oltinining asosiy xaridori Shveysariyadir. Geologiya va mineral zaxiralar davlat agentligining ma’lum qilishicha, 2017 yilda O‘zbekistonda 90 tonna oltin qazib olingan edi. Bu ko‘rsatkichni yiliga 120 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda oltin zaxirasi 6 ming tonnani tashkil etadi.

Markaziy bank 2019 yilning fevral oyida mamlakat oltin-valyuta zaxirasi 27,2 milliard dollar ekanini, uning 14,57 milliard dollarini monetar oltin tashkil qilishini bildirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring